O‘zbekiston hukumati 5-mart kuni tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazolarni ijro etish muassasalarining faoliyati samaradorligini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Adliya vazirligidan ma’lum qilishlaricha, hukumatning ushbu qarori bilan Ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazolarni ijro etish muassasalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Nizomga muvofiq, jazoni ijro etish muassasalariga quyidagilar kiradi:
- jazoni ijro etish koloniyalari, shu jumladan, davolash huquqi asosidagi;
- tarbiya koloniyalari;
- turmalar;
- mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonalar.
Ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazolarni ijro etish muassasalaridan 50 metr masofada ma’muriy, maishiy, xo‘jalik bino va inshootlari qurilishi uchun yer uchastkalari ajratilishiga, ular ijaraga berilishiga, shuningdek, balandligi 6 metrdan yuqori bo‘lgan bino va inshootlar qurilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, qaror bilan 2020—2024-yillarda jazoni ijro etish koloniyalarining yashash yotoqxonalarini kubrik tipidagi xonalarga o‘tkazgan holda ularni bosqichma-bosqich qurish va rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlangan. Mazkur dasturga ko‘ra, belgilangan yillarda 14 ta jazoni ijro etish koloniyasining jami 60 ta yashash yotoqxonalari kubrik tipidagi xonalarga o‘zgartirish yo‘li bilan rekonstruksiya qilinadi. 3 ta yangi bino quriladi.
Bundan tashqari, 2020-yilda ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazolarni ijro etish muassasalarini videokuzatuv moslamalari va shaxsiy videoregistratorlar (bodi-kameralar) bilan jihozlash hamda Probatsiya xizmati amaliyotiga elektron brasletlarni tatbiq etish dasturi tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, 18 ta jazoni ijro etish koloniyalarida 1 833 dona videokuzatuv moslamasi va 36 komplekt shaxsiy videoregistratorlar (bodi-kameralar) o‘rnatiladi. Shuningdek, Probatsiya xizmati amaliyotiga 2020-yilda 3 ming dona elektron braslet tatbiq etiladi.
Ichki ishlar vazirligi obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, zamonaviy texnik qo‘riqlash vositalari va videokuzatuv moslamalarini xarid qilish bo‘yicha buyurtmachi hisoblanadi.