Meduza nashri AQShda prezident saylovi kuni qanday o‘tgani haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Foto: Reuters
Jo Bayden AQSh prezidenti saylovlarida yetakchilik qilmoqda, ammo yakuniy natijalarni chiqarish ko‘p vaqt olmoqda. Ko‘plab prognozlarga qaramasdan, demokratlardan nomzod ishonchli g‘alabaga erisha olmadi. Saylovoldi so‘rovlar Bayden o‘z raqibi Donald Trampdan taxminan 10 foizga oldinda ekanligini ko‘rsatgan. Oktabr o‘rtalarida, asosiy saylov kunidan uch hafta avval o‘tkazilgan so‘rovlardan biri esa 17 foizlik farqni ko‘rsatgan edi: 57 foiz Bayden uchun va 40 foiz Tramp uchun. Haqiqatda esa ovozlar deyarli teng taqsimlandi.
2016-yilgi saylovlarda so‘rovlar natijalari va ekspertlar hisob-kitoblari Trampning mag‘lubiyatini ko‘rsatgan edi, ammo yakunda u o‘zining demokratlardan raqibi Hillari Klinton ustidan g‘alaba qozondi.
Saylovlar g‘olibi ba’zi “ikkilanuvchi” shtatlarda ovozlar hisoblab chiqilganidan keyin aniqlanadi. Bular — Shimoliy Karolina, Jorjiya, Pensilvaniya (Bayden tug‘ilib-o‘sgan), Michigan va Viskonsin. Ushbu maqola yozilayotgan vaqtda Shimoliy Karolinada nomzodlar o‘rtasidagi farq 1 foizdan sal ko‘proq, Jorjiyada — qariyb 2, Viskonsinda — 4 foizga teng edi. Pensilvaniya va Michiganda Tramp taxminan 10 foizlik farq bilan yetakchilik qilmoqda, ammo u yerda hali ovozlarning uchdan bir qismi hisoblab chiqilmagan.
Saylovlarda g‘olib bo‘lish uchun nomzod saylovchilar kollegiyasining kamida 270 ta ovozini qo‘lga kiritishi kerak. Toshkent vaqti bilan 12:00 da CNN Bayden 220 ta, Tramp 213 ta ovozga ega ekanligini ma’lum qilgandi. The New York Times hisob-kitoblari bo‘yicha — 225 taga 213 ta, Fox News esa 238 taga 213 ta ovoz deb xabar bermoqda. Turli manbalar turlicha hisoblarni keltirmoqda, chunki ular nafaqat ovozlarni hisoblashning joriy natijalaridan foydalanadi, balki turli shtatlarda demokratlar yoki respublikachilar uchun an’anaviy ovoz berish, saylovoldi so‘rovlar yakunlari va o‘z ekspertlarining fikrlarini ham hisobga oladi.
Har ikkala nomzod ham saylovlarda g‘olib bo‘layotganini ma’lum qildi. Bayden Delaver shtati Uilmington shahrida o‘z tarafdorlari qarshisiga chiqib, “g‘alaba sari to‘g‘ri yo‘ldamiz” deb nutq so‘zladi va sabr qilib turishga chaqirdi. Demokratlardan nomzodning so‘zlariga ko‘ra, byulletenlar “son-sanoqsiz” bo‘lgani uchun saylovlar yakunini chiqarish odatdagidan ko‘proq vaqt olishi mumkin.
Donald Tramp zudlik bilan bunga munosabat bildirdi va Twitter’da “ular saylovlarda g‘alabani undan tortib olmoqchi bo‘layotgani, ammo bunga hech qachon yo‘l qo‘ymasligi”ni yozdi. Twitter bu xabarga “bahsli kontent va odamlarni chalg‘itishi mumkin” degan belgicha qo‘yib qo‘ydi. Trampning Facebook’dagi xuddi shunday xabariga esa ovoz berishning yakuniy natijalari dastlabki natijalardan farq qilishi mumkin, degan belgicha qo‘yildi.
Shundan so‘ng Tramp Oq uyda o‘z tarafdorlari qarshisida nutq so‘zladi. U saylovlar natijalarini favqulodda tengsiz deb atadi va “bir to‘da omadsizlar” undan g‘alabani tortib olishga urinayotganini takrorladi. Tramp “ikkilanuvchi” shtatlarda g‘olib bo‘layotganini ta’kidladi.
2020-yilgi saylovlarda muddatidan oldin ovoz berish bo‘yicha rekord o‘rnatildi. Amerikalik saylovchilarning deyarli yarmi — taxminan 239 milliondan 100 millioni pochta orqali ovoz berdi yoki uchastkalarga oldinroq keldi. Bu 2016-yilgi prezident saylovlarida kuzatilganidan ikki marta ko‘p demakdir. Muddatidan oldin ovoz berish ommalashishini koronavirus epidemiyasi bilan bog‘lashmoqda: ko‘pchilik amerikaliklar asosiy saylov kuni uchastkalarda olomon to‘planishidan xavfsiragan ko‘rinadi. Muddatidan oldin ovoz bergan amerikaliklarning ko‘pchiligi Demokratlar partiyasi tarafdorlari deb taxmin qilinmoqda.
Saylovlardan oldin Tramp pochta orqali ovoz berish amaliyotini tanqid qilgan edi. U qalbakilashtirishga imkon yaratishi va g‘olibni aniqlash jarayoni juda cho‘zilib ketishiga olib kelishi mumkin, degan edi u.