Andijon va Samarqand viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik chog‘ida tarbiyachi ayollar tomonidan sifatsiz ko‘mirdan qo‘lbola briket (tappi) tayyorlayotgan jarayoni aks etgan fotosuratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamaga sabab bo‘lgandi. “Gazeta.uz”ning yozishicha, ushbu masalaga Maktabgacha ta’lim vazirligi oydinlik kiritdi  — deb bu haqda «Daryo» nashri  xabar beradi.    

Foto: Telegram / Davletovuz

“Ushbu holat Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi 30-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lgan. Ushbu muassasaga 11 tonna ko‘mir keltirilgan. Ana shu ko‘mirning 400−500 kilogrami maydalangan, sifatsiz ko‘mir shaklida bo‘lgan va shu sababli xodimlar tomonidan briket tayyorlangan. Maktabgacha ta’lim muassasasi direktori ko‘mirni uvol qilmaslik maqsadida muassasa xodimalari o‘z ixtiyorlari bilan qo‘lbola briketlarni yasagani ma’lum bo‘ldi”, — degan Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Shodiyor Mamatqulov “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, sifatli ko‘mir bilan ta’minlashdagi muammolar” mavzusida 31-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ma’lumot o‘rnida, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan “O‘zbekko‘mir” AJning Samarqand ko‘mir yetkazib beruvchi filialidan 964 million so‘mga 894 tonna ko‘mir hamda 1686 tonna ko‘mir briket xarid qilingan.

Andijon viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, joylarga chiqib o‘rganish jarayonida esa bunday holat qaysi tumanda va qaysi maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgani aniqlanmagan.

Andijon viloyatidagi maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 2020−2021-yil kuz-qish mavsumi uchun jami 19,989 tonna ko‘mir va briket mahsulotlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Shundan 5771 tonna ko‘mir hamda 14,718 tonna ko‘mir-briket yoqilg‘isi olish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar ushbu ko‘rsatkichning 74 foizi bajarilgan.

Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo, Buxoro, Andijon viloyatlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida sifatsiz ko‘mirni qaytarib berish holatlari va ular bo‘yicha dalolatnomalar tuzilgani haqida ma’lum qilindi. Dalolatnomalarga ko‘ra, “O‘zbekko‘mir” AJ bilan hamkorlikda sifatsiz ko‘mir sifatli ko‘mir mahsulotlariga almashtirib berilgan.

“Kun.uz”ning yozishicha, “O‘zbekko‘mir” AJ bosh geologi Erkin Jo‘rayev ko‘mirlar sifatli bo‘lsa, nega joylarga yetkazilganda sifati o‘zgarib qolayotganiga izoh bergan.

“Angren ko‘mir koniga tegishli bo‘lgan qo‘ng‘ir ko‘miri qattiqlik darajasi bo‘yicha 4-shkalada, bu judayam yumshoq. Ko‘mir sifatiga ta’sir qiluvchi omillardan birinchisi bu – quyosh hamda qor, yomg‘irning ta’siri va bugungi kunda ko‘mirni saqlash tartibi bo‘lyapti. Biz ko‘mir konidan yuklangan mahsulotni ko‘mir jamlanmasiga eltamiz, u yerdan laboratoriyadan o‘tkaziladi va shu tariqa har bir vagondagi mahsulotga sifat guvohnomasi beriladi. Sifat guvohnomasida ko‘mirning markasi, o‘lchami, namligi hamda kaloriyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim qilinadi. Hamda bizdan joylarga o‘sha marka, o‘sha sifatdagi ko‘mir chiqib ketadi.

Ko‘mirning sifati yaxshi. Sifatsiz deyilayotgan ko‘mir bu — maydalangan ko‘mir. Uni laboratoriyada tekshirsangiz, sifatli bo‘lib chiqadi. Ko‘mir iste’molchining qo‘liga yetib borgunicha bir necha bosqichdan o‘tgani bois maydalanib ketyapti va sifatsiz ko‘rinishga kelyapti.

“Aslida bizdan, ‘O‘zbekko‘mir’ AJdan, Angren ko‘mir konidan chiqayotgan ko‘mir mahsuloti GOST talablariga javob beryapti”, — degan u.

U masalaning yechimi haqida ham gapirgan. “Birdan-bir yo‘li — joylarga yetkazilgan ko‘mirdan sifatli briket ishlab chiqarilib, yetkazilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi”, — ded ta’kidlagan Erkin Jo‘rayev.

“O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori o‘rinbosari Erkin Yakubov esa sifatsiz ko‘mirlar uchun kim javobgarligiga aniqlik kiritdi.

“Ko‘mirni ombordan olgan paytda muassasa rahbarlariga mahsulotning sertifikati beriladi. O‘sha sertifikat bo‘yicha olish lozim. Agar sifatsiz bo‘lsa, olmaslik kerak. Chunki briketlar ishlab chiqarilgandan keyin uch-to‘rt kun quritilishi lozim.Agar briketni olib ketishni istamasa, biz boshqa ko‘mir bilan ta’minlaymiz. Bu bo‘yicha rahbariyatdan topshiriq olganmiz. Briketni kerakli me’yorgacha namligini pasaytirib, keyin berishimiz kerak. Olib ketadigan odam ham shundan keyin (briket quritilganidan keyin) olib ketishi kerak”, — degan u.

От qwert.uz