30-oktabrda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida tabiiy gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Senat axborot xizmati

Yig‘ilishda “Hududgazta’minot” kompaniyasi tasarrufida respublika bo‘yicha jami 89172,1 kilometrlik gaz quvurlari mavjudligi, ushbu gaz quvurlarining 20 525,3 kilometr qismi 10 yilgacha, 25 729,2 kilometr qismi 10-25 yilgacha, 42 917,5 kilometr qismi esa 25-30 yillar va undan ortiq muddat foydalanib kelinayotgani ta’kidlandi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Tolibjon Madumarov kompaniya rahbariyatiga gaz quvurlari nima sababdan 25-30 yil davomida almashtirilmagani yuzasidan savol bilan murojaat qildi.

“30 yil davomida nima ish qildik? Gaz uchun to‘langan pullar qani? Qancha odam gaz uchun to‘lov qilmoqda, Majburiy ijro byurosi muddatida to‘lov qilmaganlardan pul undirilishini ta’minlamoqda, mashinalar musodara qilinyapti, qarzlar undirilyapti. O‘sha pullar qayerda?”, — degan senator.

Shuningdek, yig‘ilishda 766,4 kilometrli gaz quvurlari o‘z vaqtida almashtirilmaganligi sababli mukammal ta’mirtalab, ya’ni to‘liq yangilash holatiga kelib qolgani ma’lum qilingan. Ushbu quvurlarni zudlik bilan almashtirish choralari ko‘rilmagan taqdirda, tabiiy gaz isrofgarchiligi kundan kun ortib borishi, turli avariyalar va baxtsiz hodisalar sodir bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Qolaversa, “Hududgazta’minot” AJ tasarrufidagi 16 757,6 kilometrli yer osti po‘lat gaz quvurlarini elektro-kimyoviy himoya uchun faqatgina 1305 ta elektrkimyo himoyalash vositalari ishlatilayotgani, ushbu vositalarni loyiha asosida taxminan har 2-3 kilometrga ishlatilishi hisobga olinsa, yer osti po‘lat gaz quvurlarining bor yo‘g‘i 2610 kilometr qismi, ya’ni 16 foizi elektro-kimyoviy himoyalangan, deyiladi Senat axborot xizmatining xabarida.

“Eng achinarlisi, 25-30 yillik gaz quvurlarini almashtirish imkoni bo‘lmayotgan paytda foydalanuvga yaroqli bo‘lgan gaz quvurlarini asrash choralari ko‘rilmagan”, – deyilgan xabarda.

Shu bilan birga, bugungi kunda “Hududgazta’minot” AJ tasarrufidagi gaz rostlash punktlarining soni 80 334 tani tashkil etishi, ulardan 40 mingga yaqini 20-30 yildan ortiq muddat foydalanib kelinayotgani bildirilgan. Ushbu gaz rostlash punktlariga xizmat ko‘rsatuvchi chilangarlarning shtat jadvali qisqartirilishi natijasida gaz rostlash punktlariga o‘z vaqtida texnik xizmatlar ko‘rsatilmasligi tanqid qilindi.

Senat bergan ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanishdagi aksariyat magistral gaz quvurlarining texnik va ma’nan eskirganligi, ularning diagnostikasi va texnik soz holatda saqlash ishlarini lozim darajada olib borilmayotganligi natijasida avariya sodir bo‘lish ehtimoli juda yuqori bo‘lishiga qaramasdan, zaxira quvurlar bilan ta’minlash rejasi ham to‘liq bajarilmagan.

Tolibjon Madumarov gaz va elektr ta’minoti borasida muammolarni bartaraf etish choralari haqida aholini xabardor qilish lozimligini ta’kidlagan.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida uyini isitish uchun tezak yoqayotgan ayol bilan uchrashgani haqida gapirgan.

“Katta yoshli ayol: ‘Menga yaqinroq kelib, hidlab ko‘ring. Biz ayollardan go‘ng hidi keladi. Tezak yoqamiz. Istagan uyga kirib ko‘rishingiz mumkin’. Minglab odamlar bilan uchrashuvlar o‘tkazganmiz. Quvurlar bor. Avval gaz ta’minoti ham bo‘lgan, hozir yo‘q”, — degan senator “Mening yurtim” telekanalida efirga berilgan lavhada.

Senatorning aytishicha, hududlarda gaz yo‘qligi haqida parlament so‘roviga “Hududgazta’minot” tomonidan gaz ballonlarda suyultirilgan gaz yetkazib berish imkoni borligi haqida ma’lum qilinadi.

Shuningdek, senator 2020-yil yanvar – fevral oylarida O‘rta Chirchiq tumanidan har bir oilaga oyiga 20 kilogramm siqilgan gaz yetkazib berilishi kerak bo‘lgan. Ammo har bir oilaga 12,2 kilogramm gaz yetkazib berilgan.

“Hududgazta’minot” raisining birinchi o‘rinbosari Abdusamat Saidvaliyev kamchiliklarning bartaraf qilinishi haqida va’da bergan.

“Bugun bizni ham mamlakat resurslarini asrab-avaylash masalasi xavotirga solmoqda, biroq bu borada tegishli choralar ko‘ramiz. Har bir xonadon muammolarini o‘rganib, yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf eta olamiz deb o‘ylayman”, — degan u.

Avval Andijon va Samarqand viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik chog‘ida tarbiyachi ayollar tomonidan sifatsiz ko‘mirdan qo‘lbola briket (tappi) tayyorlayotgan jarayoni aks etgan fotosuratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamaga sabab bo‘lgan, Maktabgacha ta’lim vazirligi ko‘mirdan tappi tayyorlayotgan bog‘cha tarbiyachilari haqidagi xabarga munosabat bildirgandi.

Shuningdek, Toshkentdagi tadbirkorlar gaz ta’minoti organi xodimlaridan 1-noyabrdan boshlab gaz uzatilishi o‘chirib qo‘yilishi to‘g‘risida ogohlantirish olayotgani xabar qilingandi. Undan avval Toshkent va boshqa viloyatlarda avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalariga (AGQSh) gaz yetkazib berish jadvaliga vaqtincha cheklovlar kiritilishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘lgan.

Oktabr oyida Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi 2020-yildan buyon kamida iyun oxiriga qadar O‘zbekistondan tabiiy gaz sotib olmagani ma’lum bo‘lgan. Avvalroq boshqa bir kompaniya — “Lukoyl” O‘zbekistonda gaz qazib olishni qisqartirgandi. Ikkala holatga ham Xitoy tomonidan talabning kam bo‘layotgani sabab bo‘lgan. Shu sababli “Lukoyl” 5 milliard metr kub gazni O‘zbekistonning ichki bozoriga yo‘naltirgan.

От qwert.uz