Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 6-oktabr kuni agentlikda tashkil etilgan matbuot anjumanida davlat idora va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi joriy etiladigan komplayens-nazorat tizimining javobgarlik va jazolash choralariga to‘xtalib o‘tdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Idoralar o‘zida “komplayens-nazorat” tizimini joriy etganidan so‘ng qo‘lida ISO 37001 xalqaro standart sertifikati bo‘lishi kerak. Masalan, komplayens-nazorat tizimi joriy etilsa, Olmaliq hokimi o‘g‘lining xatti-harakati uchun javob beradigan bo‘lsa, kamida o‘sha hokim iste’fo beradigan bo‘ladi. Bu javobgarlik chorasi. Ikkinchi masala, avtomatik ravishda mana shu qoidalar belgilanadigan tizim yuritiladi. Javobgarlikni kuchaytirish, jazolash – bu aysbergning eng tepasi. Eng pastida biz muammo nimadan kelib chiqayotganini kompleks ko‘rishimiz kerak. Hozirgacha korrupsiya faqat huquqni muhofaza qilish idoralarida, deb bilardik, ichki nazorat faqat ularda edi. Keyingi yildan nafaqat korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan idoralar, balki barcha vazirlik-idoralarda komplayens-nazorat joriy etish, kerak bo‘lsa, alohida tuzilma tashkil qilish masalasi turibdi.
Akmal Burhonov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori
Ma’lumot uchun, komplayens-nazorat tizimi davlat boshqaruv organlarida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash va oldini olish hamda ularga chek qo‘yish maqsadida tashkil etiladigan ichki nazorat tizimi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda korrupsiyaga qarshi kurash choralaridan biri sifatida Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda vazirlik, kompaniya va hokimliklarda ichki korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi komplayens-nazorat tizimini joriy etish vazifasi qo‘yilgan.
Shu kungacha Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan korrupsiya xavfi eng yuqori bo‘lgan 26 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, banklar, “O‘zbekneftgaz”, gaz bilan bog‘liq idoralar, Qurilish vazirligi, ta’lim sohasidagi muassasalarda korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat tizimini joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, taqdim etilgani aytildi.
Eslatib o‘tamiz, komplayens tizimini joriy etish ishlari ilk marta 2019-yilning noyabrida Bosh prokuratura tomonidan “O‘zbekneftgaz” va “O‘zkimyosanoat” kompaniyalarida boshlangan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ishlab chiqqan hukumat qarori loyihasida esa 2021-yil 1-yanvardan boshlab tajriba (sinov) tariqasida davlat ishtirokidagi ayrim korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish majburiy hisoblanishi belgilangan edi. Keyinroq 2020-yil 1-oktabrga qadar neft-gaz tarmog‘idagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgan.