Har yilning 27-iyun kuni O‘zbekistonda matbuot va OAV xodimlari kuni nishonlanadi. Bu sana 1906-yil 27-iyunida “Taraqqiy” gazetasiga asos solinishi bilan bog‘liq. Ammo aslida Turkistonda matbuot tarixi ancha qadimiy va boy an’analarga ega. “Daryo” taniqli olim, jadidlar harakati bo‘yicha mutaxassis, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori, falsafa doktori Zaynobiddin Abdurashidovning Turkistonda matbuot tarixiga bag‘ishlangan maqolasini taqdim etadi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Wikipedia

XX asr Rossiya imperiyasi hududida istiqomat qiladigan xalqlar uchun bir qadar muvaffaqiyatli boshlandi. Bu esa Turkiston milliy matbuotining yuzaga kelishiga turtki bo‘ldi. Rossiya Yaponiya bilan bo‘lgan urushda mag‘lubiyatga uchragach, ichki va tashqi kuchlarning bosimiga bardosh bera olmay qoldi. Imperiya ichkarisida siyosiy kurashlar avj oldi va imperator 1905-yil oxiriga kelib barcha siyosiy kuch va guruhlarga erkinlik beruvchi manifest e’lon qilishga majbur bo‘ldi. Manifestning asosiy nuqtalaridan biri so‘z erkinligini ta’min etdi. Bu imkoniyatdan foydalangan turli xalqlar va siyosiy qatlamlar o‘z matbuotlariga asos soldi.

XX asr boshlarida Turkistonda “Turkiston viloyatining gazeti”dan tashqari ziyolilar orasida Usmonli Turkiyasi, Eron, Hindiston, Misr va ayrim Yevropa mamlakatlarida nashr qilingan gazetalar keng tarqalgan. Bu holatga bir tarafdan rus va mahalliy hukumatlar tarafidan joriy qilingan pochta tizimi imkon yaratgan bo‘lsa, boshqa tarafdan minglab Hajdan qaytayotganlar, savdogarlar va boshqa toifalarning turli mamlakatlardagi nashrlarni olib kelganligidir. Rus byurokratik apparati uchun senzura o‘zgarmas qonuniyat bo‘lishiga qaramay, mintaqaga olib kirilayotgan barcha nashrlar uchun to‘liq to‘sqinlik qilishdan ojiz edi.

Gasprinskiy 1883-yil fevral oyida “Tarjimon” gazetasini nashr qilish uchun ruxsat olgandan so‘ng, uni imkon qadar ko‘proq joylarda tarqatish yo‘llarini qidira boshladi. “Turkiston viloyatining gazeti”da berilgan e’lonlardan birida “Tarjimon” gazetasini tarqatishga xohish bildirganlar orasida o‘sha vaqtda Turkiston gazetasiga muharrirlik qilgan Hasan Chonishevning ham ismini ko‘rish mumkin. Hasan Chonishev 1881–1883-yillar davomida gazetaga muharrirlik qilgan va Nikolay Ostroumovning gazetaga kelishi bilan o‘z lavozimidan chetlatilgan edi.

Gazetada berilgan e’longa ko‘ra, Gasprinskiy Chonishev bilan Turkistonda “Tarjimon”ni tarqatish borasida qizg‘in yozishma olib borgan. Ostroumov o‘z vaqtida ustozi Nikolay Ilminskiyga “Tarjimon”ning birinchi sonini ko‘rib sochlarini ham yulishga tayyorligini yozganiga qaramay, “Turkiston viloyatining gazeti”dagi faoliyatining dastlabki yillarda “Tarjimon” gazetasiga hech qanday e’tibor bermadi va u haqda o‘z qarash va fikrlarini ochiqlamadi.

Ostroumov Gasprinskiy bilan oldindan yozishma olib borgani va uning asarlari bilan yaqindan tanish bo‘lganiga qaramay, ayrim hollarda u bilan tanish emasligiga ishora ham qilgan edi. Ostroumov muharrir bo‘lgandan keyin berilgan e’lonlarda Turkistonda “Tarjimon” tarqatuvchilari tilga olinmadi. “Tarjimon”ning dastlabki ikki yili davomida butun Turkistonda 200 ga yaqin obunachisi bor edi. O‘sha yillari Buxorodan kelgan xabarlarga ko‘ra, “Tarjimon” qo‘ldan qo‘lga o‘tib o‘qilgan edi.

Foto: Wikipedia

Turkiston rus ma’muriyati faqat “rus intelligensiyasi” potensiali aqliy rivojini o‘stirishga va bu boradagina aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishga e’tibor qaratdi. Ivan Geyer Sirdaryo viloyatidagi ruslar tarafidan olinadigan vaqtli matbuot nashrlari statistikasini tahlil qilar ekan, ushbu nashrlarni mutolaa qiladigan shaxslar guruhini mamlakatning ma’naviy rivoji karvonboshilari, deya ta’rif beradi. Afsuski, bu kabi tahlillarda mahalliy xalq manfaatlari umuman e’tiborga olinmadi.

Turkiston general-gubernatorligining rasmiy nashri hisoblangan “Turkiston viloyatining gazeti” Rossiya imperiyasida turkiy tilda chop etilgan ilk gazetalardan biri edi. Turkistonda milliy matbuot chop etilgan ikki qisqa vaqtni (1906–1908 hamda 1913–1917-yillar) inobatga olmasa, rasmiy gazeta Markaziy Osiyoda mahalliy tilda chiqadigan yagona nashr edi. Ushbu gazeta o‘lkani global va imperiya kontekstidagi holati haqidagi o‘z qarashlarini ifoda qilmoqchi bo‘lgan turkistonlik ziyolilarning asosiy minbari bo‘lib xizmat qildi.

Lekin “Turkiston viloyatining gazeti”ning musulmonlar hayotida muhim rol o‘ynaganiga qaramay, o‘ta konservativ va jadidchilikning har qanday ko‘rinishiga “dushmanlik” ko‘zi bilan qarar edi. Shu sababdan ham tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, ruslar tarafidan tahrir qilingan “Turkiston viloyatining gazeti”ni haqiqiy “musulmoncha” gazeta, deb hisoblash mumkin emas.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, “Turkiston viloyatining gazeti”ning roli ikkiyuzlamachilik va qarama-qarshilikka asoslangan. Ushbu gazetani nashr qilishdan ko‘zlangan dastlabki maqsad “mahalliy aholini general-gubernatorning barcha farmoyishlaridan xabardor qilish” va “tijorat hamda Toshkent va boshqa shaharlarda sodir bo‘lgan turli voqealar haqida xabarlar” chop etishdan iborat edi. Yuqoridagi u qadar qiziq bo‘lmagan xabarlar qatorida “Ming bir kecha”dan parchalar hamda rus vaqtli matbuotidan olingan turli xabarlar ham berilar edi.

1875-yildan boshlab gazeta o‘z o‘quvchilaridan kelgan maktublarni hamda zamon haqidagi “foydali ma’lumotlar”ni nashr qilishni joriy etdi. Ostroumovning yozishicha, “foydali ma’lumot”lar turli davlatlar geografiyasi va ular haqidagi ma’lumotlar, havo sharlarida issiq havodan foydalanish, temiryo‘l va telegraf, paxta hamda ipak qurti yetishtirish haqida ko‘rsatma va hokazolarni qamrab olgan. “Mahalliy xabarlar” ruknida esa mahalliy xalqni faqat yomon jihatlarini ko‘rsatishga qaratilgan jinoiy ishlar haqidagina xabarlar keltirilgan.

Foto: Wikipedia

Mahalliy aholi rus tilini o‘rganishga u qadar ishtiyoq ko‘rsatmayotganidan tashvishga tushgan Kaufmanning vorislari marhum general-gubernator olib borgan siyosatdan biroz chetlashishga harakat qila boshladi va 1883-yili “Turkiston viloyatining gazeti”ga Ostroumovning muharrir etib tayinlanishi ushbu o‘zgarishlarning ilk qadami bo‘ldi. “G‘ayrirus” mahalliy aholiga rus tilini chuqurroq singdirish ruslashtirish siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan bir edi.

Yangi muharrir Ostroumov boshchiligida “Turkiston viloyatining gazeti” rus ma’muriyatining mahalliy xalqni “ehtiyotkorlik va uzoqni ko‘zlab ma’rifatli qilish”ni nazarda tutgan yangi siyosatining qandaydir quroli sifatida maydonga chiqishi kerak edi. Va shu maqsadda gazeta bir vaqtning o‘zida ham o‘zbekcha, ham ruscha nashr qilina boshlandi. Turkiston rus ma’muriyati rasmiylari rus sharqshunosligi osiyoliklarni ma’rifatli qilishi mumkin va bu ishni shunday amalga oshirishi kerakki, “g‘ayriruslarning” manfaatlari mustabid chor imperiyasi manfaatlari bilan mos kelsin, degan fikrda edilar. Shu maqsadda “Turkiston viloyatining gazeti” “foydali ma’lumotlar”ning sonini ikki baravar ko‘paytirdi. Lekin bu ma’lumotlar siyosiy jihatdan “xavfsiz” edi.

Hukumatga qarashli bo‘lmagan mahalliy tildagi birinchi gazeta 1906-yili Ivan Geyer tarafidan chiqarila boshladi. Bu gazetaning asosiy maqsadi mahalliy xalqni yangi siyosiy qarashlar va fikrlar bilan tanishtirish, deb belgilangan edi. Ma’lumot tarzida yana shuni ham eslab o‘tish kerakki, Turkistonda istiqomat qilgan ruslar jamiyatida xususiy va mustaqil matbuotga 1890-yilda Samarqandda asos solingan edi. I.Geyerning “Taraqqiy – Markaziy Osiyoning umr guzarligi” gazetasi, asosan, rus gazetalaridan olingan xabarlarni tarjima qilib qayta nashr qildi.

Shunday bo‘lishiga qaramay, bu gazeta rus ma’muriyati nuqtayi nazaricha nomaqbul bo‘lgan shaxslar, ya’ni mahalliy ziyolilar uchun o‘z fikrlarini izhor qilish imkoniyatini berdi. Bu bilan I.Geyerning gazetasi mahalliy ziyolilarning anchadan beri amalga oshirishga harakat qilib kelayotgan maqsadlari – siyosiy dialogga qo‘shilishlariga yo‘l ochib berdi. Bu gazeta 17-soni chiqqandan so‘ng moliyaviy muammolar tufayli yopildi.

Turkistonlik jadidlar gazetani birinchi navbatda taraqqiyot belgisi hamda ilm tarqatish manbasi sifatida qabul qildi. Ular gazetaning asl mohiyati va maqsadini turlicha talqin qildi. O‘z vaqtida Gasprinskiy gazetaning asosiy maqsadi haqiqat va ma’rifatga xizmat qilish, deb belgilagan edi. Turkistonlik ma’rifatparvarlar jurnalistik faoliyatlarining ibtidosida gazetani jamiyatning “kasalini” davolovchi tabibga qiyosladi. Oradan qisqa muddat o‘tib esa matbuot jamiyatning kamchiliklarini muntazam tanqid qila boshladi va “jamiyatning haqiqiy” yo‘lboshchisiga aylandi.

Turkiston jadidlarining oldilariga qo‘ygan maqsadlariga yetishish uchun kurashga zo‘r berishlari, ya’ni Ziyo Said yozganidek, konservativ fikrga qarshi “jihod” e’lon qilishlari I.Geyer gazetasidan so‘ng Ismoil Obidiy tarafidan tashkil etilgan “Taraqqiy” gazetasidan boshlandi. Obidiy gazetasini keyinchalik “Sharq” deb nomlash istagida ham bo‘lgan edi. Obidiyning gazetasi 19-sondan so‘ng nojoiz materiallarni chop etganlik aybi bilan sud tomonidan yopib qo‘yildi.

Foto: Wikipedia

“Taraqqiy” gazetasining yopilishidan bir necha hafta o‘tib Munavvarqori “Xurshid” gazetasini tashkil qildi. Bu gazeta ham “Taraqqiy” yo‘nalishining davomchisi bo‘ldi. Lekin Munavvarqori Obidiydan farqli o‘laroq o‘z maqolalarida Rossiya va qo‘shni davlatlarda sodir bo‘layotgan siyosiy voqealarni yoritishga ko‘proq urg‘u berdi. Aftidan, “Xurshid”ning bu yo‘nalishi Gasprinskiyning siyosiy qarashlariga mos tushgan ko‘rinadi.

Gasprinskiy “Xurshid”ni “sof milliy” gazeta deb hisobladi va uning “Turkiston viloyatining gazeti”dan o‘ta farq qiladigan “tili” bilan faxrlandi. Zaki Validiyning yozishicha, Ostroumov o‘z gazetasida “sart tili”ni tatar va qozoq tillaridan ajratishga moslashtirilgan til yaratishga harakat qilgan. O‘z navbatida, Gasprinskiy ham yangi tatar gazetalarini adabiy til o‘rniga ko‘cha tilini tarqatayotganlikda ayblab, ularning “tilini” juda qattiq tanqid qildi. Turkistonlik jadidlar esa aksincha, Gasprinskiy targ‘ib qilgan “mahalliy markaziy til”ni qo‘llashga harakat qildi.

Shu sababdan ham Gasprinskiy Turkiston gazetalarining “tili”ni boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘rsatish uchun “Xurshid” gazetasining birinchi sonidagi asosiy maqolani “Tarjimon”da qayta nashr qildi. “Xurshid” gazetasi yopilguniga qadar “Tarjimon” undan tahririyat nuqtayi nazariga mos keladigan ko‘plab xabar va maqolalarni qayta nashr qilib bordi. Munavvarqorining gazetasi 1906-yil 13-noyabrga qadar “yashadi” va 10-sonidan so‘ng hukumat uni “aksilhukumat yo‘nalish”dagi nashr aybi bilan yopib qo‘ydi.

Keyinroq Abdulla Avloniy, tatar Ahmadjon Bektemirov va Munavvarqorilarning umumiy tashabbusi bilan tashkil etilgan “Shuhrat” va uning davomchisi “Osiyo” ham aynan yuqoridagi ayblov bilan yopildi. “Osiyo” gazetasi 1908-yil 21-may kuni taqiqlandi. Ayni shu davrda Saidkarimboy Saidazimboyev tarafidan “Tujjor” gazetasi nashr etila boshladi. Bu gazeta boshqa nashrlardan farqli o‘laroq o‘zini hukumatga qarshi bo‘lmagan va Rossiya davlatchiligi tarafdori hamda dinga zarar keltirmaydigan gazeta deb e’lon qildi. Bunday dasturga ega bo‘lgan “Tujjor” o‘quvchilar orasida u qadar shuhrat topmadi va 36-sonidan so‘ng obunachi yo‘qligi sabab “o‘z ajali bilan vafot etdi”. 1908-yil may oyida “Tujjor”ning yopilishi bilan Turkistonda milliy mustaqil matbuot faoliyati tugatildi. Bu ishda, ayniqsa, Chor oxrankasi o‘ta jonbozlik ko‘rsatdi.

Turkiston tuman oxrankasi “shiddat bilan kelayotgan tahlikani” his etib, uning ildizi sifatida turkistonliklarning yosh milliy, taraqqiyotga moyil matbuotini ko‘rdi va uni tag-tomiri bilan yo‘q qilishga qaror qildi. “Tarjimon”ning turkistonlik o‘quvchilari milliy matbuotni yo‘q qilinishida, birinchi navbatda, “Turkiston viloyatining gazeti” va uning ortida turgan Ostroumovni aybdor deb bildi. Ostroumov turli davlat tashkilotlariga yuborgan ma’lumotlarida ushbu ishga bosh qo‘shganligi hamda o‘lkada “Tarjimon” gazetasini taqiqlashga harakat qilganligini aytib o‘tadi.

Bu masala yuzasidan u Buxorodagi Rossiya siyosiy agentligi bilan yozishma olib borgan va undan “Tarjimon”ning mintaqada rus manfaatlari uchun zararligi to‘g‘risida raport olishga qattiq harakat qilgan ham edi.

1906–1908-yillar orasida nashr qilingan to‘rt gazeta qisqa muddat ichida Turkiston jadidlarini milliy va diniy o‘z-o‘zini anglash yo‘lidan borayotgan kuch sifatida namoyon qilib ulgurdi.

Foto: Wikipedia

Buxoro amirligida rus Turkistonidan farqli tarzda birinchi matbuot nashri Markaziy Osiyoda gazeta nashr qilina boshlagandan deyarli yarim asr vaqt o‘tibgina paydo bo‘ldi. Ostroumov “Turkiston viloyatining gazeti”da Gasprinskiyning 1893-yilgi Turkiston sayohati davomida Buxoro amiri Abdulahadxon bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng amir Gasprinskiyning Buxoroda gazeta nashr etish taklifiga rozilik bildirgani haqida xabarni tarqatgan edi. Gasprinskiy bu xabar paydo bo‘lishi bilan darhol uni noto‘g‘ri xabar ekanligini e’lon qildi.

Albatta, bu kabi noto‘g‘ri xabarlar Gasprinskiyni Turkistondagi ayrim “tayanch nuqtalari”dan mahrum qilishga qaratilganini ko‘rish qiyin emas. Buxoro jadidlari keyinroq “Yosh buxoroliklar” nomini olgan taraqqiyparvarlarning faoliyati 1910-yildan keyin ancha jonlangani kuzatiladi. Ular dastlab ayrim sohalarda, xususan, ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirishga targ‘ib qildilar va amirlikning turli shaharlarida yangi usul maktablarini tashkil etishga ko‘proq e’tibor qaratdi.

Buxoro amiri Rossiya siyosiy agentligining ruxsatisiz hech qanday mustaqil siyosat yuritishga haqqi yo‘q edi. Amirlikdagi barcha siyosiy masalalar albatta rus siyosiy agenti bilan maslahat qilinar edi. Bu vaziyatini juda yaxshi anglagan Mirzo Muhiddin va Mirzo Siroj Hakim kabi buxorolik taraqqiyparvarlar yahudiy savdogari Levi (Levin) yordamida Buxoroda gazeta chiqarish zarurligini rus siyosiy agentiga “uqtira” oldi. Ular o‘zlarining gazeta nashr etish istaklarini mamlakat aholisini Rossiya imperiyasi bilan yaqindan tanishtirish hamda Rossiya fabrikalari uchun paxta yetishtirishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga ko‘maklashish kabi dalillar bilan isbotlashga harakat qildi.

Ular mana shu dastur asosida rus siyosiy agentidan gazeta nashr qilish uchun amirdan ruxsat olishga yordam berishni so‘radi. Shu tariqa Buxoro amirligida birinchi matbuot nashri paydo bo‘ldi. Bu Kogon (Yangi Buxoro)da 1912-yil 11-mart kuni birinchi soni chiqqan fors tilidagi “Buxoroi Sharif” gazetasi edi. Ushbu gazeta 1912-yil 14-iyulga qadar haftada bir marta, keyin esa haftada to‘rt marta nashr qilinadigan bo‘ldi.

“Buxoroi sharif” Mirjalol Yusufzoda muharrirligi ostida nashr qilindi. Bokudan bu lavozimga taklif qilingan Yusufzoda u yerdagi “Ittihod” maktabida diniy darslar berish barobarida “Haqiqati afkor” gazetasining muharriri vazifasida faoliyat olib borgan. Lekin gazetaning asosiy muharriri vazifasini Rossiya siyosiy agentligi tarafidan tayinlangan, agentlik tarjimoni Haydarxo‘ja Mirbadalov bajardi.

1912-yil iyul oyidan “Buxoroi Sharif”ga ilova tarzida o‘zbek (turkiy) tilida “Turon” gazetasi nashr qilina boshlandi. Ushbu gazeta haftada ikki marta chiqib turdi va o‘sha yilning sentabr oyida mustaqil nashr sifatida faoliyat olib bordi. “Turon”ga muharrir qilib 1906–1911-yillarda Turkiyada tahsil olgan va Istanbuldagi buxoroliklar jamiyatining faol a’zolaridan biri bo‘lgan G‘iyos Usmonov tayinlandi. Buxoro gazetalari xalq orasida qisqa vaqt ichida ancha shuhrat topdi. Ushbu ikki gazeta umumiy shaklda 2 600 obunachiga (“Buxoroi Sharif” – 800, “Turon” – 1 800) ega edi.

Foto: Wikipedia

1913-yil yanvar oyiga kelib “Buxoroi Sharif” va “Turon” gazetalari Rossiya siyosiy agentligi yordamida bevosita amir tarafidan yopib qo‘yildi. Buxorodan “Tarjimon”ga kelgan xabarlarga ko‘ra, gazetalarning yopilishiga asosiy sabab Rossiya haqida tanqidiy maqola nashr qilinganligi ko‘rsatildi.

1913-yil aprel oyida Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy tarafidan Ziyo Said ta’rifiga ko‘ra, samarqandlik jadidlarning to‘ng‘ichi bo‘lgan “Samarqand” gazetasi ta’sis qilindi. Behbudiy gazetani o‘z mablag‘i hisobiga chiqardi va besh oydan so‘ng moliyaviy qiyinchilik tufayli uni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Gazeta 45-sonidan so‘ng qayta chiqmadi.

Gasprinskiy “Samarqand” gazetasining yopilishi haqidagi xabarni berar ekan, undan juda afsusda ekanini yozgan edi. “Behbudiy, – yozadi u, – gazeta nashrini juda kuchli g‘ayrat bilan boshlagan edi, ammo turkistonliklar orasida o‘z tillaridagi gazeta uchun ming obunachi topilmadi”. To‘lagan Xo‘jamyorov (Tavallo) “Samarqand” gazetasi yopilgan kunni “milliy motam kuni” deb e’lon qildi.

1913-yil davomida turkistonlik ziyolilar gazeta chiqarishga ruxsat so‘rab hukumatga bir necha marta murojaat qildi. 1913-yilning boshida qo‘qonlik Obidjon Mahmudov Farg‘ona viloyati harbiy gubernatoriga mahalliy tilda gazeta ta’sis qilish uchun ariza topshirdi. Tez orada u “Jomi’u-l-axbor” (Xabarlar to‘plami) nomida gazeta chiqarishga va “Madora” nomida qiroatxona ochishga tegishli ruxsatnoma oldi. Namanganda esa Is’hoqxon Ibrat viloyat gubernatoriga o‘z bosmaxonasida “At-tijarat an-Namangan” (Namangan tijorat xabarlari) nomida gazeta nashri uchun ruxsat so‘rab ariza berdi. Lekin hukumat bu gazeta nashriga ruxsat bermadi.

1913-yil 20-avgustdan boshlab Samarqandda, Behbudiy tahriri ostida chiqa boshlagan “Oyina” jurnali, Ziyo Said ta’kidicha, turkistonlik jadidlarning “eng sevimli nashri”ga aylandi. “Oyina” nafaqat Turkistonda, balki Kavkazda, ichki Rossiyada, Eronda, Afg‘onistonda, Hindistonda va Turkiyada ham tarqaldi. Ayni shu davrda bu jurnal turkistonlik taraqqiyparvarlarning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylanib qoldi. Gasprinskiy jurnalning birinchi soniga ta’rif berar ekan, shunday yozadi: “Oyina” dasturi juda dolzarb; turkistonliklarning kundalik hayotlaridagi barcha muammolarni yoritishga qaratilgan”. U maqolasining so‘ngida turkistonliklarga o‘z ona tillaridagi nashrni quvvatlashga va “Oyina”ga obuna bo‘lishga chaqiradi.

1915-yil 15-iyunda “Oyina”ning 68-soni chiqishi bilan jurnal o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Fitratning yozishicha, “Oyina” o‘ziga o‘xshash boshqa jurnallar kabi o‘quvchilarini “xursand qila olmadi”; uning maqolalari jurnal o‘quvchilariga yoqmay qoldi. Lekin Fitrat ta’kidlashicha, bu ishni to‘g‘irlash mumkin edi. Buning uchun barcha turkistonliklar jurnalning dasturini mukammallashtirishda ishtirok etishlari kerak edi. O‘z navbatida, Behbudiy qo‘yilgan “ayblov”larga javoban o‘zini “oqlash” maqsadida “Oyina”da o‘quvchilarning jurnal tili va dasturi haqidagi turli maktublarini e’lon qildi.

Gasprinskiyni o‘zining “tili” va uslubi bilan “maftun” qilgan turkistonlik yana ikki egizak gazeta 1914-yil aprel oyida ta’sis etildi. Bular “Sadoyi Turkiston” va “Sadoyi Farg‘ona” gazetalaridir. Toshkentda chiqa boshlagan “Sadoyi Turkiston” toshkentlik taraqqiyparvarlarning tayanchiga aylandi. Gazeta o‘zini “Ona Turkiston ovozining” tarjimoni, deb e’lon qildi. “Sadoyi Turkiston” birinchi sonidayoq o‘z o‘quvchilariga “Vatan so‘zlarini turk o‘g‘illariga turk tilida” yetkazishini bildirdi va bu yo‘nalishi bilan Gasprinskiy yo‘lidan borishini tasdiqladi.

Ko‘rinib turganidek, “Sadoyi Turkiston”ning dasturi va tili to‘laligicha Gasprinskiy g‘oyalariga muvofiq tushdi. Lekin “Sho‘ro” jurnali “Sadoyi Turkiston” maqolalarini o‘z “tili” bilan odamlarni bezdiradigan so‘fiylarning xutbasiga o‘xshatdi.

Farg‘onada Obidjon Mahmudov muharrirligida chiqa boshlagan “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi xalq orasida biroz ommalashib ulgurgandan so‘ng muharrir gazetaning “Exo Fergani” nomida ruscha shaklini nashr etish uchun hukumatdan ruxsat oldi. “Tarjimon” bergan xabarga ko‘ra, tahririyat gazeta chiqarish uchun ruxsat olishi bilan ruscha harflarga buyurtma bergan va harflar kelishi bilan gazeta o‘z faoliyatini boshlaydi. Lekin bizga noma’lum sabablarga ko‘ra “Sadoyi Farg‘ona”ning ruscha shakli nashr qilinmadi. “Sadoyi Farg‘ona”ning o‘zi esa 123-sonidan so‘ng yana moliyaviy sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Toshkent gazetasining taqdiri o‘zidan oldingi gazetalar kabi ayanchli bo‘ldi. “Sadoyi Turkiston” 66-sonidan so‘ng nashrdan to‘xtadi. Asosiy sabab – mablag‘ yo‘qligi. Toshkentlik taraqqiyparvarlar gazetaning moliyaviy ahvolini turli yo‘l va usullar bilan qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmasin uning uddasidan chiqa olmadilar.

Har holda Turkistonda bosma uskunasining paydo bo‘lishi aholining ayrim qatlamining hayot tarzini o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Garchi bu jarayon Rossiya imperiyasining boshqa mintaqalariga qaraganda ko‘proq vaqt talab qilgan bo‘lsa-da. 1905-yil oktabr manifestiga qadar Gasprinskiyning “Tarjimon” gazetasi Rossiya musulmonlarining yagona minbari edi. Va aynan u Kavkaz, ichki Rossiya va Turkistonda musulmon matbuotining paydo bo‘lishi va rivojlanishida juda katta va muhim rol o‘ynadi.

Turkistonda mustaqil milliy matbuotning shakllanishiga ikki omil to‘siq bo‘lgan. Bular, birinchidan, iqtisodiy qoloqlik bo‘lsa, ikkinchidan, rasmiy hukumat tarafidan bo‘lgan bosim. Turkiston ijtimoiy hayotida islohotlarni amalga oshirishga kirishgan mahalliy ziyolilar guruhi XIX asr oxirlarida shakllanganiga qaramay, ular XX asrning birinchi o‘n yilligidagina mustahkam oyoqqa turishga muvaffaq bo‘ldi.

Agar ushbu vaziyat inobatga olinsa, balki bu holat Turkistonda milliy matbuot paydo bo‘lishidagi kechikishning eng asosiy omil bo‘lishi mumkin. Turkiston aholisi o‘z tafakkuri va fikrlash tarziga ko‘ra, Rossiya imperiyasidagi boshqa musulmon xalqlardan keskin farq qilar edi. Aholining o‘ta konservativ fikrlashi hamda an’analarga “sodiqligi” sabab gazetalar xalq orasida u qadar ommalashmadi. Aynan mana shu sabablar tufayli XX asrning 10-yillarida Turkistonda paydo bo‘lgan milliy matbuotning aksari o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Abdurashidov Zaynobiddin tayyorladi.

От qwert.uz