AQShda homilador ayolni o‘ldirishda va uning bolasini o‘g‘irlashda aybdor deb topilgan 52 yoshli Liza Montgomeri qatl etiladi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligiga tayanib, Meduza xabar qildi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: “Blockchainbeach.com”

Ma’lum qilinishicha, 2004-yilda Montgomeri kuchuk sotib olish bahonasida Missuri shtati fuqarosi Bobbi Jo Stinnett uyiga tashrif buyuradi. Uyga kirgan Montgomeri Stinnettni bo‘g‘ib o‘ldiradi va uning qornini kesib, bolasini o‘g‘irlab ketadi.

Montgomeri jinoyatda aybini tan oldi. Sudda jinoyatchining advokatlari unda gallyutsinatsiya va yolg‘on homiladorlik sindromi (psevdotsiez) borligini ta’kidladi.

Montgomeri 2007-yilda o‘limga olib kelgan odam o‘g‘irlash uchun o‘limga mahkum etilgan. Ayol Indiana shtati Terre-Xot shahridagi qamoqxonada maxsus inyeksiya yordamida qatl etiladi. Qatl 8-dekabrga rejalashtirilgan.

Montgomerining qilmishi federal darajadagi jinoyat hisoblanadi. Bunday jinoyatlar uchun jazo tayinlash mamlakat federal hokimiyati vakolatiga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, federal o‘lim jazosi AQShda 2020-yil iyul oyida 17 yillik tanaffusdan so‘ng qayta tiklandi. Reuters xabariga ko‘ra, Montgomeri 1953-yildan beri federal hukumat tomonidan qatl etilgan birinchi ayol bo‘ladi. Ayollarni shtatlar hokimiyati tomonidan qatl etish 1953-yildan keyin ham davom etgan.

Avvalroq AQSh federal hukumati ilk bor hindu millatiga mansub shaxsni qatl etgani xabar qilingandi.

От qwert.uz