O‘zbekistonda eski namunadagi 25 so‘m va undan kichik bo‘lgan tanga va banknotlar 1-martdan boshlab muomaladan chiqarilishi xabar berilgan edi. Markaziy bank buning sababi yuzasidan ko‘plab murojaatlar bo‘layotgani sababli mutaxassis izohini taqdim etdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Qayd etilishicha, ushbu o‘zgarish naqd pullarning nominal qatorini optimallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Butun dunyoda amal qilinadigan muomaladagi pul belgilarining nominal qatorini belgilash nazariyasiga ko‘ra, eng kichik nominaldagi pul belgisi (asosan, tanga ko‘rinishida) o‘rtacha kunlik ish haqining 1/1000 qismini tashkil etishi lozim.

Mazkur hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda bu nisbat 85,2 ni tashkil etadi (Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yil yakunida o‘rtacha oylik hisoblangan ish haqi — 2 324,5 ming so‘m, daromad solig‘i chegirilganda — 2 045,6 ming so‘m). Shunga ko‘ra, respublikada naqd puldagi hisob-kitoblar uchun eng kichik nominaldagi pul belgisining 50 so‘mlik tanga bo‘lib qolishi yuqoridagi nazariyaga asoslangan.

Bundan tashqari, 1994—2001-yillarda muomalaga kiritilgan 25 so‘mlik va undan kichik nominaldagi tangalar hamda banknotlar mamlakatdagi iqtisodiy jarayonlar, narxlar o‘zgarishi kabi omillar ta’sirida tabiiy ravishda muomaladan chiqib ketgan bo‘lib, bugungi kunda naqd puldagi to‘lovlarda ulardan umuman foydalanilmayapti.

Ushbu nominal qiymatdagi pul belgilariga talab bo‘lmaganligi sababli 2006-yildan buyon Markaziy bank ham bunday qiymatdagi tangalar zarb qilinmayapti va banknotlar bosib chiqarmayapti.

Shu sababli 25 so‘m va undan kichik qiymatdagi eski namunadagi tangalar va banknotlar 2020-yil 1-martdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi va ularni ayirboshlash muddati 2021-yil 1-yanvargacha etib belgilangan.

Bunday holatda aholi tomonidan xarid qilingan tovarlar uchun to‘lovlar naqd pul shaklida amalga oshirilganda tovarlar umumiy qiymatini 50 so‘mga yaxlitlagan holda hisob-kitob qilinishi tavsiya etiladi.

Masalan, bugungi kunda aholi foydalanayotgan tabiiy gaz narxi 1 metr kub – 380 so‘m, elektr energiyasi narxi 1kVt/soat – 295 so‘m bo‘lib, fuqaro 212 metr kub tabiiy gaz va 115 kVt/soat elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirmoqchi.

Bunda tabiiy gaz uchun – 80 560 so‘m, elektr energiyasi uchun – 33 925 so‘m to‘lanishi lozim bo‘lgani holda to‘lovni naqd shaklda amalga oshirmoqchi bo‘lgan fuqaro bank to‘lov hujjatini tabiiy gaz bo‘yicha 80 550 so‘mga, elektr energiyasi bo‘yicha 33 950 so‘mga rasmiylashtirishi mumkin.

Yaxlitlash naqd pulsiz va bank kartalari orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga tatbiq etilmaydi.

Ma’lumot uchun, 2019-yilning 1-iyulidan 50 so‘mlik va 100 so‘mlik banknotlar muomaladan chiqarildi. 2020-yilning 1-iyulidan boshlab 200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotadi.

От qwert.uz