Kemaga tushganning bir boʼlur joni,
Shu xaqda soʼzlaylik. quloq ber qani!

Kemamas, qayiqda — ikki qadrdon,
Oʼtirib, suzishdi, qirgʼoqqa tomon.

Daryo oʼrtasiga yetganda ular,
Qayiqda afsuski, teshik koʼrdilar.

Qirgʼoqqa yetishga xali ancha bor,
Ularga bu paytda kim keladi kor.

Odamlar uzoqda, boʼlmas chaqirib,
Chaqira olishmas, xatto baqirib.

Xech kimsa ularga berolmas yordam,
Suv esa qayiqqa toʼlardi bu dam.

Donoroq sherigi, dedi: -«Baribir,
Kemaga tushganning doim joni bir.

Bu mushkul axvoldan chiqamiz birga,
Аlbatta qadamni qoʼyamiz yerga!

Qayiqning suvini sochib tursang sen,
Soxilga xaydayman, eshkak eshib men,

Va shunda xatardan qutulish mumkin!».
Sherigi bu gapga koʼnmadi lekin:

-«Sen oʼzing boshlading, meni sayrga,»
Kelmoqchi emasdim, sen bilan birga,

Qayiq teshik boʼlsa, biror chora qil,
Oʼlsam javobgarsan, buni yaxshi bil!».

Doʼstining soʼzini olmay quloqqa,
Bir zumda suv toʼldi, butkul qayiqqa.

Dod-faryod, noladan chiqmadi foyda,
Suvga gʼarq boʼldilar, xuddi shu joyda!…

Donosi nodonning qoldi kasriga,
Birga gʼarq boʼlishdi, suvning qaʼriga.

Xamroxing gar nodon boʼlsa unutma,
Safaring bexatar boʼlishin kutma!

Shu sabab, sheriging boʼlsa nodon doʼst,
Ziyrak dushmaningni — tanlasang durust!…

Аbdulla Pulatov

  • Materiallar faqat shaxsiy maqsadlarda foydalanish uchun: Materiallardan tijorat maqsadlarida foydalanish, tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.
  • «Mualliflik xuquqi va turdosh xuquqlar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni: № 42 son, 20 iyun. 2006 yil.

© MUALLIF

От qwert.uz