Rossiyaning Neft va gaz ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish instituti raisi o‘rinbosari D.Mishchenko boshchiligida qator ish beruvchi kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiyaning 2020-yilning avgust oyida O‘zbekistonga tashrifi doirasida mamlakat fuqarolarini yirik qurilish obyektlariga ishga jalb qilish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish va boshqa masalalar bo‘yicha kelishib olingan edi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: O‘zA

O‘zAning xabariga ko‘ra, ushbu kelishuvga muvofiq, 20-sentabr kuni 346 nafar o‘zbekistonlik Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali jo‘nab ketdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmatidan xabar berishlaricha, ularning transport, ovqatlanish, patent va yashash xarajatlari, agarda ishchida kasallik aniqlansa, uning davolanishi ish beruvchi kompaniyalar tomonidan ta’minlanishi, shuningdek, oylik ish haqi o‘rtacha 40-60 ming rublni tashkil etishi belgilangan.

Yurtdoshlarimiz 14 kunlik karantindan so‘ng belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish obyektlarida ish boshlaydi.

Ma’lum qilinishicha, yil yakuniga qadar 5 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolarini mazkur zavod qurilishga ishga jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Avvalroq o‘zbekistonlik ayollar ko‘proq qaysi davlatlarga ishlash uchun ketayotgani ma’lum qilingandi.

От qwert.uz