Namanganda 2020-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 127 mingdan oshiq fuqaro uzoq muddatga xorijga ketgani aniqlangan. Bu haqda viloyat IIB boshlig‘i Odil Otaxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev — deb bu haqda «Daryo» nashri xabar beradi.
Odil Otaxo‘jayev.
Foto: Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati
Uzoq muddat xorijda yurganlarni yashash manzillariga qaytarish va bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar natijasida ularning 60 ming nafardan oshig‘i uylariga qaytdi, 44 ming nafari ishga joylashtirildi.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida namanganlik 1,5 mingdan ortiq uzoq muddat chet ellarda yurgan fuqarolar umuman oilasiga pul jo‘natmayotganligi, 3000 nafardan ortig‘i esa atigi 50-60 AQSh dollari miqdorida pul jo‘natayotganligi aniqlangan. Ulardan 113 nafari oila a’zolari bilan umuman aloqaga chiqmayotgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirgi kunda Namanganda uzoq muddatga xorijga ketganlar 70 mingdan oshiq kishini (60 mingga yaqini erkak, 10 mingdan ko‘prog‘i ayol) tashkil etmoqda. Ulardan 36 ming nafari Rossiyaga, 22 ming nafari Qozog‘istonga, 1300 nafari boshqa chet davlatlariga ketgan. Aksariyati — 67 mingdan ortig‘i chet elga ishlash uchun chiqib ketgan.