Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida YPX inspektorlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, inspektorni haqorat qilgan er-xotinning biri qamaldi, biri jarima to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga Buxoro viloyat IIB axborot xizmati rahbari Quvvat Yarashov ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 20-may kuni shofirkonlik 30 yoshli fuqaro F.M. tuman IIB Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi inspektori Muhammad Xo‘jayevga qo‘ng‘iroq qilib, Howo rusumli yuk mashinasining orqa tomonidan borayotgan vaqtida uning bortidan tushgan toshlar boshqaruvidagi Ravon’ga zarar yetkazganini, voqea joyiga zudlik bilan yetib kelib, yuk avtomashinasi haydovchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Fuqaro xabari asosida Shofirkon tuman IIB YHXX xodimlari voqea joyiga yetib borgan.

O‘rganish davomida Howo rusumli yuk avtomashinasi hujjatlari hamda borti ko‘zdan kechirilib, haydovchining barcha tegishli hujjatlari mavjudligi va avtomashina yukxonasi talabga to‘liq javob berishi, F.M. boshqaruvidagi avtomashinaga zarar yetkazilmagani aniqlangan.

“Noto‘g‘ri xabar yetkazgan fuqaroning o‘zida haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi, bu ham yetmagandek, unga avtomashinani boshqarish uchun berilgan vaqtinchalik ruxsatnomaning muddati tugaganligi ma’lum bo‘ldi”, — deydi katta serjant Muhammad Xo‘jayev.

Voqealar rivoji boshqacha tus olishini kutmagan er-xotin Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlariga e’tiroz bildirgan. Ularni tamagirlikda ayblab, turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgan. Fuqaro O.R. shovqin ko‘tarib, katta serjant Muhammad Xo‘jayevning egnidagi xizmat kiyimini tortqilab, o‘ng qo‘lining yuqori qismiga jarohat yetkazgan.

Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar 2020-yil 11-iyun kuni Shofirkon tuman Ma’muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Er-xotin Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organi xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik) hamda 200-moddasi (O‘zboshimchalik)da ayblanib, fuqaro F.M.ga 15 sutka ma’muriy qamoq, turmush o‘rtog‘i O.R.ga esa bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

От qwert.uz