Ijtimoiy tarmoqlarda “Yana bir to‘y trendi – mashina yo‘lini to‘sib, raqsga tushish…”, “Karantin payti 30 kishidan ham orttirib to‘y qilish u yoqda tursin, serqatnov mashinalar katta yo‘lini to‘sib qo‘yib, yo‘lni o‘rtasida raqs tushishyapti. Tirbandlik yuzaga keldi” nomli videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB munosabat bildirdi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Kadr: Videodan skrinshot

Qayd etilishicha, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan zudlik bilan tezkor-profilaktik tekshiruv ishlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, Samarqand shahrining “Bog‘i baland” MFYda yashovchi, 1980-yilda tug‘ilgan D. 2020-yilning 7-oktabr kuni yashash manzilida qizining nikoh to‘yi marosimini uyushtirgan.

To‘y marosimi karantin qoidalariga zid ravishda amalga oshirilib, kuyov navkarlar Samarqand shahar Afrosiyob ko‘chasi avtomobil yo‘lini to‘sib, transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan.

To‘y sohiblariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 1-qismiga ko‘ra ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Foto: Samarqand viloyati IIB

Hozirda ushbu holatdagi barcha huquqbuzarlarni aniqlab, qonuniy chora ko‘rishlik maqsadida, tezkor-profilaktik tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Barcha huquqbuzarlarning shaxsi aniqlanib, qonunda belgilangan qat’iy choralar ko‘rilishi ma’lum qilingan.

От qwert.uz