Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Kirill Altmanning “Alter Ego” loyihasiga bergan intervyusida soliq organlarini isloh qilish to‘g‘risida gapirdi, deya xabar bermoqda Spot  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Daryo”

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mitaning asosiy vazifasi tadbirkorlikning yordamchisiga aylanish. Bunda birinchi navbatda, biznesiga yordam berish, ishlashni osonlashtirish va ko‘proq pul ishlashni ta’minlash yotadi. Bundan keyingi vazifa esa soliq undirish hisoblanadi.

“Biz soliq to‘lovchilarga nisbatan juda adolatli va ziyrak bo‘lishimiz kerak, ammo shu bilan birga belgilangan makroiqtisodiy parametrlarga rioya qilishimiz kerak”, – dedi Sherzod Qudbiyev.

Shuningdek, u tuman soliq inspeksiyasining ayrim xodimlari tadbirkorlardan oldindan soliq undirishi yuzasidan munosabat bildirdi.

“Bu mutlaqo noto‘g‘ri ish. Bu noprofessionallikdan kelib chiqadi va bu narsa qattiq jazolanadi”, – dedi qo‘mita raisi.

Qudbiyev soliqlarni oldindan to‘lash so‘ralgan holatlar mavjudligini tan oldi, ammo bu hamma tumanlarda ham mavjud emasligini, ayniqsa, bu “yuqoridan” kelgan buyruq emasligini ta’kidladi.

“Bu holat jazolanadi va bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Afsuski, bularning barchasi xodimlarda kasbiy mahoratning yetishmasligidan kelib chiqadi. Ularni aytganini qilish kerak emas. Umuman olganda, biz soliq idorasi soliq to‘lovchilar bilan mutlaqo aloqasiz, hatto telefon qo‘ng‘iroqlarisiz ishlashini ta’minlamoqchimiz”, – dedi Sherzod Qudbiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda boshlangan soliq ma’muriyati islohoti soliq to‘lovchilarga to‘g‘ri xizmat ko‘rsatishga qaratilgan. Bundan tashqari, bu juda dolzarb muammo bo‘lganligi sababli, tez orada kanal ochilishi mumkin. Kanal orqali yuqorida qayd etilgan holat aniqlansa chora ko‘rishi uchun qo‘mita rahbariyatiga xabar berish mumkin bo‘ladi.

От qwert.uz