Yaqinda tashkil etilgan Humo to‘lov tizimini monopol tashkilot deyishga hali erta. Mazkur yangi tizim ayni paytda rivojlanish jarayonida. Uning bozordagi ulushi yangi texnologiyalarni olib kirgani evaziga yuqorilab boryapti — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi. Bu haqda 6-mart, juma kuni, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlandi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.
Foto: “Kun.uz”
“Humo’ning raqobatchisi hisoblangan Uzcard (Yagona umumrespublika protsessing markazi) — hozircha monopol tashkilot. Mazkur tizimning ulushi hamon bozorda katta. Shu bois u haligacha o‘z mavqeini saqlab turibdi. Humo yaqinda tashkil etildi va uni monopol tashkilot deyishga hozircha erta. Ushbu yangi tizim asta-sekin rivojlanyapti va banklar ushbu plastik kartalardan foydalanishni boshladi.
Humo yangi texnologiyalarni olib kirgani bois uning ulushi ortib bormoqda. Uzcard’da amalga oshirib bo‘lmaydigan xizmatlarni Humo’da qilish mumkin. Humo’ning imkoniyatlari, xizmat turlarini ko‘rib, Uzcard ham harakatga tushib qoldi. Mana, sizga raqobatning ta’siri. Balki, raqobat muhiti shu tarzda davom etsa va o‘z mavqeini suiiste’mol qilish imkoniyati qolmaganidan so‘ng Uzcard’ni monopol tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib yuborishimiz ham mumkin”, — dedi qo‘mita raisi Najmiddin Sharipov.