DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo” chegara bojxona postining “Malik-avto” chegara nazorat o‘tish punkti orqali O‘zbekiston Respublikasidan Qozog‘iston Respublikasi tomon harakatlanayotgan muqaddam sudlangan Q.A. boshqaruvidagi Mercedes-Benz rusumli avtomashina bojxona xodimlari ko‘rigidan o‘tib, chegaraning neytral hududiga yetgan vaqtida, to‘xtatib tekshirilgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi

Foto: DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi

Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida xufyona usulda yashirilgan 1 136 000 AQSh dollari, 77 830 yevro va 21 018 670 Rossiya rubli borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur xorijiy valyutalarning milliy valyutadagi ekvivalenti 14 milliard 753 million so‘mdan ziyodni tashkil etadi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan DXX Sirdaryo viloyati tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi (Bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 2-qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida mazkur ishga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

От qwert.uz