Buxoroda o‘n yilda sakkiz marotaba jinoiy javobgarlikka tortilgan 26 yoshli xavfli retsidivist ayol N.S. o‘zganing mol-mulkini o‘g‘irlashda ayblanib, to‘rt yilga ozodlikdan cheklash bilan jazolandi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorovulbozor tuman sudi raisi Mahmud Oripov ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ma’lumot berilishicha, 26 yoshdagi bu ayol 2010-yildan hozirga qadar sakkiz marotaba jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan N.S. uch farzandning onasi bo‘lishiga qaramasdan qing‘ir ish qilishda davom etib, G‘ijduvon tumani markazidagi tilla taqinchoqlar savdo do‘konidan 6 million so‘mlik ayollar tilla zanjirini o‘g‘irlab chiqadi. Oradan ko‘p o‘tmay, savdo do‘koni egasi Dilnoza Rajabova bir dona zanjiri o‘g‘irlanganini bilib, IIBga murojaat qilgan.

IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida o‘g‘rilik sodir etgan ayol Navoiy viloyatiga borish uchun Qiziltepa tumanidan o‘tib, Karmana tumanidagi Do‘rmon qishlog‘iga yetgan vaqtida avtomobildan tushib qochishga uringanda qo‘lga olingan.

N.S. o‘z jinoyatini tan olgan. Undan tergov davomida 2 million 600 ming, sud jarayonida esa 3 million 400 ming so‘m moddiy zarar undirilgan.

Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilgan N.S.ning ishini ko‘rib chiqqan sud uning olti oylik farzandi borligini, shuningdek, aybiga iqrorligi va jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini inobatga olib, unga to‘rt yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

От qwert.uz