Donald Trampning koronavirusga chalingani sababli dunyo fond bozorlarida beqarorliklar yuzaga kelishi mumkin

AQSh prezidenti Donald Trampning COVID-19 bilan kasallangani haqidagi xabar dunyo fond bozorlarida tebranishlarni yuzaga keltirishi mumkin, deb yozmoqda CNBC  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto Yahoo Finance

Financial Times’ning qo‘shimcha qilishicha, Tramp o‘zining kasallanganligi haqida xabar berganidan keyin AQShning S&P 500 birjasi indeksi 0,4 foizga pasaygan, Nasdaq Composite’da esa Apple, Tesla va Microsoft aksiyalarining pasayishi sababli 1,5 foizlik tushish kuzatilgan.

Talabning tiklanishi borasidagi xavotirlar sababli pasaygan neft narxlari 2-oktabr kuni yanada tushgan. Shimoliy dengizning Brent nefti 2,8 foizga arzonlashib, bir barrelning narxi 39,78 dollarni tashkil qilgan.

AQSh bozoridagi ko‘rsatkichlardan tashqari, 2-oktabr kuni Avstraliya va Yaponiyadagi birja indekslarida ham pasayish kuzatilgan.

Thorpe Abbotts Capital kompaniyasi rahbari Jeff Xenriksenning aytishicha, Tramp haqidagi xabar “COVID-19’ni investorlar diqqat markaziga qaytaradi”, shuningdek, 2020-yilning noyabrida bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovi atrofidagi mavjud siyosiy noaniqliklarni kuchaytiradi.

Donald Tramp koronavirusga chalingani haqida 2-oktabr kuni ma’lum qildi. U saylovoldi tadbirlaridagi ishtirokini 10 kunga to‘xtatdi. Uning Jo Bayden bilan keyingi debati 15-oktabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak.