O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident tomonidan ta’kidlanishicha, ilm-fan yutuqlarini yuqori qo‘shilgan qiymat mahsulotiga aylantirish eng asosiy vazifa hisoblanadi. Dunyo tajribasiga ko‘ra, mahsulotlarning brend qiymati ayrim mintaqalarning yalpi ichki mahsulotidan bir necha marta baland turadi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p sohalarda bo‘lgani kabi ilm sohasida ham kooperatsiyani yo‘lga qo‘yib, O‘zbekiston brendini yaratish mumkin. Har bir davlat idorasi intellektual mulk bo‘yicha o‘z hisobotini beradigan institutsional tizimni yaratish kerak.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev 2020-yil yakuniga qadar ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlarining “elektron yarmarkasini” tashkil etib, patent egalarini tadbirkorlar bilan bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, bir oy muddatda intellektual mulk sohasini tubdan yaxshilash va uni barcha sohalarga olib kirishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berildi. Tarmoqlar, hududlar, ilmiy tashkilotlar, oliygohlar bo‘yicha eng kamida uch yillik dastur ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, davlat rahbari intellektual mulk egalarining xarajatlarini qoplash, patent egalariga imtiyozlar berish tizimini joriy etish kerakligi aytdi. 2020-yil oxirigacha kamida 100 ta, 2021-yilda 500 ta mahalliy brendni xalqaro ro‘yxatga olishni tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

“Nima uchun men buni qilyapman? Bozor topish uchun qilyapman. Bozor iqtisodiyoti deb gapiryapmiz. Bu (brend) bo‘lmasa, birorta investor kelmaydi O‘zbekistonga. Ikkinchidan, mahsulot brend bo‘lmasa, bozor topa olmaydi. Bu yerda ham kurash, shu kurashga munosib harakat qilishimiz kerak. Agar intellektual mulk masalasini davlat siyosati darajasiga ko‘tarmasak, O‘zbekiston 10 yildan keyin ham raqobatdosh bo‘lmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

От qwert.uz