Jurnalist va bloger Nikita Makarenko muallifligida “Farg‘ona viloyatidagi xonadonlarda neft qazib olinmoqda” sarlavhasi ostida video YouTube portaliga joylandi. Bu video yuzasidan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) va Farg‘ona viloyati Toshloq tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Videolavha yuzasidan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi quyidagilarni ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 60 yildan ortiq faoliyati davomida turli xil texnologik nosozliklar (xomashyo va tayyor mahsulotlarning chiqib ketishi) natijasida, suvli qatlamda neft mahsulotlarining suyuqlik (yerosti suvlari yuzasida suzuvchi) va eritilgan shakllari mavjudligi bilan tavsiflangan kuchli yerosti suvlari ifloslanishi shakllangan.

Yillar davomida ushbu muammoni bartaraf qilish uchun “O‘zbekgidrogeologiya” Davlat gidrologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “O‘zneftqaytaishlash” OAJ va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ifloslanishni lokalizatsiya qilish va yo‘q qilish choralari ko‘rib kelinmoqda.

Shuningdek, may oyida aniqlangan Toshloq tumani hududida neft mahsulotlarini noqonuniy qazib olish va qayta ishlashga qarshi kurashish bo‘yicha ikkita keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘rildi.

Natijada neft mahsulotlarini noqonuniy qazib olish, qayta ishlash va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi bir qator korxonalar va aholining noqonuniy faoliyati aniqlandi va hujjatlashtirildi. Shunday qilib, tadbirlar davomida neft qazib olish uchun 117 ta quduq, 52 dona chuqur nasos, 205 dona turli hajmdagi saqlovchilar, 9 757 metrdan ortiq elektr kabel, 847 metr turli shlanglar va 29,8 ming litr neft va neft mahsulotlari tortib olingan.

Zavodning qayd etishicha, 2020–2023-yillarda zavodni modernizatsiya qilish dasturi doirasida yangi texnologiyalar va zamonaviy asbob-uskunalar yordamida atrof-muhit ifloslanishining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni holat yuzasidan Toshloq tumani hokimligi rasmiy bayonotda qayd etilishicha, mazkur videolavha yuzasidan tuman hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari tomonidan o‘rganish olib borildi. Videoda aks etgan hudud Toshloq tumani “Konizar” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, ishchi guruhi a’zolari aynan shu hududda o‘rganishlarni olib bordi.

Foto: Toshloq tuman hokimligi axborot xizmati

O‘rganish jarayonida 2020-yilning 10-iyuliga qadar Davlat xavfsizlik xizmati, tuman IIB, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha tuman inspeksiyasi xodimlari tomonidan muntazam tezkor nazorat tadbirlari o‘tkazilayotganligi aniqlandi.

Mazkur hududda noqonuniy ravishda quduq qazib, neftga o‘xshash suyuqlikni nasos yordamida tortib olish jarayonida yerni ifloslantirgan 50 nafar fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasi 4-qismiga (Qishloq xo‘jaligi va boshqa yerlarni kimyoviy va radioaktiv moddalar hamda oqova suvlar bilan ifloslantirish) asosan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

Foto: Toshloq tuman hokimligi axborot xizmati

Ayblanuvchilarga nisbatan 38 million 802 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Bu holatdan tashqari neftga o‘xshagan suyuqlikni yaroqsiz qismini ochiq suv havzasiga oqizib, suvni ifloslantirgan 8 nafar fuqaroga nisbatan esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 72-moddasi 1-qismiga (Suv zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish) asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib 5 million 798 ming so‘m jarim qo‘llanilgan.

Sanoat chiqindilarini belgilanmagan joyga tashlagan 12 nafar fuqaroga nisbatan ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 1-qismiga (Sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish) asosan 10 million 258 ming so‘m jarima jazolari tayinlangan.

Huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga ma’muriy choralar qo‘llash bilan birga 81 ta noqonuniy qazib olingan quduqlar ko‘mildi, 81 dona “Oryol” suv nasoslari, 426 metr rezina shlang, 154 dona turli hajmdagi idishlar, 22 740 litr neft aralashgan suyuqliklar dalolatnoma va bayonnomalar asosida vaqtinchalik saqlash uchun tuman IIBga olindi.

От qwert.uz