Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida Amir Temur sharafiga bunyod etilgan Ko‘k gumbaz masjidi devori o‘pirilib tushgani va bunga mas’ullar e’tibor bermayotgani haqida xabar berilgandi. Shahrisabz shahar hokimligi axborot xizmatining yozishicha, mazkur holat mas’ullar nazoratiga olingan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Shahrisabz shahar hokimligi

“Shahar hokimligi axborot xizmati holatni o‘rganish maqsadida mutasaddi tashkilot mas’ullari bilan muloqot o‘tkazdi, — deydi hokimlik axborot xizmati rahbari Gulnora Uzoqova. — Madaniyat vazirligining madaniy meros departamenti mas’uli K.Aqilova topshirig‘iga asosan tuzilgan ishchi guruh a’zolari Ko‘k gumbaz majmuasida o‘rganish ishlarini olib borishmoqda. Guruh a’zolari safida madaniy meros departamenti bosh arxitektori B.Matjonov, viloyat madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i J.Halilov, “Meros Chashmasi” DUK direktori F.O‘tkirov, ilmiy ekspert kengashi a’zozi A.Turdiyev, TAQI katta o‘qituvchisi B.Rahmonov va o‘ndan ortiq mutaxassislar bor”.

Gulnora Uzoqovaning ma’lumot berishicha, mutaxassislar tomonidan ushbu inshoot o‘rganib bo‘lingach, yakuniy xulosa ilmiy kengashda ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng majmuada rekonstruktsiya ishlarini olib borishga ruxsat etiladi.

Shahar hokimligi axborot xizmati Ko‘k gumbaz majmuasi bilan bog‘liq ilmiy xulosa natijasi hamda ta’mirlash ishlarining borishi va o‘zgarishlar haqida jamoatchilikni xabardor qilishini qo‘shimcha qilgan.

От qwert.uz