Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva uy qamog‘iga o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Bosh prokuratura tomonidan ma’lum qilinishicha, 2020-yil 10-avgust kuni fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va COVID-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 1-avgust kuni Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy kasalliklar dispanseriga o‘tkazilganligini bildirgan. F.Rustamov 2-avgust kuni sog‘lig‘i yomonlashib, vafot etgan. Shu sababli uning qarindoshi aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘lishiga sabab bo‘lgan kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik holati og‘irligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan, yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori ushbu bemorni og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilishiga yo‘l qo‘ygan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor COVID-19 kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 100 million so‘mdan ortiq budjet mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilinganligi aniqlangan.

Qayd etib o‘tish joizki, Bosh prokuratura tomonidan mazkur ish bo‘yicha 10-sentabr kuni berilgan xabarda Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 250,8 million so‘m budjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi ma’lum qilingandi.

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva bir necha marotaba tergovga chaqirilganligiga qaramasdan, uzrli sabablarsiz ko‘rsatilgan muddatlarda kelmagan.

Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligining mutaxassislari tomonidan 2020-yilning 28, 29-avgust hamda 3, 4 va 8-sentabr kunlari o‘rganish uchun shifoxonaga kirmoqchi bo‘lganida yuqumli kasalliklar shifoxonasi ishchilari Guljahon Yo‘ldoshevaning telefonda bergan topshirig‘iga asosan mutaxassislarni shifoxona hududiga kiritmasdan, o‘rganishga to‘sqinlik qilgan. Bu haqda dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.

2020-yil 8-sentabr kuni shifoxona bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 207-moddasi 3-qismi “a” (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.

“Ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9-sentabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, — deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.

Ta’kidlanishicha, jinoyat ishi bo‘yicha Guljahon Yo‘ldoshevaning konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta’minlanib, u himoyachi bilan ta’minlangan, unga nisbatan olib borilayotgan barcha tergov harakatlari bevosita himoyachisi ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan 2020-yil 9-sentabr kuni Chirchiq shahar xalq ta’limi bo‘limiga Guljahon Yo‘ldoshevaning qaramog‘idagi olti nafar voyaga yetmagan farzandini ijtimoiy himoya qilish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.

“Mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqilib, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva ayol ekanligi, shuningdek, olti nafar voyaga yetmagan farzandning onasi ekanligi inobatga olinib, Bosh prokurorning tashabbusi bilan unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini uy qamog‘i ehtiyot chorasiga o‘zgartirish yuzasidan Chirchiq shahar prokurori tomonidan sudga tegishli iltimosnoma yuborildi va sud tomonidan prokuror iltimosnomasi qanoatlantirildi”, — deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, ehtiyot chorasi o‘zgartirilgani Guljahon Yo‘ldoshevadan barcha ayblovlar olib tashlandi, degani emas.

Ma’lum qilinishicha, hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Natijasi bo‘yicha tegishli ayblov xulosasi bilan jinoyat ishi sud muhokamasiga yuboriladi hamda mazkur jinoyat ishi yuzasidan yakuniy qaror sud tomonidan belgilanadi. Jinoyatga jazo muqarrarligi tamoyili to‘liq ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 2-oktabr kuni Guljahon Yo‘ldoshevaga qo‘llanilgan ehtiyot chorasiga munosabat bildirib, uning ayol kishi ekanligi va kichkina bolasi borligini e’tiborga olib, hozircha qamoqqa olmaslik mumkinligini aytgandi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Guljahon Yo‘ldosheva bilan 3-oktabr kuni Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasida suhbat tashkil etilgani, vazirlik Guljahon Yo‘ldoshevaning qamoqqa olinganidan tashvishdaligini bildirgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi — Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva 5-oktabr kuni viloyat bosh infeksionisti bilan bog‘liq ishni kuzatib borayotganini ma’lum qildi hamda prokuraturadan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘rab chiqdi.

Bosh prokuratura 6-oktabr kuni Guljahon Yo‘ldoshevaga qo‘llanilgan hibsga olish to‘g‘risidagi ehtiyot chorasini uy qamog‘iga o‘zgartirish masalasi Chirchiq prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa Bosh prokuratura mazkur ish bo‘yicha qamoqqa olish ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirilishi kutilayotganini ma’lum qilib bo‘lganidan keyin prokuratura idoralaridan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan boshqa ehtiyot chorasini tanlash masalasini ko‘rib chiqishni so‘radi.

От qwert.uz