Bundan 104 yil muqaddam – 1916 yilning iyul oyida o‘sha payti Rossiya imperiyasiga tegishli bo‘lgan Turkiston o‘lkasi tarixidagi eng yirik qo‘zg‘olon ro‘y berdi. “Mardikorlar qo‘zg‘oloni” nomini olgan bu voqea Markaziy Osiyo davlatlari yangi tarixidagi muhim va shu bilan birga yaxshi o‘rganilmagan, e’tiborsiz qolib ketayotgan voqealardan biri hisoblanadi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Shu munosabat bilan “Daryo” tarix fanlari doktori, professor Dono Ziyayevaning ushbu voqealarga bag‘ishlangan maqolasini e’lon qiladi.

Yer yuzidagi 1,5 milliard aholini, 38 davlatni  qamrab olgan Birinchi jahon urushi insoniyat boshiga katta talafot yetkazdi. Bu davrda Rossiya imperiyasi mustamlakasiga aylantirilgan Turkiston o‘lkasida ham urush ta’sirida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat nihoyatda keskinlashib ketdi. Urush boshlanishi bilan rasmiy doiralarda bo‘lib o‘tgan uzoq muhokamalarda “Turkiston aholisiga qurol berish xavfli, bu qurol hukumatning o‘ziga qarshi qaratilishi mumkin”, degan xavf-xatar bois mahalliy aholini  frontga jalb etmaslikka  qaror qabul qilindi.

Foto: Google Photos

Ammo imperiya hukumati aynan shu bahona bilan o‘lkaning butun moddiy resurslarini front ehtiyojlari uchun ayamay jalb etishga kirishdi. O‘lkadan frontga yordam tariqasida beto‘xtov mablag‘, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar olib ketila boshlandi. Turli soliq va yig‘inlarning hajmi ham ko‘tarilib, ommaning ahvoli nihoyatda og‘irlashdi.

1913–1915-yillarda Turkistonda aholidan olingan barcha soliq, to‘lov va bojlardan o‘lka xazinasiga tushadigan mablag‘lar 66 foizga ortdi. Boz ustiga, davlat tomonidan jun, paxta, oziq-ovqat, sanoat, yoqilg‘ini sotib olish  narxlari   kamaytirib borildi. Turkistonga g‘alla yetkazib berish ham qisqarib ketdi va  1916-yilda non (g‘alla) taqchilligi 22 million pudga yetdi. Har tomonlama talangan tub aholi qulog‘igacha qarzga botib, xonavayron bo‘ldi. 1916-yilgi ma’lumotga ko‘ra, dehqonlarning bo‘ynidagi qarzi o‘z zamonasi uchun juda katta mablag‘ — 156,7 million so‘mni tashkil etgan edi.

Shunday qiyinchiliklarga qaramay, Turkistondagi mahalliy aholi erkaklari frontga ketgan rus oilalariga uy-ro‘zg‘or ishlari va xo‘jaliklarida ham bepul ishlab berar edi. Bu ham yetmagandek, erkaklari urushga kelgan rus oilalari uchun mahalliy aholidan 100 ming rubl hisobida pul ham yig‘ib olingan edi.

Foto: Google Photos

Birinchi jahon urushi yillarida asir olingan 150 ming kishi Turkistonga ko‘chirib keltirilishi iqtisodiy hayotni yanada  og‘irlashtirdi. Turkiston hududida Boltiqbo‘yi, Polsha va boshqa joylardan ko‘chirib  keltirilgan 70 ming kishidan iborat  nemislar, avstriyaliklar, vengrlar, polyaklar, chexlar, latishlar, slovaklar va boshqa millatlar joylashtirildi.

Shunday sharoitda 1916-yilning 25-iyunida Rossiya imperatori Nikolay II qabul qilgan yangi farmon e’lon qilindi. Bu farmonga ko‘ra, o‘sha paytda Birinchi jahon urushida ketma-ket mag‘lubiyatga uchrab turgan Rossiya imperiyasining frontorti hududlariga Turkistondagi 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan mahalliy erkak ahli mudofaa inshootlari, istehkomlar qurish uchun safarbar etilishi buyurilgan edi.

Farmonning amalga oshirilishi, eng avvalo, xalqni o‘z boquvchilari – ro‘zg‘orboshidan mahrum etib, uning shusiz ham og‘ir ahvolini yanada mushkullashtirishi shubhasiz edi.

Farmon ijrosiga zo‘ravonlik bilan kirishilgan birinchi kunlardanoq xalq unga qarshi keskin bosh ko‘tardi. 4-iyulda Xo‘jandda boshlanib, bir necha kun ichida butun o‘lkani qamrab olgan norozilik g‘alayonlari qisqa muddatda mustamlaka hukumatga qarshi ommaviy xalq qo‘zg‘olonlariga aylandi. Toshkent, Samarqand, Andijon, Namangan, Qo‘qon shaharlarida qo‘zg‘olonlar shu qadar ommaviy, umumxalq tus oldiki, ayrim joylarda, masalan, Marg‘ilonda  ularning ishtirokchilari 25 ming kishigacha borib yetdi. Ikki hafta ichida 150 ta aholi punktlarida xalq g‘alayonlari ko‘tarilib, politsiya va ma’muriyat bilan keskin va qonli to‘qnashuvlar bo‘ldi.

Qo‘zg‘olonlar mustamlaka hukumatni sarosimaga solib qo‘ydi. Turkistonda 18-iyul kuni  harbiy holat e’lon qilindi. Turkistondan ajralib qolishdan xavfsirab, mustamlaka hukumat bor kuch va imkoniyatlarini ishga soldi. Rossiyadan va chegara hududlaridan ketma-ket harbiy kuchlar yetib kela boshladi. Xalq g‘alayonlari soat sayin keskinlasha boshlagach, vaziyatdan chiqish uchun 30-iyul kuni safarbarlikni 15-sentyabrga qadar kechiktirish haqida imperator farmoni e’lon qilindi. 23-avgustda esa safarbar qilinuvchilar soni 250 ming kishidan 200 ming kishiga kamaytirildi. Xalqni mahalliy amaldorlar va nufuzli kishilar qo‘llab-quvvatlashiga yo‘l bermaslik uchun ellikboshi, oqsoqol, qozilar, diniy ulamolar (imom, mullalar), mudarrislar va talabalar safarbarlikdan ozod qilindi.

Foto: Google Photos

Ayni paytda mustamlakachilar qo‘zg‘olonni vahshiyona bostirib, shafqatsiz o‘ch ola boshladi. Ayniqsa, Jizzax shahrida amalga oshirilgan vahshiyliklar, ommaviy qirg‘in katta talafotlarga olib keldi. Shu bilan birga, Turkiston ziyolilari o‘lkada sodir etilayotgan zo‘ravonlik va xunrezliklar haqida arz qilib, Peterburgga Davlat Dumasiga vakil jo‘natadi va bu holatga chek qo‘yishni talab qiladi. Mardikorlikka mahalliy aholining zo‘rlik bilan safarbar qilish haqidagi farmonning adolatsizligini ta’kidlab, bunday holatga chek qo‘yishni, ahvolni o‘rganish uchun komissiya yuborishni so‘rashadi.

Rossiya Davlat Dumasi tomonidan Turkistondagi ahvol bilan bevosita tanishish uchun deputatlardan iborat  maxsus  komissiya jo‘natiladi. Deputatlar  10 kun davomida Jizzax, Qo‘qon, Andijon, Samarqand kabi shaharlarda bo‘lib, Mustafo Cho‘qayev tarjimonligida mahalliy aholi bilan yuzma-yuz, ma’murlar va mirshablar ishtirokisiz suhbatlashdi. Xalq sodir bo‘lgan voqealarning sabablari, tafsilot va oqibatlari haqida ro‘yi-rost ko‘rsatma berdi.

Farmon ijrosi maqsadida mardikorlar ro‘yxatini tuzish jarayonida mustamlaka ma’murlarining poraxo‘rligi,  ularning kissasiga pul solgan boylarning yosh o‘g‘illari “Keksa” degan bahona bilan frontdan ozod qilinib, 70 ga chiqqan kambag‘al mo‘ysafidalar 40 yosh yigit sifatida safarbarlikka olingangani, boyning beshta o‘g‘li uyda qoldirilib, kambag‘alning yolg‘iz yoki kasalmand o‘g‘li, o‘g‘li bo‘lmasa eri ro‘yxatga tirkalgani,  xalq g‘alayonlari o‘ta vahshiyona bostirilgani haqidagi ma’lumotlar deputatlarni junbushga keltirdi. Bu ma’lumotlar Rossiya Davlat Dumasida 1916-yil 16-noyabrda bo‘lib o‘tgan yopiq majlisda e’lon qilinganda esa to‘plangan deputatlar bu adolatsizlikka qarshi o‘z tuyg‘ularini jilovlay olmay, keskin norozilik bildirganliklari majlis bayonnomasida ochiq e’tirof etildi va arxivlarda saqlanib qoldi.

Majlis yakunida Davlat Dumasi deputatlari imperatorga bu g‘ayriqonuniy farmon va Turkistondagi ma’muriyatning qilmishlariga javob berishni so‘rab, so‘rovnoma jo‘natdi. G‘alayonlar vahshiylik bilan bostirilgach, hukumat 15-sentabrdan farmon ijrosiga kirishdi va o‘lkadan 123 300 kishi mardikorlikka safarbar etildi.

Bunday sharoitda Turkiston ma’rifatparvarlari uzoq sovuq yurtlarga noma’lum muddatga zo‘rlab olib ketilayotgan xalq azoblarini yengillatishga urinib, maxsus qo‘mitalar tuzdi. Bu qo‘mitalar faoliyati natijasida safarbar etilayotganlarga halol ovqat tayyorlash uchun oshpaz, ibodat uchun imom, maktublar yozish uchun mirzalar biriktirildi, issiq kiyimlar to‘plandi.

Foto: Google Photos

Safarbar etilganlarning juda ko‘pchiligi mehnatga yaroqsiz bo‘lsa-da, ular  majburan jo‘natilgan edi. Ulardan eng og‘ir ishlarda, arzimagan haq evaziga foydalandilar. Rossiyaning qahraton qish iqlimida ust-boshi yupun, qorni och, sog‘lig‘i og‘irlashgan, oddiy haq-huquqdan mahrum mardikorlar og‘ir jismoniy mehnatdan, tibbiy yordam, zarur sharoit yo‘qligi tufayli yoppasiga kasallanib, ochlikdan, sovuqdan azob chekdi.

Ularning shikoyat va arz-dodlarga to‘la maktublarida qayd etishicha, “ishga olinganlarga qattiq turma rejimi o‘rnatilgan. Qarindoshlar bilan uchrashtirilmagan, arzimas gunoh uchun kaltaklangan, ular doimiy sur’atda soqchilar nazoratida bo‘lgan. Ishchilar hayot sharoitlari chidab bo‘lmas darajada og‘ir bo‘lib, ular zaxda, suvda turib ishlagan. Yotoqlar zaxligi bois, ishchilar surunkali og‘rib,  bod (revmatizm) kabi kasalliklar bilan og‘ir xastalangan. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmagan, charchash yoki betoblikdan hasrat qilganlar esa kaltaklanib, haqoratlanar, eng og‘ir jazo  berilar edi”.

Bularning bari mustamlakachilik zulmi, Birinchi jahon urushi va mardikorlikka safarbarlik haqidagi imperator Nikolay II ning farmoni ijrosining Turkiston aholisi boshiga solgan kulfatlarning ayanchli natijasi edi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

От qwert.uz