“Kyoln”, “Bavariya” klublari va Germaniya terma jamoasidagi o‘yinlari bilan mashhur bo‘lgan Lukas Podolski 4-iyun kuni 35 yoshni qarshi oldi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Getty Images
Lukas Polsha janubidagi Glivitse shahrida tug‘ilgan. Otasi professional futbolchi, onasi esa gandbolchi bo‘lgan. Podolskilar oilasi Lukas 2 yoshlik paytida g‘arbiy Germaniyaga ko‘chib ketadi.
Lukas 6 yoshidan “Yugend-07 Bergxaym” klubida shug‘ullanadi, 10 yoshga kelib “Kyoln” akademiyasiga yo‘l oladi. Podolski 18 yoshidayoq asosiy jamoada o‘ynashni boshlaydi. 2003/04-yilgi mavsumda moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan klub o‘z akademiyasi tarbiyalanuvchilariga suyanishni boshlaydi. Ana shu vaqtda Lukas o‘zini ko‘rsatadi va asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanadi.
2005/06-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra “Kyoln” quyi divizionga tushib ketadi va jamoa yulduzi Podolskining boshqa klubga yo‘l olishi oydinlashadi. Unga “Bavariya”, “Hamburg” va “Real” jamoalaridan qiziqish bo‘ladi. Yakunda futbolchi myunxenliklar safiga yo‘l oladi. “Bavariya” transfer uchun 10 million yevro sarflaydi. Biroq qahramonimiz Germaniya grandi safida o‘zini ko‘rsata olmaydi va 2009-yilda Mario Gomesning olib kelinishi fonida klubni tark etadi. Lukas yana jonajon “Kyoln”iga qaytadi, “echkilar” transfer uchun 10 million yevrodan voz kechadi.
Keyinchalik futbolchi “Arsenal”, “Inter”, “Galatasaroy”, “Vissel Kobe” kabi klublarda to‘p suradi. Ayni vaqtda Podolski Turkiyaning “Antalyaspor” klubi sharafini himoya qilmoqda.
Podolski klub miqyosida top-klublarda porlamagan bo‘lsa-da, doimo Germaniya terma jamoasining asosiy hujumchisi bo‘lib kelgan. Kelib chiqishi polshalik bo‘lgan futbolchi “nemis mashinasi” safida 130 o‘yin o‘tkazib, 49 ta gol urishga erishgan. Mundallarda ikki bor bronza va JCh—2014 da oltin medalni qo‘lga kiritgan.
E’tiboringizga Podolski tomonidan kiritilgan eng chiroyli gollar o‘nligini taqdim etamiz:
10-o‘rin. 2011/12-yilgi mavsum | “Kyoln” — “Hannover” 2:0
Lukas jarima zarbasini aniq ijro etgan holda jamoasining dastlabki golini urgandi. Uchrashuv yakunlanishi arafasida Podolski dublni rasmiylashtiradi.
9-o‘rin. 2015-yil | Germaniya — JAR 4:2
JCh—2006 musobaqasiga tayyorgarlik jarayoni doirasida nemislar JARga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Unda terma jamoa to‘purari o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘yadi.
8-o‘rin. 2004/05 | “Kyoln” — “Saarbryuken” 3:1
2003/04-yilgi mavsum natijalariga ko‘ra quyi ligaga ravona bo‘lgan “echkilar” bir mavsum o‘tib Bundesligaga qaytishga erishadi. Podolski esa ikkinchi ligada tengi yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yadi.
7-o‘rin. 2004/05 | “Kyoln” — “Oberhauzen” 3:2
19 yoshli futbolchi mavsum davomida 24 ta gol urgan holda ikkinchi Bundesliga to‘purariga aylangandi.
6-o‘rin. 2004/05 | “Energi Kotbus” — “Kyoln” 3:5
Kotbus shahrida kechgan o‘yinda muxlislar gollar shousiga guvoh bo‘lgandi. Lukas esa raqib darvozabonining xatosidan unumli foydalangan holda ushbu golni urgandi.
5-o‘rin. 2003/04 | “Kyoln” — “Borussiya M” 1:0
18 yoshli Podolski nomdor raqibga qarshi kechgan bahsda uchrashuvdagi yagona golga muallif bo‘ladi.
4-o‘rin. 2005/06 | “Shalke-04” — “Kyoln” 1:1
2005/06-yilgi mavsumda “Kyoln” yana muvaffaqiyatsiz ishtirok etadi va quyi ligaga tushib ketadi. Lukas bu mavsumda 12 ta gol muallifiga aylanadi.
3-o‘rin. 2003/04 | “Kyoln” — “Bavariya” 1:2
Mazkur o‘yinda Podolski jamoasining yagona golini uradi, biroq bu “Bavariya”ning g‘alabasiga to‘sqinlik qila olmaydi. 2004-yilda Lukas Germaniya terma jamoasidan chaqiruv oladi. Unga bir qator top-klublardan qiziqishlar ham bo‘ladi, biroq futbolchi “Klyoln”ga sodiq qoladi.
2-o‘rin. 2007/08 | “Bavariya” — “Borussiya D” 5:0
Podolski nemis klasikosida “Bavariya”ning ilk goliga muallif bo‘ladi. Shundan keyin Myunxen klubi yana to‘rt bor dortmundliklar darvozasini ishg‘ol qiladi.
1-o‘rin. 2010/11 | “Kyoln” — “Frayburg” 1:0
Lukas jamoasining ajoyib kombinatsiyasini qoyilmaqom gol bilan yakunlab, “Kyoln”ga g‘alaba olib keladi.