Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida qo‘shnisini o‘zi yashab turgan uydan baland imorat qurgani uchun pichoqlab o‘ldirgan fuqaro 19 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Daryo”ga jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudi sudyasi Farrux Tursunov ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Qorako‘l tumani “Eski-qal’a” mahallasida yashovchi fuqaro I.X. 2017-yil iyul oyida eski uyini buzib, yangi imorat qurgan. Imoratini qo‘shnisi O‘.E.ning yashab kelayotgan uyidan baland qilib qurgani bois, qo‘shnisi e’tiroz bildirgan. Oilalar o‘rtasidagi kelishmovchilik janjalga aylangan.

Mojaro tuman IIB profilaktika inspektori tomonidan ko‘rib chiqilgan va ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-modda (haqorat qilish) va 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Sud ishni ko‘rib chiqib, qo‘shnilarni ogohlantirgan va yarashtirgan.

Biroq, I.X. va O‘.E. o‘rtasidagi nizo kun sayin yomonlashgan. 2019-yil 16-sentabr kuni I.X. qo‘shnisi O‘.E.ning turmush o‘rtog‘i arazlab ketganini aytib, “Qo‘lingdan nima ish keldi, o‘zingni os”, deb masxara qilgan. Bundan g‘azablangan O‘.E. yashash uyidan olib chiqqan oshxona pichog‘i va qo‘lbola tayyorlangan tig‘li quroli bilan I.X.ning qorin, bo‘yin, old ko‘krak sohasiga, qorin bo‘shlig‘iga zarba bergan.

O‘.E.ning qotilligiga I.X.ning aqli zaif ukasi ham beixtiyor ko‘maklashgan. O‘.E. esa I.X.ni bo‘g‘izlashda  davom etgan. Holatni ko‘rgan qo‘shnilar  I.X. yordamga shoshganda, O‘.E. ularni ham qo‘lidagi pichoq bilan qo‘rqitib, “yaqinlashma, so‘yaman”, degan. I.X. o‘ta og‘ir tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.

O‘.E. qo‘shnisini o‘ldirib, jasadini qabriston tomon olib qochib ketgan va qo‘lidagi oshxona pichog‘ini ariqqa tashlab yuborgan.

Mazkur ishni ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi O‘.E.ni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “j”, “l”, “p” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik oqibatida o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan ayblagan va unga 19 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llagan.

Qotilga ko‘maklashgan aqli zaif uka esa majburiy davolanadigan bo‘ldi.

От qwert.uz