2020-yilda pandemiya sabab Moskvadagi muhojirlar soni 40 foizga qisqarib ketdi. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyaninga tayanib, “Interfaks” xabar berdi. O‘z navbatida, bu mehnat bozori, xususan, shahar xizmatlariga ta’sir ko‘rsatgan  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: The open Asia

“Moskvada muhojirlar soni sezilarli darajada, 40 foizga kamayganiga bog‘liq muammo mavjud. Bu mehnat bozoriga va kommunal sohaga — vaqtinchalik egallangan lavozimlarga ta’sir ko‘rsatadi. Bu — qo‘l mehnati, belkurak, supurgi, lom. Moskvaliklarning aksariyati bu kabi ishda ishlashga tayyor emas”, — deydi Rossiya poytaxti meri.

Shu bilan birga, Sobyaninning ta’kidlashicha, qishki davrda ko‘chalarni tozalash bo‘yicha muammo yuzaga kelmaydi va ushbu masala mexanizatsiya hamda boshqa tumanlar aholisini jalb etgan holda bartaraf etiladi.

Avvalroq Rossiya mamlakatda nolegal bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga 15-dekabrgacha imtiyoz bergani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyadagi chet el fuqarolarining huquqiy maqomi to‘g‘risida butunlay yangi federal qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda va unga ko‘plab o‘zgarishlar kiritilgan. Xususan, Rossiyada 30 sutkadan ortiq vaqt davomida bo‘ladigan migrantlarga barmoq izlarini topshirish, suratga tushish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va ID-kartalar olish majburiyatini yuklash rejalashtirilmoqda.

От qwert.uz