Ijtimoiy tarmoqlarda “Million” jamoasi a’zosi Umidjon Haydarovni mashinasidan niqobli odamlar tomonidan giyohvand modda topilib, “maski-shou” qilinib, qo‘llarini qayirib olib ketishayotgani aks etgan videolavha tarqaldi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: YouTube

Keyinroq videolavha Zo‘r TV kanalining “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvining navbatdagi soni ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu videolavha ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga, keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ushbu vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida ko‘rsatuv boshlovchilari Abror Baxtiyorovich hamda Sanjar Pardayev bilan uchrashdi. Ko‘rsatuv boshlovchilari vaziyatga quyidagicha munosabat bildirgan:

 1-mart — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni. Aynan shu kunga biz ham o‘z hissamizni qo‘shgimiz keldi. Sanjar bilan maslahatlashib, bu ishni qilsak, oxiri nima bo‘larkan deganimizda zo‘r bo‘ladi, shu ishning oxiri nima bo‘lishini ko‘rsatib berayapmizmi, undan keyin odamlar qo‘rqib, o‘sha ishni qilmaydi, degan fikrga kelganmiz.

Abror Baxtiyorovich, “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvi boshlovchisi

Ko‘rsatuvning yana bir boshlovchisi Sanjar Pardayev ushbu vaziyatga quyidagicha munosabat bildirdi.

Bu videoni hali ikki daqiqalik qismini chiqardik, buni nomini “tizer”, “anons” deyishadi. Bu ko‘rsatuvning vahima joyini o‘zimiz tarqatdik, bundan yurtdoshlarimiz ta’sirlanishgan. U yerda kimdir farzandini, kimdir ukasini o‘ylab ta’sirlangan bo‘lishi mumkin, ta’sirlangani yaxshi. Narkotikdan uzoq yurish kerak. Ko‘rsatuvni to‘liq holatda ko‘rishsa, hammasi oydinlashadi.

Yurtdoshlarimizda ozgina vahima paydo bo‘libdi. Vahima paydo bo‘lgani ham yaxshi, demak, biz tadbirga hissamizni qo‘sha oldik. Biz giyohvandlik mavzusida sal boshqacharoq, oddiyroq yondoshganimizda hech kim e’tibor bermasligi mumkin edi. Kadrlarni esa odamlar farzandlariga e’tiborliroq bo‘lishsin degan maqsadda tarqatganmiz. “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvining har bir sonida tarbiya bor, faqat ko‘rsatuvni yoki kanalni yomon ko‘rib emas, to‘g‘ri ma’noda ko‘rishlari kerak.

Agar shu videoni hamma ko‘rgan bo‘lsa, biz maqsadimizga erishdik. Biz giyohvandlikka qarshi kurashishga o‘z hissamizni qo‘shdik.

Sanjar Pardayev, “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvi boshlovchisi

Ma’lumot uchun, “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvi boshlovchi Ahror Qo‘shmatov chiqqan soni ham tarmoqlarda keskin tanqid qilingan edi.

От qwert.uz