Bugun Quyosh tizimidagi yana bir sayyora – Uran kashf qilingan kun. Sana tarixi va qiziqarli faktlar haqida “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov ma’lumot beradi.

Qadim zamonlarda odamlar osmonda faqat 5 ta sayyora bor deb bilgan. Bular Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturn sayyoralari edi. Chunki ularni tungi osmonda qurollanmagan ko‘z bilan ham (ya’ni teleskopsiz) ko‘rsa bo‘ladi. Shu sababli sayyoralarning munajjimlar lug‘ati orqali bizga yetib kelgan sharqona – Mushtariy, Zuhro, Mirrix, Zuhal hamda Utorud kabi nomlari mavjud  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Foto: Google Photos

Hisob bo‘yicha eng olis sayyora Saturn bo‘lgan. Undan narida ham Quyosh sistemasining yana yirik sayyoralari mavjud bo‘lishi ehtimoli esa ko‘pchilikning xayoliga ham kelmagan. Biroq 1610-yildan e’tiboran Galiley o‘zi yasagan teleskopda tungi osmonni kuzatar ekan, odamzod ko‘zidan panada bo‘lgan, oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan obyektlar ham kashf etila boshlandi. 1610-yilning o‘zida Galiley Yupiterning to‘rtta eng yirik tabiiy yo‘ldoshini ochgan edi.

Uning bu muvaffaqiyati katta va kichik rasadxonalarda yangidan yangi kuzatuv kompaniyalarining boshlanishiga asos bo‘ldi. Keyingi yillarda olimlar boshqa yo‘ldoshlarni, xususan, Saturnning yo‘ldoshlarini aniqladi. Lekin Saturndan narida butun boshli yirik sayyoraga duch kelinishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

Dastavval 1690-yilda Jon Felmstid ismli astronom Buzoq yulduz turkumi fonida Uranni naq olti marta kuzatdi. Biroq uning xayoliga bu obyekt, aslida, Quyosh tizimiga tegishli sayyora ekani haqidagi fikr mutlaqo kelmadi. U buni ham shunchaki Buzoq yulduz turkumidagi yulduzlardan biri deb qayd etib qo‘yaverdi. Chunki uning teleskopi ancha zaif bo‘lib, sayyorani aniq va tiniq ko‘rish imkonini bermadi, shuning uchun teleskopda uni boshqa yulduzlardan farqlash imkoni bo‘lmadi.

Keyinchalik 1750–1769-yillar orasida farang astronomi Sharl le Monyer ham Uranni 12 marotaba ko‘rdi. Biroq u ham bu obyektni yulduz deb qabul qildi. Chunki teleskop mukammal emas edi. Kuzatilayotgan obyekt katta sayyora ekani aniqlangunicha, u turli astronomlarning kuzatishlarida kamida 21 marta namoyon bo‘ldi. Ammo har safar uni yulduz deb o‘ylab, e’tibor berilmadi.

Foto: Google Photos

Kelib chiqishi nemis bo‘lgan ingliz astronomi Uilyam Gershel Britaniyaning Bat shahridagi o‘z uyi hovlisidagi bog‘da o‘zi loyihalab yasagan teleskopida kuzatishlar olib bordi. U o‘sha paytda yulduzlar parallaksini aniqlash borasidagi tajribalarda ishtirok etayotgan edi. 1781-yilning 13-mart kuni tunda Uilyam Gershel birinchi marta Uran sayyorasini ko‘rib qoldi.

Uning qaydlarida bu sanada Uran hali sayyora sifatida emas, balki “notanish kometa” sifatida qayd etilgan. Gershel ham avvaliga Uranni biror kometa deb o‘yladi. Biroq keyingi kunlardagi kuzatishlarga qarab, Gershel bu obyekt kometa emasligini payqadi. Chunki u osmonda yulduzlar fonida xuddi sayyoralar singari harakat qilayotgan edi! Gershel o‘z teleskopining linzasini optik kuchi kattarog‘iga almashtirib, uni yanada sinchiklab kuzatishni davom ettirdi.

Natijada unga namoyon bo‘lgan osmon jismi yulduz ham, kometa ham emas, balki sayyora ekaniga amin bo‘ldi. Chunki u yulduzlardan farqli ravishda bir maromda harakatlanib, ekliptika tekisligi bo‘ylab joyini o‘zgartirayotgan edi. Qolaversa, kometa deyish uchun uning “dumi” va “kallasi” bo‘lishi lozim edi. Vaholanki, Gershel kuzatayotgan bu obyektda “dum” ham, “kalla” ham yo‘qligini teleskop ravshan ko‘rsatib turgandi. Shunda Gershel Quyosh tizimidagi ilgari noma’lum bo‘lgan sayyorani ko‘rib turganini fahmlab qoldi!

Bu odamlarning Quyosh tizimi haqidagi tasavvurlarini o‘zgartirib yuborgan olamshumul kashfiyot edi. Demak, osmonda biz bilmagan sayyoralar ham bo‘lishi mumkinligi, ilmiy kuzatuvlar orqali ularni kashf qilish kerakligi haqidagi fikrlar jamiyat oldidagi ilm-fanning obro‘sini oshirib yubordi.

Gershel Uranni 13-mart kuni kashf qilgan bo‘lsa-da, ommaga e’lon qilishga shoshilmadi. U olimlarga xos mulohazakorlik bilan o‘z kuzatuvlarini qayta-qayta sinchiklab tekshirdi va xato qilmayotganiga amin bo‘lgach, o‘sha yilning 26-may sanasida Qirollik jamiyatida axborot berdi. Uning axborotida sayyoraning koordinatlari va boshqa astronomlarning kuzatishlari orqali tasdiqlangan parametrlari ilova qilingan edi.

Foto: Google Photos

Olamshumul kashfiyot butun Yevropa ilmiy doiralarida furor ko‘tardi. Angliya qiroli Georg III tomonidan Gershel tantanali qabul qilindi va unga umrbod 200 funt-sterling miqdoridagi oylik maosh tayinlandi. Bunga javoban astronom olim mazkur yangi ochilgan sayyoraga “Qirol Georg III sayyorasi” nomini berishni taklif qildi. Fransiyalik astronom Laland esa sayyorani uni kashf qilgan olim sharafiga “Gershel sayyorasi” deb atash fikrini ilgari surdi.

Biroq biz bilgan sayyoralarning barchasining nomi (Yerdan tashqari) qadimgi Rim afsonalaridagi qahramonlar nomi bilan ataladi va agar Gershel kashf qilgan sayyoraga qirol yoki Gershelning nomi berilganda yuqoridagi qoida buzilgan bo‘lar edi. Shu sababli nemis astronomi Iogann Bode hissiyotga berilmaslikni va yangi sayyoraga ham taomilga ko‘ra Rim yoki yunon mifologiyasidan kelib chiqib nom berish fikrini o‘rtaga tashladi.

Yunon mifologiyasida Saturn Yupiterning otasi sifatida gavdalanadi. Shu mantiqqa binoan Bode yangi sayyorani mifologiyadagi Saturnning otasi bo‘lmish Uran nomiga atashni taklif qildi. Astronomlar o‘zaro yozishmalarda yangi sayyorani Uran deb nomlashni deyarli o‘sha paytdanoq boshlagan bo‘lsa-da, to 1823-yilgacha turli manbalarda uni ba’zan “Georg yulduzi” va ba’zan “Gershel sayyorasi” sifatida ham qayd etilishi davom etdi. 1823-yildan sayyoraga Uran nomi rasman biriktirildi.

Uran – Quyosh tizimidagi o‘ziga xos g‘alati sayyora. U boshqalar singari o‘z o‘qi atrofida g‘arbdan sharqqa emas, balki shimoldan janubga qarab aylanadi. Shunga ko‘ra Uranda kun va tun davomiyligi 42 yil atrofida bo‘ladi (ya’ni Uranning bir kuni 42 Yer yiliga tengdir!).

Kattaligi jihatdan Uran Quyosh tizimida Yupiter va Saturndan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Uran Quyosh atrofini 84 yilda bir marta to‘liq aylanib chiqadi. Saturn singari Uranning ham atrofida halqalari mavjud. Faqat uning halqasi juda siyrak va ingichka bo‘lganidan kuchli teleskoplarda ham deyarli ko‘rinmaydi. Uranning halqalari faqat 1977-yilga kelib kashf etildi. Sayyoraning 27 ta tabiiy yo‘ldoshi ham aniqlandi.

От qwert.uz