Gooding & Company auksioni orqali noyob Lamborghini Countach LP400 Periscopica sotuvga qo‘yildi. Periskopli orqa oynaga ega superkar narxi 900 ming dollardan boshlanadi, deb xabar beradi Motor  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Gooding & Company

Lamborghini Countach LP400 1971-yili Jeneva avtosalonida taqdim etilgan. Qirrali model o‘zidan oldingi superkarlardan dizayni bilan ajralib turadi. Biroq noyob Lamborghini’ni yaratgan afsonaviy dizayner Marchello Gandini bu kabi shakl superkarlarning rivojlanish vektoriga aylanishini o‘n yillar oldin belgilab bergan.

Lamborghini Countach marka tarixida birinchi bor bo‘ylama joylashgan dvigatelga ega bo‘lgan. Shu sababli muhandislar haydovchi orqa tomonni ko‘ra olishini ta’minlaydigan kuzovni o‘ylab topgan. Mutaxassislar periskop uslubida yaratilgan noyob orqa oyna shaklini yaratgan. Shu sababli model Periscopica deyiladi.

Auksionga qo‘yilgan nusxa konveyrdan 1975-yilda chiqqan. Italiya markasi Countach Periscopica’dan jami 158 nusxa yaratgan. Superkar Blue Metallizatto rangiga bo‘yalgan bo‘lib, uni Saudiya Arabistonidan bo‘lgan kolleksioner sotib olgan. Oradan bir necha yil o‘tgach, model AQShga jo‘natilgan, keyinroq Yevropadagi hozirgi egasining qo‘liga kelib tushgan. Superkar 45 yil davomida qancha yo‘l bosgani noma’lum.

Lamborghini Countach Periscopica 370 ot kuchiga ega 3,9 litrli V12 atmosfera dvigateli yordamida harakatga keladi. Agregat besh pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi. Superkar soatiga 100 kilometr tezlikka besh soniyadan kamroq vaqt ichida erisha oladi. Maksimal tezligi — 316 km/soat.

Auksion 26—30-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilar noyob superkarni 900 mingdan 1,1 million dollar atrofida sotishni rejalashtirmoqda.

От qwert.uz