O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 6-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda mahkama binosi oldida go‘yoki bir guruh ayollar “isyon qilgani”ga oid xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ma’lum bo‘lishicha, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev 5-mart kuni videokonferensiya aloqa orqali 19 nafar fuqaroni qabul qilgan. Shunga qaramay, 6-mart kuni G.Karimbekova, X.Ergasheva, G.Xo‘jaxonova, D.Do‘ltayeva va boshqa bir guruh ayollar Bosh prokuratura binosiga kirib, janjal uyushtirib, bosh prokuror qabul qilishini so‘ragan.

“Bosh prokuror xizmat safarida bo‘lganligi sababli ushbu fuqarolar bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Abduhalim Xolmahmatov tomonidan qabul qilingan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Alohida ta’kidlanishicha, G.Karimbekova, D.Do‘ltayeva va boshqa bir guruh fuqarolar 4-mart kuni ham Vazirlar Mahkamasining qabulxonasida janjal uyushtirganligi uchun bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari tomonidan shaxsan qabul qilingan edi.

Bosh prokuraturaning alohida qayd etishicha, bu fuqarolar bosh prokuror va uning o‘rinbosarlari qabulida bir necha bor bo‘lgan, murojaatlari belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan va yozma javob xatlari berilgan.

“Mazkur fuqarolar Bosh prokuratura, Senat, Vazirlar Mahkamasi va boshqa idoralarda doimiy ravishda tartibsizliklar uyushtirib, noqonuniy talablari bilan e’tiborni o‘zlariga jalb qilib kelishmoqda”, — deya qo‘shimcha qilingan rasmiy axborotda.

От qwert.uz