Andijon viloyati Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari — Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Ma’mura Sotvoldiyeva tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Akmal Yo‘ldoshevni tilga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqoratladi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur audioyozuvdagi asl holatni o‘rganish uchun “Daryo” muxbiri Marhamatda bo‘ldi.
O‘ng tomonda Ma’mura Sotvoldiyeva
Foto: “Daryo”
Hokim o‘rinbosari hamda madaniyat bo‘limi boshlig‘i o‘rtasidagi muloqotda Ma’mura Sotvoldiyeva bo‘lib o‘tgan tadbirga ishora qilib, “Qo‘lingdan kelmasa aytmaysanmi? Meni sharmanda qilding. Viloyat hokimining oldida tuman hokimini sharmanda qilding”, deya tanbeh beradi. Shuningdek, Akmal Yo‘ldoshevni “Bugun ishdan bo‘shatmasam, odammasman”, deb ogohlantiradi.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Akmal Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, bir guruh ishsiz yoshlarga dehqonchilik uchun Marhamat tumanining Polvontosh qishlog‘i adirliklaridan yer ajratishga qaror qilingan va 2020-yil 10-mart kuni tadbirning ochilish marosimi o‘tishi lozim bo‘lgan. Tuman madaniyat bo‘limi xodimlari o‘sha tadbirda bo‘lgani bois, viloyat hokimi ishtirokidagi tadbirga kechikib kelgan. Oqibatda tadbir ovoz kuchaytirgichsiz o‘tgan.
Chap tomonda Akmal Yo‘ldoshev
Foto: “Daryo”
“10-martdagi tadbir uchun bo‘limga qarashli bir dona ovoz kuchaytirgich manzilga yetkazildi. Biroq kutilgan mehmon kelmagani sababli tadbir 11-martga qoldirildi. Ayni shu kuni tuman markazidagi yangi ishlab chiqarish sexlari ham ochilishi kerak edi. Shu sabab apparat adirdan sexga qaytarib olib kelindi. Tan olish kerak, bolalar aytilgan joyga belgilangan vaqtdan biroz kechikib kelishdi. Kimgadir o‘chakishib, atay qilmadik. O‘zi tashkilotimiz balansida bitta ovoz ko‘chaytirgich bor, xolos. U ham almisoqdan qolgan, ta’mirtalab. Ustiga-ustak xizmat mashinamiz yo‘q. Apparatlarni tadbirlarga ko‘chadan taksi yollab yetkazib boramiz”, — deydi Akmal Yo‘ldoshev.
Akmal Yo‘ldoshevning aytishicha, hokim o‘rinbosari ayol kishi bo‘la turib, haqoratomuz so‘z aytgani uchun nafsoniyatiga tekkan. Erkak kishi sifatida buni hazm qilolmagan.
“Men ham insonman. Vaziyatni tushunaman. Lekin hokim o‘rinbosarining tashkilotimdagi sharoitni bila turib, kamiga nafsoniyatimga tekkanligini hazm qilolmadim. O‘z o‘rnida men ham “salomga yarasha alik” qaytardim. Xizmatini qilib, ham qo‘shimchasiga so‘kish eshitish har qanday ko‘ngilga og‘ir botadi”, — deydi Akmal Yo‘ldoshev.
Tuman madaniyat bo‘limi
Foto: “Daryo”
O‘sha kungi voqealar guvohi, Markaz rejissori Xolmamatbek Yangiboyevning ma’lumot berishicha, ishlab chiqarish sexining ochilishiga 10-15 daqiqaga kech qolingan. Taksi topilmaganligi sabab shu holat yuz bergan.
“10-mart kuni Polvontoshdagi tadbir keyingi kunga qoldirilgach, apparatlarni o‘sha yerda qoldirdik. Sababi markazdan u yergacha salkam 15 kilometrli yo‘l. U yoqdan, buyoqqa tashish uchun tashkilotning mashinasi yo‘q. Haydovchiga o‘zimizning hisobimizdan pul to‘laymiz. Ochilish marosimi haqida esa juda kech eshitdik. Oraliq masofa uzoqligi sababli aytilgan vaqtdan 10-15 daqiqa kech qoldik. Kelganimizda viloyatdan mehmonlar bor edi. Avvaliga ovoz kuchaytigichni ulashga ruxsat berishmadi. Shunda hokimdan so‘rasak, tezlik bilan o‘rnatishimiz zarurligini aytdi. Undan so‘ng tadbirni chiroyli o‘tkazdik. Tugashi bilan hokim apparatlarni o‘zi mashinaga yuklatib, adirlikka jo‘natib yubordi. O‘sha kuni hammasi yaxshi o‘tdi. Tushlikka yaqin opa boshlig‘imizga telefon qilib, hammaning oldida so‘kdi. O‘sh yerda edim. To‘g‘risi, arzimagan oylikka ishini qilib, so‘kishini eshitish odamning nafsoniyatiga tegadi-da. Aytingchi, bitta apparat bilan bir vaqtning o‘zida qaysi tadbirga ulgurishimiz mumkin?”, — deydi Xolmamatbek Yangiboyev.
Foto: “Daryo”
Madaniyat markazining yana bir rejissori Nurxon Yakubova so‘nggi to‘rt yil ichida tumanda madaniyat sohasiga deyarli e’tibor qaratilmaganini bildirdi. Uning aytishicha, xodimlar hokimning “apparatchi”siga aylanib qolgan.
“Mana bir necha yildirki, rejissor sifatida ishlayman. Avvalari hokimiyat vakillari bizni hurmat qilishardi, tumandagi tadbirlarning hech biri bizsiz o‘tmasdi. Har safar bayramlarga alohida tayyorgarlik ko‘rardik. Shu sababli tashqaridan san’atkor olib kelinmasdi. Kelganlari ham bizning dasturimiz tugashini kutardi. Hamjihatlikda ishlardik. Lekin oxirgi to‘rt yil mobaynida hokimiyat vakillari bizni deyarli odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Bayramlarda sahnaga hokimning o‘rinbosarlariga yoqqanlar chiqadi. Yoqmaganlarga umuman yo‘l yo‘q”, — deydi Nurxon Yakubova.
Nurxon Yakubova
Foto: “Daryo”
Markaz ovoz rejissori Mardon Alimovning aytishicha, tumanda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda hokimiyat vakillarining aralashuvi sababli ssenariylarga amal qilinmay qo‘yilgan. Shu sababli ham ayrim xodimlar sahnaga chiqishdan ko‘ngli sovugan.
“Men o‘zim qo‘shiq aytaman. Navro‘z, Mustaqillik va boshqa bayramlarga alohida tayyorgarlik ko‘raman, jamoa bilan maslahatlashib yangi qo‘shiqlar yozamiz. Qimmat bo‘lsa ham kiyim tiktiramiz. Lekin tadbirlarning o‘rtasida kimdir qo‘shiq aytib turgan bo‘lsa ham to‘xtatib, Toshkentdan yoki viloyatdan kelgan san’atkorlarga navbat berishadi. Buni qanday tushunishimiz kerak? Hurmatsizlikmi yoki mensimaslik? O‘zimda ikki marta shunaqa hodisa bo‘lgandan keyin umuman sahnaga chiqishga ko‘nglim sovugan”, — deydi Mardon Alimov.
Markaz mutaxassisi Salimjon Ahmedovning aytishiga qaraganda, oxirgi yillarda bo‘limda rahbarlar qo‘nimsizligi mavjud. Agarda bo‘lim boshlig‘i ishdan ketsa, barcha xodimlar ham ish tashlashi mumkin.
Foto: “Daryo”
“So‘nggi yillar mobaynida bo‘limda uchta rahbar almashdi. Hech boshliqqa yolchimadik. Mana bir yildan oshiq vaqt o‘tibdiki, Akmaljon bizga rahbarlik qilmoqda. Binosiz bo‘lsak ham nolimaymiz, qisqa muddat ichida jamoadagi birdamlik yanada kuchaydi. Agarda rahbarimizni shu voqea sabab ishdan olishsa, biz ham arizamizni yozib, ishdan ketishga qaror qilib turibmiz. Hokimiyatning aytganini qilmasa yoki kechikib kelganiga ishdan haydayverishsa, bunaqa bo‘limning boridan yo‘g‘i yaxshiroq. Birovni koyishdan oldin yetarli sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishsin. Keyin bajarmagan ishimizni talab qilishni bilishsin”, — deydi Salimjon Ahmedov.
Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari — Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Ma’mura Sotvoldiyeva madaniyat bo‘limi boshlig‘ini qo‘rqitish uchun “seni ishdan bo‘shattiraman” deganini tan oldi.
Foto: “Daryo”
“Viloyat hokimi tashabbusi bilan mart-aprel oylarida 1200 ga yaqin xotin-qizlarning bandligini ta’minlash imkoni bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish rejalashtirilgandi. “Marhamat baraka chevarlari” korxonasi ularning birinchisi edi. Ishlab chiqarish sexining ochilish marosimiga ovoz kuchaytirgich moslamasi olib kelish madaniyat bo‘limi boshlig‘i zimmasiga yuklatilgandi. Ammo apparaturaning vaqtida kelmagani sabab tadbir bir soatga kechikdi. To‘g‘risi, viloyatdan kelgan mehmonlar oldida xijolatda qoldik. Men ham gap eshitdim. Shu sabab jahl ustida Akmalga qattiq tanbeh berdim, bu ishda bo‘ladigan holat. Haqoratomuz so‘zlarni gapirmadim, ammo seni ishdan bo‘shataman, degan joyim bor”, — deydi hokim o‘rinbosari.
Foto: “Daryo”
Andijon viloyat hokimligining xabar berishicha, viloyat hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Manzura Yunusova hamda viloyat Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Marhabo Sattorova 13-mart kuni mazkur holatni o‘rganib chiqqan. Ularning aytishicha, har ikkala tomon qilgan ishidan afsuslanib, pushaymon ekanligini ta’kidlagan va bir-birlaridan uzr so‘ragan. Do‘stona kelishuvga erishilgan.
Voqea yuzasidan Marhamat tuman hokimining farmoyishiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasi 1-bandi bilan Ma’muraxon Sotvoldievaga tuman tashkiloti rahbariga nisbatan muomala madaniyatiga rioya etmaganligi uchun hayfsan intizomiy jazosi berilgan.Muallif:Otabek Qo‘ldoshev