Taniqli turk aktyori Nejati Shashmaz 12 yilga qamalishi mumkin. Bu haqda turk ommaviy axborot vositalari xabar berdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Takvim
Qayd etilishicha, aktyorni sobiq rafiqasi Nagehan Shashmaz sudga bergan. Nagehan sobiq erini noqonuniy ravishda uning telefon suhbatlarini tinglaganlik hamda Whatsapp messenjeridagi yozishmalarini o‘qiganlikda ayblamoqda. Nejati ushbu faktlarni ajrashish uchun sabab sifatida sudga taqdim etgan. Istanbul shahri prokuraturasi shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha tergov boshlagan. Tergov natijalari yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi.
Foto: Takvim
Ma’lumot uchun, Nejati Shashmaz Elyazig shahrida voyaga yetib, shu shaharda tahsil olgan. Turkiya va Kanada universitetlarida turizm biznesi va mehmonxona menejmentini o‘rgangan. 1997—2001-yillarda AQShda yashagan. 2001-yilda Turkiyaga qaytib aktyorlik karyerasini boshlagan. 2003—2005-yillarda efirga uzatilgan “Qashqirlar makoni” serialidagi Po‘lat Alamdar obrazi unga mashhurlik olib kelgan.
49 yoshli Nejati Shashmaz 28 yoshli Nagehanga 2012-yilda uylangan. Ularning 7 va uch yoshli ikki o‘g‘il farzandi bor. Juftlik 2019-yilda ajrashgan.