Buxoroda juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda koronavirus pandemiyasi davrida Moliya vazirligining Buxoro viloyatidagi inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga ajratilgan pul mablag‘larini maqsadli sarflanishi o‘rganilgan. O‘rganishlar davomida budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi.

Xususan, Buxoro viloyat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markaziga pandemiya sharoitida dezinfeksiya vositalarini xarid qilishda mahsulotlarni maqbul narxlarda yetkazib beruvchi korxonalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati berilgan bo‘lsa-da, markaz bosh shifokori o‘ziga tanish bo‘lgan MChJdan dezinfeksiyalovchi vositalarni qimmat narxda xarid qilib kelgan.

Aniqlanishicha, markaz bosh shifokori B.B. va shifokor-dezinfeksionist A.H. oldindan til biriktirib, A.H.ning o‘zi ta’sischi bo‘lgan “V-S” MChJ orqali 395,4 million so‘mlik 14,9 tonna gipoxlorid kalsiy dezinfeksiya vositasini 600 million so‘mga, ya’ni 204,6 million so‘mga qimmat narxda xarid qilgan.

Tekshiruv davomida bosh shifokor B.B. tomonidan 202,5 million so‘m zarar qoplangan. Mazkur holat yuzasidan B.B. va A.H.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Oqqo‘rg‘on tuman hokimining o‘rinbosari tomonidan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari o‘g‘irlanishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

От qwert.uz