Surxondaryo viloyati Termiz shahrida ikki yoshli o‘g‘lini 50 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan 28 yoshli erkak qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Foto: “Daryo”
Xabar berilishicha, Surxondaryo viloyati Boysun tumanida yashaydigan Zulayho Shodiyeva (ism-shariflar o‘zgartirilgan) viloyat ichki ishlar boshqarmasiga murojaat etib, Denov tumanida yashovchi 28 yoshdagi Po‘lat Choriyev ikki yoshdagi farzandini 50 million so‘mga sotmoqchi ekanini ma’lum qilgan — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Mazkur holat yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari o‘tkazgan tadbir chog‘ida Termiz shahridagi “Malika” restoranida Po‘lat Choriyev voyaga yetmagan farzandini Zulayho Shodiyevaga 2500 dollar va 24 250 000 so‘mga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ayni paytda Po‘lat Choriyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi, 3-qismi “a” bandi (o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida 23-iyun kuni 2020-yilning may oyida tug‘ilgan chaqaloqni 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayollar qo‘lga olingandi. Navoiyda 23 kunlik chaqalog‘ini 3 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayolga jinoiy ish ochilgandi.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonda 13 yoshli farzandini 15 ming dollarga pullayotgan ayol qo‘lga olingani, Xorazmda 2 yoshli farzandini 7700 dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga tushgani hamda Navoiyda 3 oylik bolasini 3 xonali uyga almashtirayotgan ayol va uning otasi jinoyat ustida ushlangani haqida xabarlar berilgan edi.