O‘zbekistonda yuk mashinalari va avtobuslarning oynalarini “tonirovka” qilishga ruxsat berildi

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-oktabrdagi 635-son qaroriga muvofiq, oynalarining tusini qoraytirishga ruxsat berilgan avtotransport vositalari ro‘yxati kengaytirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Jumladan, N1 va N2 toifaga oid yuk tashuvchi avtotransport vositalari uchun ham orqa yon (yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan) hamda old yon (yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 50 foizdan kam bo‘lmagan) oynalarining tusini qoraytirishga ruxsat berildi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Ma’lumot uchun, N1 va N2 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan transport vositalari bo‘lib, birinchisi eng katta vazni 3,5 tonnagacha hamda ikkinchisi 12 tonnagacha bo‘lgan avtotransport vositalari hisoblanadi.

Shu paytga qadar faqat yengil avtomobillarga oynasining tusini qoraytirishga ruxsat etilgan edi.

Shuningdek, avval avtobus, mikroavtobus va minivenlarga faqatgina turistik yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirsagina, oynalarini qoraytirishga ruxsat berilgan edi. Hukumat qaroriga ko‘ra, qanday faoliyatni amalga oshirishidan qat’i nazar, M2, M3 toifaga oid III klass avtotransport vositalarining barchasiga yon oynalarining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 50 foizdan kam bo‘lmagan darajada qoraytirishga ruxsat berildi.

Ma’lumot uchun, III klass M2 toifasi — faqat o‘tirib ketish uchun mo‘ljallangan, yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq va eng katta vazni 5 tonnagacha bo‘lgan avtotransport vositalari bo‘lsa, M3 toifasi xuddi shu toifadagi eng katta vazni 5 tonnadan ko‘p bo‘lgan avtotransport vositalari hisoblandi.

Avvalroq O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun avtomobilning orqa yon oynasini “tonirovka” qilish narxi arzonlashtirilgani haqida xabar berilgandi.