Bundan 83 yil oldin, aniqrog‘i 1937-yilning 7-iyul kuni Xitoyning shimolida joylashgan Peiping (Xitoyning hozirgi poytaxti — Pekin, o‘sha vaqtlarda ushbu shahar shunday nomlangan) shahrida Xitoy va Yaponiya qo‘shinlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuz berdi. “Daryo” “Marko Polo ko‘prigi to‘qnashuvi” nomini olgan, keyinchalik Ikkinchi jahon urushining Tinch okeanidagi keng ko‘lamli urushiga aylangan jang haqida hikoya qiladi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Wikipedia
Urushning kelib chiqishi
1931-yilda Yaponiyia Manchjuriya (hozirgi shimoli-sharqiy Xitoy)ni bosib oldi va shimoliy Xitoy-Peiping va Tianjin shaharlari atrofida okkupatsion zonalarini kengaytirish hamda mintaqaning sanoatini rivojlantirish uchun katta mablag‘ sarflab, Manjuguo kichik davlatini tashkil qildi. Ushbu jarayon Xitoy hududiy yaxlitligini buzish deb baholanib, Xitoyda anti-yapon harakatini keltirib chiqardi.
1937-yilga kelib bu harakat shunchalik avj oldiki, Xitoy kommunistlar va natsionalistlari fuqarolik urushini tugatib, yapon bosqinchilariga qarshi Birlashgan front tuzishga qaror qiladi. Jang boshlanishidan oldin yaponlar Peiping janubi-g‘arbidagi Marko Polo ko‘prigi (xitoycha “lugouqiao”) yaqinidagi Fengtai temiryo‘l kesishmasini bosib olgan edi.
O‘sha yilning 7-iyul sanasida yapon qurolli kuchlari askarlardan birini qidirish uchun ko‘prik yaqinidagi pastak devor bilan o‘ralgan Vanping shahriga kirishni talab qiladi. Talab rad etildi. Hammasi shundan so‘ng boshlandi: bu orada o‘q ovozi eshitildi va ikki tomon askarlari ham o‘q uzishni boshladi. Aksil-yapon harakati bosimi ostidagi Xitoy hukumati hech qanday kelishuvga ko‘nmadi, yaponlar ham o‘z pozitsiyalarida qat’iy turib oldi. Shunday qilib, ziddiyat kuchayib bordi.
Janglar markazlashib borgani sari yaponlarning muvaffaqiyatli yurishlari ko‘payib bordi. Jamoatchilik bosimi ostidagi Yaponiya hukumati Xitoyda tezroq g‘alaba qozonishga qaror qiladi. Biroq urush uzoq davom etdi va tomonlarning kelishmovchiligi Xitoy—Yaponiya urushi (1937—1941) va 1941-yilda Ikkinchi jahon urushining Tinch okeanidagi urushiga ulanib ketdi.
Foto: Google Photos
Yaponiya agressiyasiga qarshi urush
Ushbu urush yuqorida aytib o‘tganimizdek, Xitoy o‘z hududida Yaponiya ta’siri ortishiga qarshi keng ko‘lamli harakatlari ortidan kelib chiqqan. To 1941-yilning 9-dekabriga qadar yakunlanmagan urush uch fazaga bo‘linadi: 1938-yil yakunigacha Yaponiyaning yuksalishi, 1944-yilgacha virtual turg‘unlik davri va Yaponiyaning mag‘lubiyatiga sabab bo‘lgan ittifoqdoshlarning qarshi hujumlari.
XX asr boshlarida Yaponiya dastlab “Yigirma bitta talab” (1915) shartlari va keyinchalik Xitoy sarkardasi Jang Zuolin tomonidan qo‘llab-quvvatlov sababli Manchjuriyani nazoratda ushlab turdi. Manchjuriyadagi xitoyliklar yaponlarga berilgan imtiyozlardan, ularning ustunliklaridan norozi edi. Shunday qilib, mojarolar jiddiy tus ola boshladi. Ushbu hududda xitoyliklar ko‘pchilikni tashkil qilgani sababli hududning yuridik nazorati Xitoy hukumatida edi. Shunga qaramay, Yaponiya Manchjuriyaning janubiy qismini temiryo‘llar, Liaodong yarimorolidagi ijara va suverenitetga putur yetkazuvchi boshqa yo‘llar bilan boshqarib turgan.
O‘z mustaqilliklarini himoya qilish maqsadida xitoyliklar yapon liniyalarini qurshab oluvchi va Huludao portiga kelib to‘xtovchi bir qator temiryo‘llarini qurishni boshladi. 1935-yilda yaponlar Xebey va Chahardan (hozirgi Ichki Mo‘g‘ulistonning bir qismi) Yaponiyaga dushmanligini isbotlashi mumkin bo‘lgan har qanday mansabdor shaxslar va qurolli kuchlarni tortib olishga majbur bo‘ldi.
Foto: Google Photos
Bundan oldinroq Yaponiya va Xitoy tomonlari 1934-yilning bahorida Tokioda kuchga kirgan hukm bo‘yicha butun Xitoyni yapon qo‘riqxonasi deb aytib, unda hech bir kuch uning roziligisiz muhim harakatlarni amalga oshira olmasligini ta’kidlagan edi.Ushbu hududlar Yaponiya nazoratiga o‘tdi va navbatdagi uch hudud — Suiyuan, Shansi va Shantung (Shandong) xavf ostida qoldi. Natsionalistlar lideri Chan Kayshi ochiq muxolifot taklif qilmadi, aksincha, Xitoy kommunistik kuchlariga qarshi kampaniyani davom ettirishni afzal ko‘rdi.
Ammo lider 1936-yilga kelib unga qarshi yo‘naltirilgan kuchlar sababli Yaponiyaga qarshi kurashda tuzilgan Birlashgan frontga qo‘shilishga majbur bo‘ldi. Yaponiya va Xitoyning birinchi to‘qnashuvi Marko Polo ko‘prigida bo‘lib o‘tdi. Yaponlar ularning xohishlariga bo‘ysunmagani uchun Chan va natsionalist hukumat a’zolarini yo‘q qilish kerak degan fikrga keldi.
Yaponiyaning dastlabki zafarlari yurishlari
1937-yil iyul oyida Xitoyning mintaqaviy armiyalari va siyosiy guruhlari Natsionalist partiyasini va Chan Kayshini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga harakat qildi. Harbiy nuqtayi nazardan Yaponiya Xitoyga qaraganda ancha yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edi va uning armiyalari tezda dastlabki muvaffaqiyatlarga erishdi. Ikki yil ichida Yaponiya portlarning ko‘p qismiga, shuningdek, g‘arbdagi Hankou shahriga va temiryo‘llarning katta qismiga egalik qildi.
Peiping (Pekin) va Tientsin (Tianjin) 1937-yil iyulda ishg‘ol qilindi. Shiddatli janglardan so‘ng, 1937-yil noyabr o‘rtalarida Xitoy qo‘shinlari Shanxay hududidan ham haydab chiqarildi. Natsionalistlar poytaxti Nankin shahri shu yilning dekabrida qulatildi va bu shaharning aholisining qirib tashlanishi “Nankin qirg‘ini” nomi ostida tarixda qoldi. Ushbu nom bejizga berilmagan edi: 300 mingga yaqin aholi va qo‘shinlar o‘ldirildi. Poytaxt g‘arbdan Xankovga ko‘chirildi.
Nankin qirg‘ini yodgorligi. Nankin, Jiangsu viloyati, Xitoy.
Foto: Google Photos
1938-yil oktabr oyida yaponlar bu shaharni kuzatib, egallab oldi. Bu oyning o‘zida xitoyliklar Kanton (Guanchjou)ni yo‘qotdi. Yaponlar Shansi va Ichki Mo‘g‘ulistonga temiryo‘l liniyalari bo‘ylab Peipingdan shimolga va g‘arbga bostirib bordi. Ushbu yurishda ular bir nechta temiryo‘l liniyalarini va Yantszi vodiysining pastki qismini egallab oldi. Ular daryoga chiqish yo‘llarini to‘liq o‘z nazoratiga olgan edi. Havo kuchlari ustun bo‘lgan yapon qo‘shinlari ko‘p yillar oldin Xitoy havo kuchlarini yo‘q qilib, xohlagan shaharlarini bombardimon qilgan.
Yo‘qotishlar juda katta edi, ayniqsa, Xitoyda. Shunga qaramay, xitoyliklar taslim bo‘lmadi, urush yaponlar o‘ylaganidan ko‘ra ko‘proq davom etdi. Xitoy rahbariyatining ko‘p qismi uzoq g‘arb — Sichuan va Yunnanga ko‘chib o‘tdi. Ishg‘ol qilinmagan hududlar hali ko‘p qarshilik ko‘rsatishga tayyor edi. Ishg‘ol qilingan hududlarda yaponlar xitoyliklarni hukumatdagi lavozimlarda ishlashga majbur qila olmadi.
Kommunistlar Yaponiyaga qarshi turish uchun gorilla usulidan samarali foydalangan. Yaponiyaning jadal rivojlanishi o‘rnatilgan siyosiy-harbiy nazorat shakllarini buzdi. Kommunistik qo‘shinlar va tashkilotchilar yapon liniyalari ortidagi yayovdagi qishloqlarga ko‘chib o‘tdi. U yerda ular qishloqni himoya qilish maqsadida mahalliy hokimiyat yaratib, o‘zlarining armiyasini kengaytirdi.
Foto: Google Photos
Ittifoqchilar ta’siri va Yaponiyaning taslim bo‘lishi
Urushning so‘nggi bosqichida, 1944-yil boshidan 1945-yil avgustgacha Xitoyga tashqi tomondan, asosan AQShdan ba’zi yordamlar kela boshladi. Urush materiallari Hindistondan olib kelindi va xitoylik uchuvchi va mexaniklarning mahorati oshirildi. Yaponiyaning qal’alari AQSh va Xitoy samolyotlari tomonidan bombardimon qilindi. AQSh Burma qulashidan keyin Hindistondan boshpana topgan Xitoy kuchlarini o‘sha yerning o‘zida tayyorlash va jihozlash bilan shug‘ullandi. Urushning kulminatsion nuqtasi Xitoydan uzoqda kechdi, shuning uchun ham uning armiyasi so‘nggi nuqtada muhim rol o‘ynashga ojiz edi.
Natsionalist hukumat yetti yillik urush va inflyatsiya tufayli jiddiy zarbaga uchradi, Mao Szedun davrida kommunistlarning kuchi o‘sdi. Yaponiya Tinch okeanidagi orollarda jang qilish uchun bo‘linmalarni olib chiqqach, kommunistik qo‘shinlar ko‘proq “ozod qilingan hududlar”ga ko‘chib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. AQSh hukumatiga Xitoyning ichki inqirozi ta’sir qildi, chunki aynan Qo‘shma Shtatlar natsionalist hukumat uchun asosiy tashqi yordamni ko‘rsatgan edi.
Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, Xitoy urushdan keyin Sharqiy Osiyoda barqarorlikni saqlovchi sifatida o‘z o‘rnini egallashini xohlagan edi. Xitoydagi AQSh vakillari turli yo‘llar bilan Kuomintang va kommunistlarni yarashtirishga harakat qildi. Ammo natsionalist va kommunistlar o‘rtasida adovat tiklanishi muqarrar edi. 1945-yilda Yaponiya taslim bo‘lgach, 2-sentabrda Birlashgan front ham tarqalib ketdi.
Mirjalol Qosimov tayyorladi.