Bundan 1234-yil oldin 786-yil 14-sentabr kuni Abbosiylar xalifaligi taxtiga xalifa al-Mahdiyning o‘g‘li Horun ibn Muhammad al-Mahdiy ibn al-Mansur o‘tirdi. Shu tariqa islom olamining eng gullagan davri deya e’tirof etiladigan Xorun ar-Rashid davri boshlandi. Xo‘sh, u haqiqatda ertaklarda ta’riflanganidek odil va ilmparvar xalifa bo‘lganmi? Uning davri haqiqatda islomning “oltin davri”mi? “Daryo” bugungi maqolada shu va boshqa savollarga javob topishga harakat qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Google Photos

Bolaligi va o‘smirligi

Beshinchi abbosiy xalifa bo‘lmish Horun ar-Rashid 765-yilda Ray shahrida tavallud topdi. Otasi 775–785-yillarda hukmronlik qilgan uchinchi abbosiy xalifa Muhammad al-Mahdiy bo‘lib, onasining ismi Hayzuran yamanlik joriyalardan biri edi. Onasining kuchli xarakterga ega ekani uning saroydagi nufuzi oshishida va farzandlarining davlat tepasiga kelishida muhim rol o‘ynagan. Bolaligi Bag‘doddagi abbosiylar saroyida hashamat ichra kechgan Horun 15 yoshlarga yetganda katta janglarda ishtirok etdi va ularda qo‘mondonlik ham qildi.

Jumladan, Mansur Abdulhakimning “Horun ar-Rashid: tuhmatlar qilingan xalifa” asarida quyidagi voqea bayon etiladi: “Mahdiy farzandi Horunni ot choptirish, o‘q otish, nayza uloqtirish va jang san’ati kabi o‘yin-mashqlar bilan band qildi. Horunning qaddi-qomati mustahkamlanib, baquvvat yigit bo‘lib yetishganidan keyin, 163-yilda (hijriy) otasi uni Rum (Vizantiya)ga urushga jo‘natdi. Qo‘shinda Husayn ibn Qahtoba, Muso ibn Iyso va Abdulloh ibn Solih kabi mashhur va kuchli sarkardalar borligiga qaramay, Horunni qo‘shin boshlig‘i (sarkardasi) qilib tayinladi. Bu paytda ar-Rashidning yoshi 15 dan oshmagan edi”.

Vizantiyaga amalga oshirilgan milodiy 782-yilgi urushda Bosfor bo‘g‘ozi ichigacha kirib borib, bugungi Uskudargacha yetib boradi. Shu urushlar natijasida vizantiyaliklar bilan tinchlik sulhi imzolanishiga erishadi va ularga katta o‘lponlar to‘lash majburiyatini yuklaydi. Shu tariqa zafar bilan qaytgan Horunga otasi tomonidan Misr, Suriya, Armaniston va Ozarbayjon yerlari voliyligi beriladi. Uning nomidan ishlarni xalifalikda yuksak ehtiromga ega bo‘lgan barmakiylar oilasining boshlig‘i Yahyo ibn Xolid Barmakiy boshqaradi.

Otasining vafotidan so‘ng xalifalik taxtiga akasi al-Hodiy o‘tirdi. Uning 784–786-yillardagi qisqa muddatli xalifaligidan so‘ng 786-yilda vafot etishi ortidan taxtga Horun ar-Rashid o‘tirdi.

Horun va xalifalik

Horunning taxtga o‘tirishi oson kechmadi. Sababi o‘zidan oldingi xalifa Musa al-Hodiy o‘g‘li Ja’farni valiahd deb e’lon qilgan edi. Ammo Horun hokimiyatni egallashi bilan jiyanini taxtdan voz kechishga majbur qildi va xalifalik taxti Horunda qoldi. Bundan tashqari, Musa al-Hodiyning qattiqqo‘l xarakteri va Horunning yumshoq xarakteri saroy a’yonlarining Horun atrofida birlashishiga ham zamin hozirlagan edi. Onasi Hayzuran ham katta o‘g‘liga qarshi kichik o‘g‘li Horun yonida turdi.

Foto: Google Photos

Hodiyning vafoti borasida uning zaharlangani haqida ma’lumotlar bor. Shunday qilib, Horun 786-yilda taxtga o‘tirdi va o‘ziga “ar-Roshid”, ya’ni “to‘g‘ri yo‘ldan yuruvchi” taxallusini oldi. Shu yili taxtga o‘tirish arafasida uning forslik joriyasi o‘g‘il ko‘rdi. Unga Abdulloh deb ism qo‘ydi va u keyinchalik al-Ma’mun taxallusi bilan taxtga o‘tirdi. Bir yildan keyin “Ming bir kecha”da eng go‘zal ayol sifatida ta’riflangan ayoli Zubayda o‘g‘il ko‘rdi. Ikkinchi farzandga al-Amin deb ism qo‘ydi.

Xalifa o‘ziga vazir qilib Yahyo ibn Xolid Barmakiyni tanlaydi va amalda davlat ishlari mazkur vazir tomonidan boshqariladi. Bu oila Horun xalifaligining dastlabki davrida katta imtiyozlarga ega bo‘ladi. O‘sha davr manbalarida qayd etilishicha, xalifa harbiy masalalar, san’at va ilmga asosiy e’tiborini qaratdi. Davlatni boshqarish esa Yahyo tomonidan amalga oshirildi. Ibn Xaldunning yozishicha, Yahyoning o‘g‘li Ja’far “Sulton” rutbasini ham oldi.

Yahyo xalifadan keyingi eng yuqori lavozimli va qudratli shaxs sifatida qoldi. Devon xodimlarini tayinlash ham Yahyoga topshirildi. Xalifa esa o‘ziga “amir al-mo‘minin” va “imom” rutbalarini saqlab qoldi. Butun islom diyorida birlikni va tartibni saqlash maqsadida islom fiqhiga, shariatga va ahli sunna e’tiqodining mustahkamligiga bor e’tiborini qaratdi. Shu maqsadda bir qator adashgan toifalar, xususan, shialar bilan janglar qilishga ham majbur bo‘ldi. Islom ulkan imperiyani birlashtirib turuvchi asosiy vosita edi.

Horun ar-Rashid davridagi gullab-yashnash hech bir tarixchi tomonidan shubha ostiga olinmaydi. Savdo-sotiq ishlari Xitoy chegaralarigacha yetib keldi. Ammo savdo-sotiqning bunday rivojlanishi oddiy xalq turmushini yaxshilamagan deb hisoblanadi. Bunga esa uning hukmronligi davrida ijtimoiy tengsizlik sabab yuzaga kelgan bir qator xalq qo‘zg‘olonlarini sabab qilib ko‘rsatadilar. Bunday harakatlar ba’zan diniy tusga ham ega bo‘lardi. Masalan, xorijiylar va shialarning sunniylarga qarshi chiqishlari shular jumlasidandir.

Horun ar-Rashid hukmronligi yillarida ilm-fan ham juda yaxshi rivojlandi. O‘zi yoshligidan ko‘plab ilmlarni egallagani uchun ham xalifaligi zamonida ilmni rivojlantirishga e’tibor berdi. Zamondoshlari u haqida “Rashidning fahmi, ulamolar fahmidir”, deyishardi (Suyutiy, “Tarixul xulafa”). Uning ilmga bo‘lgan e’tiborini baholashda u tashkil qilgan “Baytul hikma”, “Donishmandlik uyi” tashkilotini esga olishadi. “Baytul hikma” bir necha xona va zallarni o‘z ichiga olgan edi va unga Hindiston, Yunoniston, Forsdan kitoblar keltirildi, tarjima ishlari boshlandi.

Foto: Google Photos

Ba’zi xonalar kutubxona, ayrimlari ma’ruza zali, boshqalari kitob chop qilishga mo‘ljallangan xonalar edi. Horun ar-Rashid “Baytul hikma”ga nasroniy tabib Masavayhni boshliq qilib qo‘yadi. Anqaradan keltirilgan kitoblarni arab tiliga tarjima qilishga buyuradi. Bu asarlar tibbiyot, astronomiya, falsafaga oid kitoblar edi. Bag‘dodga talabalar oqib kelardi, masjidlarda ilm halqalari ko‘p bo‘lar, bir masjid bir institut ishini bajarardi.

Amerikalik tarixchi Uilyam Dyurant yozadi: “Tarixda qaysi podshoh Horun ar-Rashid kabi atrofiga aqlli olimlarni to‘plaganini bilmayman”. Abu Yusufdek alloma davlatning bosh qozisi edi. Abdulloh ibn Muborak, Fuzayl ibn Iyoz, imom Molik va Shofe’iy kabi olimlar shu davrda yashagan.

Abbosiylarning ilk yillarida Talosda Xitoy ustidan qozonilgan g‘alaba xalifalikda ilmning rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Asirga olingan xitoylik askarlardan qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyasi, poroxlardan foydalanish texnologiyalari o‘zlashtirildi. Xalifalikning Samarqand, Bag‘dod, Damashq, Qohira kabi shaharlarida qog‘oz fabrikalari ishga tushirildi. Horun barcha davlat ishlarida qog‘oz ishlatishni yo‘lga qo‘ydi.

Xalifalikning parchalanishi

Horun ar-Rashid davri Islom davlatining oltin davri deb hisoblansa-da, lekin aynan uning hukmronligi yillarida Abbosiy xalifaligi parchalanishni va zaiflashishni boshladi. Bu davrni arabshunos Erik Valle “Xalifalik davlatining parchalanish davri”, deb ataydi. Sababi Horun xalifaligi davrida davlatning Afrika qismi ajralib ketdi. Dastlab 788-yilda Marokashda Hasan ibn Alining avlodidan Idris I xalifalikdan mustaqil bo‘lib, idrisiylar sulolasiga asos soldi. Keyin esa Ifriqiya voliysi Ibrohim ibn Ag‘lab 800-yilda o‘zini mustaqil deb e’lon qildi va xalifalikdan ajralib ketdi. Bugungi Tunis hududlarida mazkur sulola 903-yilgacha hukm surdi.

Yamanda 795-yilda abbosiylar voliysi Hammod al-Barbariga qarshi xalq qo‘zg‘olon ko‘tardi va u 804-yilga kelibgina bostirildi. Suriyada hamon ummaviylarga xayrixohlik kuchli edi. Horun 796-yilda Fazl ibn Yahyoni u yerda tartib o‘rnatish maqsadida yubordi. Bulardan tashqari, Shomdan qochgan ummaviylar hamon Ispaniyada hukmronlik qilar va bu abbosiylarga jiddiy xavf tug‘dirib turar edi. Shuningdek, saroydagi muhit ham yomonlasha boshladi. Avvaliga, juda katta vakolatlar berilgan barmakiylar oilasiga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgardi. Tabariy bunga to‘rt ehtimoliy sababni keltirib o‘tadi.

Foto: Google Photos

Birinchidan, qarib qolgan Yahyo Barmakiy Makkaga ketishni xalifadan so‘raydi. Ammo xalifa o‘rniga birorta farzandini tayinlashni so‘rab buni rad etadi. Yahyo Fazlni o‘rinbosar sifatida tayinlaydi, ammo xalifa bu o‘ringa Ja’farni ko‘rishni istaydi.

Ikkinchidan, ayni shu paytda raqqalik bir ulamoning Yahyo va uning oilasining dahriy ekani haqidagi nomasi xalifa qo‘liga kelib tushadi.

Uchinchidan, Ja’far ibn Yahyo 788-yildan buyon hibsda saqlanayotgan Hasan ibn Ali (r.a) avlodidan bo‘lgan Yahyoni xalifa ruxsatisiz ozod qilib yuboradi. U Tabaristonda qo‘zg‘olon ko‘targani uchun hibsga olingan edi. Ja’farning bu ishi esa Xalifaga yoqmaydi.

To‘rtinchidan, Horunning Abbasa ismli singlisi bo‘lib, uni Ja’farga turmushga beradi. Lekin kelishuvga muvofiq bu nikohdan farzand tug‘ilishi mumkin emas edi. Ammo shunga qaramay, Abbasa homilador bo‘lib qoladi. Bunday haqoratli sababni Ibn Xaldun yoqlamaydi va beshinchi sababni o‘rtaga chiqaradi, ya’ni barmakiylar oilasining mamlakat moliya tizimini o‘ziniki qilib olganini sabab qilib ko‘rsatadi. Shu tariqa 803-yilda Horun barmakiylarning yosh bolalaridan tashqari barcha a’zosini qirib tashlaydi.

Horun ar-Rashid obrazining ideallashtirilishi

Horun ar-Rashid davrini, xususan, xalifa shaxsini ideallashtirgan eng mashhur asar arablarning mashhur “Ming bir kecha” ertaklar turkumidir. Mutaxassislar uning shaxsining ideallashtirilishini bir nechta sabablar bilan tushuntiradi.

Birinchidan, uning adabiyotda tasvirlangan xususiyatlari, avvalo, axloqiy-ruhiy xususiyatlardir. U taqvoli, adolatli va saxovatli xalifa sifatida gavdalantiriladi. U hamjihatlik va adolat ustuvor bo‘lgan hukmronlikni o‘zida mujassam etgan. Xalifaning shariatga, islom ahkomlariga, fiqhga katta e’tibor berishi va adashgan toifalar bilan qilgan mujodalalari unga nisbatan bunday qarashni tasdiqlagan. Xususan, u xalifalik rutbasiga haqiqiy oldingi buyuklikni qaytardi.

Foto: Google Photos

Ikkinchidan, Horun ar-Rashid va undan oldingi xalifa al-Hodiy o‘rtasidagi katta farq ham unga nisbatan hurmat-izzatni yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lgan omillardan biridir. Bu bir tomondan bo‘lsa, ikkinchi tomondan uning davridagi nisbatan tinch hayot va undan keyin al-Amin va al-Ma’mun o‘rtasida boshlangan taxt uchun kurashlar va fuqarolik urushlari ham uning shaxsiga bo‘lgan ijobiy qarashni shakllantirgan. Abbosiy davlatini zaiflashtirgan mazkur mojaro islom tarixida to‘rtinchi fitna deb nomlangan.

Uchinchidan, Horun ar-Rashidning ideal xalifa qilib tasvirlanishi “risoladagi shahzoda, risoladagi amir” qiyofasini yaratish yo‘lidagi bir dasturni yaratish maqsadida amalga oshirilgan ishlardan biridir. VIII asrda islom olamida adabiy janr sifatida paydo bo‘lgan “amirlar ko‘zgusi” janrining maqsadi barcha amirlar ergashishi lozim bo‘lgan “komil shahzoda” obrazini yaratish edi. “Ming bir kecha” mualliflari esa bunga prototip sifatida Horun ar-Rashidni tanlab olgan. Dastlab og‘zaki tarzda tarqalgan “Ming bir kecha” XIII asrga, ya’ni xalifalik zaiflashib qolgan davrga kelib bir joyga jamlandi va kitob holiga keltirildi. Bu davrda esa barcha kuchli, mukammal bir xalifaga muhtoj edi. “Ming bir kecha”dagi Horun ar-Rashid esa ularning bu kemtigini to‘ldirishi lozim edi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, xalifa Horun ar-Rashid haqiqatda tarixdagi eng murakkab shaxsiyatlardan biri bo‘lib qolaveradi. Uning davrida amalga oshirilgan ilm-fan rivojidagi ishlar keyinchalik yuz bergan uyg‘onish davriga asos yaratib berdi desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Davlat siyosati va hududiy birlik borasida uning davrida boshlangan mahalliy hokimlarning qo‘zg‘olonlari keyinchalik xalifalik tarkibidan Xuroson, Movarounnahr kabi o‘lkalarning mustaqil bo‘lib ajralib chiqishiga zamin hozirladi.

Xatib Bag‘dodiy o‘zining “Tarixi Bag‘dod” asarida Fuzayl ibn Iyoz tilidan Horun ar-Rashid faoliyatiga shunday baho beradi: “Fuzayl ibn Iyoz aytadi: “Men uchun mo‘minlar amiri Horun ar-Rashidning o‘limidan og‘irroq judolik yo‘q, agar iloji bo‘lganida umrimdan unga bergan bo‘lardim”.

Abbosiylarning beshinchi xalifasi, amir-ul mo‘minin Horun ar-Rashid 809-yil 24-mart kuni Xurosonning Tus shahrida 44 yoshida vafot etgan edi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.

От qwert.uz