Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli 15-mart kunidan boshlab ta’til e’lon qilinishi haqida ma’lumot tarqaldi. Xalq ta’limi vazirligi tarqatilgan ma’lumot noto‘g‘riligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘quvchilar o‘tgan yillarda bo‘lganidek 21-mart kunidan navbatdagi ta’tilga chiqadi. Ta’til yetti kun davom etadi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
“Ta’kidlash lozimki, Xalq ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan muntazam aloqada.
Shu bilan birga, Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi maktablarda koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilgan.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda koronavirus infeksiyasini oldini olish borasidagi tavsiyalarini posterlar shaklida chop etdi va ular maktablarga tarqatildi.
Xalq ta’limi vazirligi zaruriyat tug‘ilganda vaziyat rivojlanishi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilib boradi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi 3-mart kuni O‘zbekistonda koronavirus tarqalgani haqidagi xabarlarni rad etib, 4-martdan aholini ushbu yuqumli kasallikdan himoyalanishga undovchi SMS xabarlar yubora boshladi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistondagi OTMlar va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida profilaktik chora va nazoratni kuchaytirish, tegishli sanitariya tadbirlarini amalga oshirish orqali murabbiy va talaba-o‘quvchilar salomatligini muhofaza qilish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda qo‘shma qaror qabul qildi. Hujjat bilan koronavirus xavfi sabab O‘zbekistondagi o‘qituvchi va talabalarning xorijga chiqishi chegaralandi.
Avvalroq o‘tgan bir sutka ichida Xitoydan tashqarida 2,1 ming kishi koronavirus yuqtirib olgani haqida xabar berilgan edi.