Andijon shahrida Damas hamda Spark avtomashinalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oqibatda Damas avtomashinasining haydovchisi – IIB xodimi kaltaklanib, tan jarohati yetkazildi. Holat yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Kadr: Videodan skrinshot
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan fuqarolar X.B. va X.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “i” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, 2020-yilning 24-sentabr kuni Andijon shahar IIO FMB 1-sonli IIB tergov bo‘linmasi tergovchisi S.G‘. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Damas rusumli avtomashinaning boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi Spark rusumli avtomashina bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.
Shundan so‘ng, Spark rusumli avtomashina haydovchisi X.B. hamda uning yonida bo‘lgan X.E. xodim S.G‘. bilan janjallashib, unga tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan voqea ishtirokchilariga yetkazilgan tan jarohatlari, xususiyatlari va og‘irlik darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha X.B. va X.E. sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.