Toshkent viloyatining Olmaliq shahri hokimi Usmon Rahimov o‘g‘li bilan bog‘liq mojaroli xabarlar ortidan ishdan ketdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Olmaliq hayoti”

Qayd etilishicha, Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi.

Sessiyada kun tartibidagi masala bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov ma’ruza qilgan. Viloyat hokimi o‘z so‘zida Olmaliq shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga to‘xtalgan, shuningdek, rahbar odam o‘z shaxsiy hayotiga ham e’tiborli bo‘lishi, oilasiga vaqt ajratishi, farzandlar tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishi lozimligi xususida so‘z yuritgan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

“Bugungi kunda muhtaram yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda ochiqlik siyosati joriy etilgan. Hammamiz jamoatchilikning qat’iy nazoratidamiz. Shuningdek, ishlayman degan odamga barcha sharoit yaratib berilgan. Mashina, yaxshigina oylik maosh beriladi.

Xabaringiz bor, yaqinda Olmaliq shahri hokimi bilan bog‘liq holat internetda tarqaldi. Zamon tezkor. Har qanday voqelik tez tarqalyapti. Agar u yomon, noxush bo‘lsa, eshitib, ich-ichingdan ezilasan kishi…

Yaxshi bilasizlarki, yurtimizda kambag‘allikka qarshi kurash boshlandi. Yurtboshimiz BMT bosh minbaridan turib, kambag‘allikka qarshi kurash tashabbusini ilgari surdilar. Shunday paytda bu voqea bo‘lib tursa, rahbarning oilasida shunday muhit bo‘lsa, mutlaqo tushunarsiz holatdir.

Shahar hokimi qanday inson bo‘lishi kerak? Rahbarga ko‘p narsa bog‘liqligini hayot haqiqati tasdiqlaydi. Hokim — shu hududning otasi.

Men Usmon Rahimovning hokimlik faoliyati mutlaqo qoniqarsiz, u ishlamadi, demoqchi emasman. Bu o‘rinda gap rahbarning har jihatdan el-yurtga o‘rnak bo‘la olishi haqida ketyapti. Binobarin, muhtaram yurtboshimiz, donishmand xalqimiz rahbarning, uning oilasining kamtarlik fazilatiga qarab baho beradi”, – degan viloyat hokimi.

Rustam Xolmatov Olmaliq shahar hokimi lavozimiga Qobil Hamdamov nomzodini tavsiya etdi. Yig‘ilish ishtirokchilari ushbu nomzodni qo‘llab-quvvatlagan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Qobil Hamdamov mazkur lavozimga tayinlangunga qadar Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan.

Usmon Rahimov 2019-yil avgust oyidan buyon Olmaliq shahri hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, Usmon Rahimov o‘g‘li Dilshod Ismoilovning Toshkent ko‘chalarida soatiga 150 kilometr tezlikda mashina haydagani videosi tarqaldi va holat yuzasidan sobiq hokim izoh berdi. So‘ngra hokimning o‘g‘li bu qoidabuzarligi uchun jarima to‘ladi.

Shu bilan birga, Dilshod Ismoilovning o‘rtoqlari bilan 56 yoshli erkak va uning o‘g‘lini kaltaklagani ma’lum bo‘ldi. Bosh Prokuratura ushbu holat yuzasidan avval to‘xtatilgan tergov harakati tiklanganini xabar qildi.

От qwert.uz