Kurbanoff.net Telegram-kanali 23-iyulda kislorod konsentratorining narxlari to‘g‘risida ma’lumot e’lon qildi. Unga ko‘ra, davlat xaridlari bo‘yicha elektron do‘kon eshop.uzex.uz veb-saytida kislorod konsentratorining narxi 11 va 30 million so‘mni, olx.uz veb-saytida esa 7,7 million so‘mni tashkil etgan. Muallif, birozdan so‘ng, olx.uz veb-saytida yuqorida ko‘rsatilgan narxda kislorod konsentratori ayni paytda mavjud emasligi va davlat xaridlari bo‘yicha ko‘rsatilgan narxlar tuzilgan bitimlarning narxlari emasligini ko‘rsatib o‘tgan — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Chap tomonda Buxoroda 12 million so‘m (1176 dollar)dan sotib olingan kislorod konsentratori. O‘ng tomonda AliExpress’da 220-320 dollardan sotilayotgan kislorod konsentratori.

Kollaj: “Daryo”

Moliya vazirligi davlat buyurtmachilari tomonidan kislorod konsentratori xaridi jarayoniga izoh berdi.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talabiga ko‘ra, elektron do‘kon orqali bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan) oshmaydigan tovarlar, bir davlat buyurtmachisi uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan oshmaydigan miqdordagi ishlar, xizmatlar xarid qilinishi mumkin.

Elektron do‘konda tovarlar (ishlar, xizmatlar) tadbirkorlik subyektlari tomonidan joylashtirib boriladi va yuqorida qayd etilgan summalardan ortiq qiymatdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) joylashtirilishiga dastur tomonidan cheklovlar o‘rnatilgan.

Bugungi kunda budjet buyurtmachilari 5,6 million so‘mgacha, korporativ buyurtmachilar esa 55,8 million so‘mgacha bo‘lgan qiymatdagi tovarlarni, shuningdek, 5,6 million so‘mgacha bo‘lgan ishlar va xizmatlarni elektron do‘kon orqali xarid qilishi mumkin”, – deyiladi Moliya vazirligi izohida.

Qayd etilishicha, qonun hujjatlariga ko‘ra, maxsus axborot portali avtomatik rejimda, narxlar so‘rovi mexanizmini amalga oshirgan holda ofertani taklif etgan ishtirokchiga hamda elektron do‘konda o‘xshash tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) taklif etayotgan barcha ishtirokchilarga xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish to‘g‘risida takliflar yuborilishini ta’minlashga majbur. Ishtirokchilar tomonidan berilgan narx bo‘yicha takliflarni taqqoslash portal tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.

“Portal shartnomani buyurtmachi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasida bayon etilgan shartlarga muvofiq hamda ishtirokchilar tomonidan taklif etilgan eng past narxda shakllantiradi. Shu nuqtayi nazardan, elektron do‘konda ishtirokchilar tovarlarni narxini oshirib kiritgan taqdirda ham savdo g‘olibi portal tomonidan narx so‘rovi mexanizmini amalga oshirgan holda avtomatik tarzda aniqlanishini inobatga olsak, shu turdagi tovar bo‘yicha eng maqbul (real) narx taklif qilgan ishtirokchi g‘olib deb topiladi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, narxlarni sun’iy tarzda oshirib ko‘rsatgan ishtirokchi g‘olib bo‘la olmaydi.

Misol uchun, pandemiya davrida elektron do‘kon orqali budjet buyurtmachisi tomonidan boshlang‘ich narxi 5,3 million so‘mlik kislorod konsentratori tanlangan, elektron savdo natijasida 5,0 million so‘mga (lot raqami 8551108) shartnoma tuzilgan.

Shuningdek, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida kislorod konsentratori 3,4 million so‘mdan 23,0 million so‘mgacha (QQS bilan) ekanligi, ularni modellari (qo‘shimcha funksiyalari mavjudligi) va ishlab chiqilgan mamlakatiga qarab narxlari har xilligi aniqlandi”, – deya qo‘shimcha qilgan izohda Moliya vazirligining axborot xizmati.

Shu bilan birga vazirlik davlat buyurtmachilari xarid qilish tartib-taomillari turlarini tanlashda, xaridlarning boshlang‘ich narxlarini belgilashda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni bilan belgilangan asosiy prinsiplarga qat’iy rioya etishlari hamda tovarni (ishni, xizmatni) sifati va narxi o‘rtasidagi maqbul nisbatni ta’minlash orqali xaridni amalga oshirishlari lozimligini eslatgan.

Prezidentning tegishli qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatning 13-bandiga asosan epidemiyaga qarshi (shu jumladan veterinariyaga oid) preparatlar, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish uchun kimyoviy vositalar, shuningdek, favqulodda holatlarda vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadigan tabiat hodisalari, epidemiyalar, kasalliklar tarqalishining oldini olish yoki uning oqibatlarini bartaraf etish uchun boshqa zarur tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin.

“Mazkur qarorga asosan Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan kislorod konsentratori 10,1 million so‘mga 2020-yil 22-iyuldagi to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnoma asosida xarid qilingan”, – deyiladi Moliya vazirligi bergan ma’lumotda.

“Maxsus axborot portalida (Xarid.uz) davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar, shu jumladan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamoatchilik uchun ochiqligi ta’minlangan. Davlat buyurtmachilari xaridlarni nafaqat elektron do‘kon xarid turi orqali, balki elektron auksion, tanlov (elektron tanlov), tender (elektron tender) va yagona yetkazib beruvchilardan davlat xaridlari turlari orqali amalga oshiradi”, – deyiladi axborotda.

Moliya vazirligi tomonidan davlat xaridlari sohasiga oid bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan choralar ko‘rilmoqda. Misol tariqasida, tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) xarid qilishning alohida tartibi belgilanadigan, strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning davlat xaridlari bo‘yicha e’lonlari maxsus axborot portaliga joylashtirishi shartligi, shuningdek, ustav fondida (kapitalida) strategik xaridorlarning ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarga Qonun talablari tatbiq etilishi belgilangan.

Shu bilan birga, “Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali tanlov va tenderlarni elektron shaklda o‘tkazish tartibi ishlab chiqilgan.

Bunda davlat xaridlari tizimini yanada rivojlantirish va xarid jarayonlarida inson omilini maksimal darajada qisqartirish orqali korrupsiya alomatlarini oldini olish maqsadida 2020-yilning may oyidan boshlab maxsus axborot portali operatorlarining etender.uzex.uz va tender.mf.uz platformalari orqali tanlov va tender savdolari elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlari amaliyotga joriy etilgan.

O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solingan. Ushbu Qonunda xarid qilish tartib-taomillarining turlari, mezonlari va asosiy prinsiplari belgilangan. Moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi, ochiqlik va shaffoflik, tortishuv va xolislik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik davlat xaridlarining asosiy prinsiplari jumlasidandir.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasida xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari belgilangan bo‘lib, bugungi kunda barcha raqobatli xaridlar elektron tarzda (inson omili aralashuvisiz) amalga oshirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan.

Avvalroq Buxoro viloyatida koronavirus bilan og‘rigan bemorlarga yordam berish maqsadida Dynmed kompaniyasining har biri 12 million so‘m turuvchi 50 dona tibbiyot kontsentratorini sotib olgani haqida xabar berilgandi. Telegram’da “Bakiroo” kanali yurituvchisi Otabek Bakirov Dynmed kompaniyasining kislorod konsentratorlari Alibaba’da 320 dollardan taklif etilayotganini, agar 100 tadan ortiq olinsa, 220 dollardan sotilayotganini yozib qoldirdi. Shuningdek, “Troll.uz” kanalida ham 50 dona konsentrator orasidagi farq 436 million so‘m ekani tanqid qilingan.

Buxoro hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan olib borilayotgan ishlarga asossiz xulosa berilayotganini qoralashini bildirib, bloger aytayotgan narxda kislorod konsentratori bor bo‘lsa, xarid qilishga tayyorligini aytgan.

“Gazeta.uz” ushbu tibbiyot uskunasining asl narxi qancha ekani va uni yetkazib beruvchi tadbirkorlik subyekti haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Keyinchalik O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qildi.

25-iyulda Buxoro hokimligi kislorod konsentratorlari Medtexno trade xususiy korxonasidan xarid qilingani oydinlashdi. Buxoro viloyatidagi mutasaddilar D02-8-AM rusumli konsentratorlari bemorni bir daqiqada 8 litrgacha namlangan kislorod bilan ta’minlasa, internet saytlarida e’lon qilingan apparatlar shu vaqtda 5 litrgacha namlangan kislorod bilan ta’minlash quvvatiga egaligni ta’kidlagan.

От qwert.uz