KXDR davlat radiosining mamlakat rahbari Kim Chen Inning ahvoli yaxshiligi haqidagi xabarini uning kasal ekanligi va hatto o‘lgani haqidagi gap-so‘zlarga Pxenyanning rasmiy munosabati deb qabul qilish mumkin, deya hisoblaydi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Koreya va Mo‘g‘uliston kafedrasi mudiri, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti sharqshunoslik kafedrasi dotsenti Aleksandr Vorontsov  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.     Bu haqda “RIA Novosti” xabar bergan.

Foto: Bunshun

Yonhap agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, KXDR davlat radiosi 26-aprel tongida mamlakat rahbari Kim Chen Inning o‘limi haqidagi xabarlarga munosabat bildirgan holda uning ahvoli yaxshilanganini ma’lum qildi. Agentlik xabarida Kim Chen In ishchilar va Samchjiyon shahrining bunyod qilinishida ishtirok etgan xodimlarning hammasiga chin dildan minnatdorlik bildirgani haqida radioda e’lon qilinganligi qayd etilgan. Minnatdorlikni Kim Chen In shaxsan o‘zi o‘qidimi yoxud uni suxandon o‘qib eshittirdimi, bu haqda ma’lumot berilmagan.

“Kim Chen Inning faol ishlayotgani haqida xabar qilishganini xalqaro OAVdagi informatsion xaypga munosabat bildirish deb hisoblash mumkin. Menimcha, ular taxminan Kim Chen In hujjatlar ustida ishlamoqda, degan mazmunda reaksiya bildirishi lozim edi”, — degan Vorontsov “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.

Yaponiyada nashr qilinuvchi Shukan Gendai jurnalining 24-aprel sonidagi maqolasida Kim Chen Inni operatsiya qilgan shifokorning asabiylashgani va uning qo‘llari titragani, bir daqiqada tugashi zarur bo‘lgan jarrohlik amaliyoti 7 daqiqa davom etgani haqida yozilgan.

Ekspertning fikricha, Yaponiya jurnalidagi axborot KXDR rahbarining sog‘lig‘i haqida boshqa xalqaro OAV tarqatgan yangiliklar kabi ishonchli emas va bir qator shubha-gumonlarni keltirib chiqarmoqda.

“Kim Chen In sog‘mi yoki unga nimadir bo‘lganmi, kabi savollarga kelsak, bu klassik sxema: ko‘pchilik bilmaydigan agent yoki agentlik axborot maydoniga nimadir tashlaydi, bu tezda ko‘payib tarqala boshlaydi. Shu tariqa butun dunyo ushbu voqea kuzatuvchisiga aylanadi, hatto obro‘li nashrlar ham buni qayta chop etadi yoki sharhlaydi. Shu tariqa ma’lumot “go‘sht”ga aylanadi, taxminlar, mish-mishlar ko‘payadi, qandaydir axborot mahsuloti tayyorlanadi. Biroq bunda asosiy manba ishonchli emas. Masalan yapon jurnalidagi ma’lumotda gap qanday operatsiya haqida ketayotgani, kim va qanday asabiylashib ushbu operatsiyani o‘tkazgani haqida tafsilotlar berilmagan. O‘z yetakchisining sog‘lig‘i haqidagi axborotning sizib chiqishiga yo‘l qo‘yilgani, yana bunday tafsilotlar bilan operatsiya xususida gap tarqalgani, koreyashunos ekspertlarda katta shubha uyg‘otmoqda”, — degan Vorontsov.

Janubiy Koreyaning Daily NK nashri Kim Chen In operatsiyadan keyin davolanayotgani haqida xabar qilgani, xorijdagi bir qator OAVda Shimoliy Koreya yetakchisining sog‘lig‘i xavf ostida ekani haqidagi xabarlar tarqalishiga sabab bo‘lgan. Daily NK, shuningdek, CNN telekanali va Yaponiyaning Shukan Gendai jurnali o‘z yangiliklarida ismini oshkor etmagan manbalarga tayanmoqda. Bu kabi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda KXDR yetakchisining o‘limi to‘g‘risidagi mish-mishlar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

От qwert.uz