Yangi xarid qilingan libos hali ko‘p kiyilmasidan eskirib ketgandek tuyulyaptimi? Demak, uni yuvishda e’tiborli bo‘lish kerak. Kiyimlar odatda ko‘p kiyilganidan emas, balki noto‘g‘ri yuvilganidan oxori to‘kilishi kuzatiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: “Domashniy ochag”
Qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yomon
Ko‘pchilik qancha ko‘p kir yuvish kukuni solinsa, shuncha yaxshi yuviladi, deb o‘ylaydi. Afsuski, mato yaxshi yuvilmaydi, choklar va burmalar ichida saqlanib qolgan kukun matoning sifatini buzadi. Shuningdek, kir yuvish kukuniga ham ortiqcha pul sarflanadi.
Ko‘p ishqalansa, tez yirtiladi
Matolardan dog‘ni ketkazish yoki yanada tozaroq yuvilishi uchun uzoq vaqt ishqalash mumkin emas, bir-biriga ishqalangan mato bora-bora yupqalashadi. Yupqalashgan mato esa oson yirtilishga moyil bo‘ladi.
Matolarni turlariga ko‘ra saralash kerak
Odatda kiyimlar rangiga ko‘ra ajratib yuviladi. Masalan, qora va oq kiyimni birga yuvish mumkin emas. Shu kabi matolarning turiga qarab ham ajratish zarur. Masalan jinsi shim, futbolka yoki biror kofta singari kiyimlarni alohida yuvish samara beradi.
Foto: “Domashniy ochag”
Qanday ilgan ma’qul?
Aynan yubka va shimlar uchun maxsus ilgichlar ishlab chiqarilgan, buning sababi bor. Ular kiyimda ortiqcha g‘ijimlar paydo bo‘lishini oldini oladi. Bu uzoq vaqt qiyinchilik bilan dazmol qilishdan qutqaradi. Hattoki yumshoq yupqa sviterlar uchun yelkasi maxsus yostiqchali ilgichlar mavjud. Ular kiyimlarni cho‘zilib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Og‘ir kiyimlarni esa ilish emas, javonga tartib bilan taxlash tavsiya etiladi.
Eski sochiq bormi?
Agar qo‘lda yuvishni talab etadigan nozik matodan tikilgan liboslar bo‘lsa, uning suvini siqishda ehtiyot bo‘lish zarur. Buning uchun ishlatilmagan toza sochiqqa o‘rab, keyin siqish kerak. Bu holatda kiyimdagi namlikni sochiq shimib oladi va libos ham avvalgidan ko‘ra kamroq g‘ijim bo‘ladi. Shuningdek, libos ham o‘z shaklini hamda sifatini yo‘qotmaydi.
Kir mashinasini to‘ldirish mumkin emas
Birinchidan, kir mashinasining ishlashi qiyinlashib, umri qisqaradi. Ikkinchidan, unga to‘ldirilgan kiyimlar haddan tashqari bir-biriga chalkashib, osongina yirtilishi mumkin.
Kichik kiyimlarni maxsus xalta bilan yuvish lozim
Ichki kiyim, paypoq va shunga o‘xshash vositalarni maxsus to‘rli xaltada yuvish kerak. Shunda ularni olishda qiyinchilik tug‘ilmaydi. Aks holda yupqa kiyimlar teshik va tugun holatiga o‘tishi mumkin. Ayniqsa, bolajonlarning paypoqlari ham maxsus qopda yuvilishi kerak. Kir yuvish mashinasining eng ko‘p buzilishiga ham kichkina ashyolarning baraban va mashina korpusi orasiga tiqilib qolishi sabab bo‘ladi.
Kir yuvish mashinasini ham yuvishni unutmaslik kerak
Yuvilgan kiyimlardan yoqimsiz hid kelmaslik uchun kir mashinasini ham yuvib turish kerak. Kir mashinaning har bir qismi tozalanib, so‘ngra quritilishi shart. Shuningdek 4 oyda bir marotaba faqatgina suv bilan yuvish jarayonini to‘liq amalga lozim.