Qamashi tumani hokimi Sherali Sanayev homiladorlar daryodan zambilda olib o‘tiladigan, jin ko‘prikdan yiqilganlar esa nogiron bo‘lib qolayotgan qishloqqa borib, aholi muammosiga quloq tutdi. Bu haqda “Daryo”ga tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Qamashi tuman hokimligi

“Daryo”da e’lon qilingan maqolada tumanning Kaltatoy qishlog‘idagi ko‘prik muammosi tilga olinib, beshta qishloq aholisini yillar davomida qiynab kelayotgan masalalar haqida so‘z borgandi.

Qamashi tuman hokimligining ma’lum qilishicha, “Dovud” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Qiziltepa—Langar—Maydanak avtomobil yo‘lining Langar daryosidan kesib o‘tuvchi qismida ko‘prikka zarurat borligi sayyor qabullar vaqtida ham ma‘lum bo‘lgan.

“Tuman hokimining 2019-yil noyabr oyida mazkur hududda o‘tkazilgan sayyor qabulida ham bu masala ko‘tarilgan edi, — deyiladi hokimlik munosabatida. — Ko‘prik qurilishiga zaruratni o‘rganish davomida qishloqdagi 70 metrlik yangi ko‘prik barpo etilishi natijasida Dovud, To‘dana, Xannar, Kaltatoy, Qoranqul qishloqlarining 1852 ta xonadonidagi 18 550 nafar aholini tuman markazi bilan bog‘lovchi xavfsiz yo‘nalish bo‘lishi oydinlashgan”.

Sherali Sanayev Kaltatoy qishlog‘i oqsoqollari bilan suhbati davomida keksalar fikrini tinglab, tuman bosh me’moriga ko‘prik qurilishi uchun uch xil yo‘nalishda loyiha tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

“Loyihachi tashkilotlarga buyurtma berdik. Ular Kaltatoy qishlog‘idagi ko‘prik qurilishi zarur bo‘lgan joyni o‘rganib, taklif berishini ma’lum qilishdi”, — deydi tuman bosh me’mori Dilshod Hakimov.

Ta’kidlanishicha, yangi ko‘prikdan tashqari aholi foydalanib kelayotgan osma ko‘prik holati ham o‘rganilib, ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan.

Tuman hokimligi mas’ullari maqolada aholi yashovchi hududni ham sel yuvib ketayotgani haqida fikrga munosabat bildirib, aholini daryo qirg‘og‘iga yaqin joyda uy qurishda ayblagan.

“Maqolada ‘Sel daryo qirg‘og‘ini yuvib ketishi oqibatida qirg‘oq yemirilib, aholi uylariga yaqinlashib qolgan. Ikki-uchta xonadon vakillari seldan qo‘rqqanidan uylarini buzib olib, ko‘chib ketdi. Sel yana 21 ta uyga xavf solmoqda’, deyiladi. O‘zbekiston Respublikasida belgilangan qoidalarga ko‘ra sig‘imi katta daryo, katta suv omborlari va boshqa suv havzalari atrofida 100-250 metr masofada qurilish qilishga ruxsat berilgan. Favqulodda vaziyatlar mutaxassisi ushbu hududda daryodan 200-250 metr uzoqlikda qurilish qilish mumkinligini bildirdi”, — deyiladi hokimlikning rasmiy munosabatida.

Qamashi tuman hokimligi ko‘prik qurilishi bo‘yicha loyiha tayyor bo‘lgach, hokimlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarida e’lon qilinishini bildirgan.

От qwert.uz