Misrning shimoliy poytaxti Iskandariyada 10-iyul kuni kamida 11 kishi O‘rta yer dengizida cho‘kib ketdi, deya xabar beradi Al-Balad  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Korrespondent.net”

Mahalliy nashrning xabar berishicha, fojia Palm-Bich plyajida yuz bergan. Qutqaruvchilar yetti kishining jasadini topishga muvaffaq bo‘lgan, qolganlarini qidirish davom etmoqda.

Qayd etilishicha, 10-iyul kuni tongda, bir guruh odamlar suzish uchun sohilga borgan. Shu vaqtda kichik yoshdagi bola cho‘kishni boshlagan. Bir necha kishi uni qutqarishga harakat qilgan, natijada hamma halok bo‘lgan.

Iskandariyaning turizm va kurort ma’muriyatiga ko‘ra, voqea ertalab soat 05:00 larda pandemiya tufayli yopilgan sohilda bo‘lgan. Plyaj cheklov sababli qutqaruv xizmatlari va jihozlari bilan ta’minlanmagan.

Hozirda plyajlarga tashrif buyurish va dengizda suzish taqiqi faqat mehmonxonalar va ba’zi xususiy plyajlar uchun olib tashlandi. Jamoat plyajlarida hali ham dam olish va cho‘milish mumkin emas.

Politsiyaning ta’kidlashicha, ko‘pchilik uzoq plyajlarga borishga harakat qilmoqda. Chunki u yerda politsiya ularni payqamaydi. Bundan tashqari odamlar huquq posbonlariga ko‘rinish bermaslik uchun barvaqt cho‘milishga bormoqda.

Shu bilan birga, El-Agami mintaqasidagi ushbu sohil uzoq vaqtdan beri baxtsiz hodisalar tufayli “o‘lim qirg‘oqlari” deb nomlangan. 2018-yilda bir hafta ichida 21 kishi u yerda halok bo‘lgan, shundan so‘ng mahalliy hokimiyat plyajdan foydalanishni taqiqlab qo‘ygan.

От qwert.uz