O‘zbekistonda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi hamda nogironligi bo‘lgan bolalar sentabr oyida pensiya va nafaqaga qo‘shib, 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ham oladi. Bu haqda aholining ehtiyojmand qatlamlari bolalariga pul tarqatishga oid Prezident qarori yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb xabar beradi “Kun.uz” — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: “Daryo”
“Bir martalik beriladigan moddiy yordam puli mazkur shaxslar Pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya va nafaqa oluvchi sifatida qayd etilgani bois, sentabr oyida ularning pensiya yoki nafaqalariga qo‘shib beriladi.
Plastik karta orqali oluvchilarga, bilamizki, pul oyning boshida kelib tushadi. Naqd pulda oluvchilar Xalq banki tomonidan pensiya, nafaqalarni olish grafiklariga asosan manzillariga tarqatib berilishi ko‘zda tutilgan”, – deydi Pensiya jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Shuhrat Davronov.
Avvalroq sentabr oyida yuqoridagi ikki toifadan tashqari, “temir daftar”ga kirgan oilalarning 16 yoshgacha bo‘lgan bolalariga ham 500 ming so‘mdan berilishi ma’lum bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, Qurbon hayiti bayrami arafasida respublika budjetidan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali 150 ming oila 1 million so‘mdan moddiy yordam olgandi. Shuningdek, 15-avgustgacha 400 mingdan ko‘proq oilaning har bir a’zosi uchun 220 ming so‘m miqdorida moddiy yordam berilishi belgilangandi. Keyinroq yana 150 mingdan ortiq oila moddiy yordam olishi ma’lum bo‘ldi.