BAAning “Umid” nomli kosmik zondi Yaponiyaning H-IIA raketa-tashuvchisi yordamida Tanegasima orolidagi kosmodromdan Marsga uchirildi. Raketani uchirish jarayoni Twitter orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiya qilindi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Twitter / HopeMarsMission

Raketa Toshkent vaqti bilan 20-iyul soat 02:58 da uchirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Umid” zondi 15-iyul kuni uchirilishi kerak bo‘lgan, biroq noqulay ob-havo sharoitlari sabab qoldirilgan edi. Xususan, Yaponiyada bir haftadan ortiqroq vaqt davomida kuchli yog‘ingarchilik sodir bo‘lgan.

Kosmik zond arab olimlari va muhandislari tomonidan yaratilgan bo‘lib, unga ikkita quyosh batareyalari, ko‘p kanalli kameralar, shuningdek, infraqizil va ultrabinafsha spektrometrlar o‘rnatilgan.

Zond Mars atmosferasining yuqori qatlamlarini tadqiq etadi, shuningdek, sayyora atrofida aylanib, undagi iqlim o‘zgarishini kuzatadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, zond Marsga 2021-yilning fevralida — BAAning davlat sifatida tashkil etilganiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan nishonlanadigan bayram arafasida yetib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Oy va Marsga uchishi kerak bo‘lgan SpaceX raketasining aprel va may oylaridagi sinovlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.

От qwert.uz