“Qachongacha budjet mablag‘lari, xalq rizqi talon-toroj qilinadi?” – Tanzila Norboyeva Qumqo‘rg‘onda qulab tushgan ko‘prik haqida

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 6-oktabr kuni Toshkent viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan Senat kengashining sayyor majlisi Qumqo‘rg‘onda 6,5 milliard so‘mga qurilgan, biroq oradan ko‘p o‘tmay qulab tushgan ko‘prik masalasiga to‘xtalgan. U mazkur hodisani budjet mablag‘lari, xalq rizqini talon-toroj qilish deb atagan. Bu haqda “Kun.uz” xabar qilmoqda — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Oliy Majlis Senati

“Mamlakatimizda qurilish sohasini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish bo‘yicha respublika komissiyasining qarori bor. Tizimda-ochiqlik, shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rila boshlandi – mana endi qadam qo‘yyapmiz. Bu kamchilik-xatolar endi kechirilmaydi.

Bu kabi muammolar qurilish sifatini tushib ketishiga ham olib kelmoqda. Mana yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani «Ko‘ganli» mahallasida 2017-yilda 6.5 milliard so‘mga qurilgan ko‘prik, 2 yil o‘tmasdan vayron bo‘lganini hammamiz bildik.

Shuningdek, aholi o‘sha hududdagi yo‘l qurilishi sifatidan ham norozi. Bu loyihaga ham 5,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan ekan. Bunday holatlarni yana ko‘plab hududlarda kuzatish mumkin”, – deydi Norboyeva.

Senat raisi mamlakat miqyosida qilinayotgan qurilishlarning nazorati sustligi, qurilayotgan inshootlarning sifati bo‘yicha aholi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e’tirozlar bayon etilayotgani, biroq mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan ularga o‘z vaqtida munosabat bildirilmayotganini tanqid qilgan.

“Nima sababdan qurilish sohasida ko‘plab qonunbuzilish holatlari sodir bo‘lsa ham ularning sabablari, ularga yaratilayotgan “sharoitlar” chuqur o‘rganilmayapti. Qachongacha budjet mablag‘lari, xalq rizqi talon-toroj qilinadi?!

Faqat qurib-qurib ketaverish emas, uni tekshirish ham, nazorat qilish ham kerak. Odamlarda e’tiroz, savollar ko‘p. Lekin tegishli idoralar tomonidan munosabat bildirilishi mutlaqo qoniqarsiz ahvolda. Agar aybdor bo‘lsa, “aybdormiz, shuni yaxshi ishlamagan edik, tegishli chora ko‘ramiz” degan gapni aytish ham mardlik. Qachon odamlar bilan gaplashishni o‘rganamiz. Faqatgina vazirlik hokimlik bilan, hokimlik vazirlik bilan gaplashish bilan ish bitadi. Biz odamlar uchun ishlayapmiz-ku, odamlarning savollariga javob berish uchun ishlayapmiz”, – deya ta’kidlagan Senat raisi.

Foto: “Daryo”

Majlisda masofadan turib qatnashgan qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov Qumqo‘rg‘ondagi ko‘prik sifatiga vazirlik javob berolmasligini, chunki u avtoyo‘l tizimidagi inspeksiya ro‘yxatidan o‘tganini ma’lum qildi.

“Chindan ham Toshkent viloyati bo‘yicha qurilish sohasida juda ko‘p qoloqliklarga yo‘l qo‘yilgan. Masalan, bu yilgi qurilish dasturiga 180 ta obyekt kiritilgan bo‘lsa, bugungi kun holatiga bor yo‘g‘i 11 ta obyekt qabul qilingan. Iyun oyi bilan bugunni taqqoslaydigan bo‘lsak, mingga yaqin obyektga nazorat chora-tadbiri ko‘rildi.

Bu yil qurilish sohasida nazorat bo‘yicha hukumatning 3 ta qarori chiqdi. Toshkent viloyatida qurilish tizimi shu yilning oxirigacha shaffoflik tizimiga to‘liq o‘tkaziladi. 1-yanvardan boshlab qurilish sohasidagi nazorat ochiq tizimga o‘tkaziladi.

Qumqo‘rg‘ondagi ko‘prik avtoyo‘l tizimidagi inspeksiya ro‘yxatidan o‘tgan ekan, bizdan o‘tgan emas. Lekin, albatta, biz ham bu ish bo‘yicha e’tiroz bildiramiz”, – deb aytgan vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida 6,5 milliard so‘mga qurilgan ko‘prik 1 yil-u 7 oy xizmat ko‘rsatgach yaroqsiz holga kelgandi. Bu holat bo‘yicha Bosh Prokuratura o‘rganish olib borishini bildirgan va qurilishda qo‘shib yozish holatlari aniqlanmaganini ma’lum qilgan.

Biroq viloyat prokuraturasining izoh berishicha, pudratchi va buyurtmachi o‘rtasida imzolangan 2014-yil 21-apreldagi shartnomada ko‘prik qurilishini zimmasiga olgan pudratchining majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, pudratchi majburiyatlarini to‘liq bajarmagan. Bu viloyat prokuraturasiga ma’lum bo‘lgan. Lekin koronavirus pandemiyasi sabab prokuratura tergov-surishtiruv jarayonlarini olib borolmagan.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, 6,5 milliard so‘mga qurilgan ko‘prik 9,6 milliard so‘mga ta’mirlanadigan bo‘ldi.