“Daryo” ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qolayotgan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. “Soyadagi odamlar” loyihasining bu galgi qahramoni – o‘n yildan buyon go‘zallik salonida ishlayotgan qiz.
Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Asli vohaning eng chekka qishlog‘idanman. Ismim Husnora. Yaqinda 29 yoshga kiraman. Hali oila qurmaganman. Kasbimga kelsak, o‘n yildan beri pardozchilik bilan shug‘ullanaman. O‘zimning shaxsiy go‘zallik salonim bor.
Foto: “Unsplash.com”
Oilada besh qizmiz. Men eng kenjasiman. Opam tumanimizdagi salonda pardozchi bo‘lib ishlardi. Meni bu sohaga aynan u qiziqtirgan. Adashmasam, o‘shanda 10-sinfda o‘qirdim. Opam “kel, pardoz qilishni o‘rgataman, ertaga boshqa sohadan ketgan taqdiringda ham buning senga ziyoni tegmaydi”, deb aytgan. Ochig‘i, bolaligimdan yasanib, o‘zimga qarab yurishni yaxshi ko‘rganim uchun jon deb rozi bo‘lganman.
“Salonchi”lik men uchun shunchaki hobbi, asl niyatim — shifokor bo‘lish odamlarni dardiga davo bo‘lish edi. Maktabni bitirib, tibbiyot universitetiga o‘qishga topshirdim. Lekin rejalarim o‘xshamadi. Keyin turli xil kurslarga borib, shu hunarni astoydil o‘rganishni boshladim. Tumanimizdagi bir nechta go‘zallik salonlarida ishladim.
Bilasizmi, hayotimizda bo‘layotgan har bir narsa xoh yaxshi bo‘lsin, xoh yomon bizga ta’sir qilmay qolmas ekan. Batafsil aytib beradigan bo‘lsam, men ishlaydigan salonning rahbari Gulasal opa bilan opa-singildek edik. Har doim birga ovqatlanardik, dardimizni, quvonchimizni bo‘lishardik. Mijozlarim ko‘p, topish-tutishim zo‘r, hayotimda hammasi joyida edi.
Foto: “Unsplash.com”
Bir kuni rahbarimiz salonga yangi ishchi oldi. Ko‘nglim sezdimi, bilmayman, uning o‘zini tutishi, yurish-turishi yoqmadi. Qandaydir yengiltabiat ayolga o‘xshardi. Ishimgami yoki opa bilan juda yaqinligimizga hasad qildimi, bilmayman, meni yo‘qotish uchun tuhmat qildi.
Odatda hammaning qulflanadigan shkaflari bor. U shampunini stol ustida qoldirib ketgan. Kechga yaqin rahbarimiz bilan o‘tirganda bilmay mijozning shampuni qolib ketibdi, shekilli, deb shkafimga solib qo‘ydim. Ertalab kelsam, hamma menga boshqacha qarayapti. Salomlashmasimdan haligi opa “mana shu o‘g‘ri, shu shampunlarimni o‘g‘rilagan” deb menga tashlanib ketdi. Nima bo‘layotganini anglolmay qoldim. Bilishimcha, ertalab shampun joyida bo‘lmagan. Kimdir olib qo‘ygan. Oxirida qolganim uchun mendan gumon qilishgan.
Salon rahbarining oldiga borib, “meni axir uch yildan beri bilasiz, yoningizda yuraman”, deb xafa bo‘ldim. Opa esa “endi men bilmadim” deb turaverdi. Ko‘nglim qattiq og‘ridi. Meni shuncha yildan beri bilgan hamkasblarim kecha kelgan ayolning gapiga ishonib, meni o‘g‘ri qilishdi. Oralarida menga joy yo‘qligini, rahbarga meni salondan haydab yuborish kerakligini aytishdi. Gulasal opa o‘g‘rilik qilganimni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagani uchun haydolmasligini aytdi. “Sizlarga ham, menga ham Xudo bor. Opa haydamagunicha, salondan ketmayman”, deb indamay ishimni qilaverdim.
Foto: “Unsplash.com”
“Birovga choh qazisang, unga o‘zing tushasan”, deyishganidek vaqt o‘tib, ayolning hamma kirdikorlarni fosh bo‘ldi. Salondan militsiya yordamida sharmandalarcha chiqarib yuborildi.
Biroq rahbarimiz bilan oramiz ham buzilgan edi. U salonda ko‘p ishlolmadim. Ishonasizmi, ishdan bo‘shayotganimni aytganimda, hamkasblarim shunday xursand bo‘lishdi. Buni o‘zini tutishi va ko‘ziga qarab bilib olish qiyin emas edi.
Ko‘nglim og‘ridi. Odatda biron narsadan xafa bo‘lsam, xatoni o‘zimdan qidiraman. Ularga nima qilgandim, qachon diliga ozor bergandim? Meni bunchalik yomon ko‘rishlariga asos nima?, deb ko‘p o‘yladim.
Tushundimki, odamlarni sizni yomon ko‘rishi uchun har doim ham qandaydir sabab bo‘lishi shart emas ekan. Xullas, Xudoga tavakkal qilib ishdan ketdim.
Foto: “Unsplash.com”
O‘z biznesimni yo‘lga qo‘ydim
Bir yarim yil oldin mablag‘larim hisobiga va bankdan kredit olib, shaxsiy go‘zallik salonimni ochdim. To‘g‘ri, boshida moddiy tarafdan juda ko‘p qiynaldim. Yig‘lagan kunlarim ko‘p bo‘ldi. Lekin hozir hammasi o‘z o‘rniga tushib ketdi. Qarzlarimni uzdim.
Ayni paytda salonda beshta qiz ishlaydi. Ijara puli va soliq harajatlaridan ortib, yo‘q deganda, bir oyda 5 million so‘mga yaqin daromad qilaman.
Foto: “Unsplash.com”
Salonda ishlaydigan ayollar yengiltak bo‘ladimi?
Aytingchi, bunaqa insonlar qaysi sohada yo‘q? Doktorlarda yo‘qmi yoki o‘qituvchilar, chevarlar orasida yo‘qmi? Hammasida bor. Faqat “salonchi”larni aybi o‘ziga qarab chiroyli bo‘lib yurganida. Shuning uchun ham ularniki oshkor bo‘lib qoladi.
Bir kunda salonga nechta ayol kelib ketadi. Dardi, muammolari, eri haqida aytib berib o‘tiradi. Shunaqa gaplarni gapirishadiki, eshitib xulosa qilaveramiz.
Boshqa tarafdan olib qaraganda ayollar o‘ziga qarab, chiroyli bo‘lib yurishi kerak. Qo‘pol qilib aytganda erining “yurib ketishi”ga ham ayolning o‘zi sababchi bo‘ladi. Salonga kelgan ayollarning aksariyati eri o‘zgarganini, birovga ilakishib qolganini gapiradi. Aybni o‘zidan izlashi kerakligini anglamaydi. Har qanday erkak yonida chiroyli ayoli bo‘lishini xohlaydi. Shuning uchun ayol ming band bo‘lgan taqdirda ham o‘zi uchun fursat topishi kerak.
Foto: “Unsplash.com”
Shaxsiy hayotimga hunarimni ta’siri bo‘lmagan
Shu yoshgacha turmushga chiqmaganligimga salonda ishlashim sabab bo‘lmagan. Shunchaki hali erga tegmagan opam borligi uchun menga “oq bayroq” tegishini kutganman. Men yashayotgan qishloqning udumlariga ko‘ra, singil opasidan oldin turmushga chiqmaydi. Opamning to‘yidan keyin men ham sevganimga unashtirildim. Xudo xohlasa, yaqinda to‘yim bo‘ladi.
Foto: “Unsplash.com”
Meni “men” qilganlarga rahmat!
Yoshligimning eng shirin damlari shu kasb bilan o‘tdi. Butun umrimni sarfladim, biroq bundan sira afsuslanmayman.
Hayotda anglaganim — inson yaxshilarni qadrlashi uchun yomonlarga ro‘baro‘ bo‘lishi kerak ekan.
Dushmanlarim sabab yaxshini yomondan ajratishni, hayotingizda bo‘lgan har qanday mushkulot faqat yaxshilikkaligini tushundim. O‘sha paytlari yosh bo‘lganimgami, ulardan qancha xafa bo‘lganman. Tushkunlikka tushib qolganman, lekin bugun ularga rahmat deyman. Agar qiyinchiliklar, yomon insonlar, ularning turtkisi bo‘lmaganida men shu darajaga yetmasdim.
Bugun hayotimdan juda mamnunman. Ota-onam, oilam sog‘-salomat. Yaqinda o‘zim yoqtirgan insonimga turmushga chiqaman. Shaxsiy biznesim bor. Bir qishloq qizi uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak!
Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.