Fevral oyining oxirida O‘zbekiston chegara qo‘shinlarining daryo chegaralarini himoya qilish bo‘linmalari Turkmaniston va Afg‘oniston chegaralari o‘rtasida joylashgan hududda taktik mashg‘ulotlar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Tukmenistana”

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘quv mashg‘ulotlarida O‘zbekiston tomonidan Ukrainada ishlab chiqarilgan “Jayhun” va “Sayhun” nomli ikkita zamonaviy suv bronekateri harakatga keltirilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.  Katerlar kuchli motorga ega bo‘lib, yirik kalibrli pulemyotlar bilan jihozlangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu hududni qo‘riqlovchi turkman chegarachilari mashg‘ulotlardan bexabar bo‘lgani sabab ularni ushlash uchun daryo flotiliya politsiyasining ikkita transport katerida Kelif qishlog‘ida joylashgan bo‘linmaning 20 ga yaqin askarini yuborgan. Har bir qayiqda Kalashnikov avtomati bilan qurollangan to‘qqiz nafar chegarachi bo‘lgani aytilmoqda. Aksariyat avtomatlarning magazinida patron bo‘lmagan.

Harbiy xizmatchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, chegarachilar mashg‘ulot haqida ogohlantirilmagani uchun vaziyatga tayyor bo‘lmagan.

“Balki, qo‘shnilar Ashxoboddagi qo‘mondonligimizni ogohlantirgandir, lekin biz bexabar edik. Shu sabab chegarada xorij harbiylariga tegishli katerlarning qo‘qqisdan paydo bo‘lishiga javob qaytarish maqsadida qo‘lga ilingan narsadan foydalandik”, — deydi harbiy xizmatchilardan biri.

Ikki davlat harbiylarining to‘qnashuvi otishmalarsiz bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmaniston sotib olgan barcha zamonaviy katerlar Kaspiy dengizida joylashgan.

От qwert.uz